KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: XALQ KONSTITUTSIYASI SARI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligiga

 

So‘nggi yillarda dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida Konstitutsiyamiz normalari yanada takomillashtirildi. O‘z navbatida, davlatimiz rahbari ilgari surgan  “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ni amalga oshirish asnosida izchil konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda. 

 

Konstitutsiyaviy islohot – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi taqozosi

 

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Sh.Mirziyoev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.

2021 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif ilgari surildi. Bu – konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishdir.

Prezident Sh.Mirziyoevning hududlardagi saylovchilar bilan viloyatlarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari jarayonida konstitutsiyaviy islohotga oid bir qator tashabbuslar ko‘tarildi.  Jumladan:

  • inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari;
  • mamlakatda millatlar va elatlararo totuvlikni kuchaytirish;
  • xususiy mulk muhofazasiga doir konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash;
  • yer va yerosti boyliklariga bo‘lgan huquq;
  • milliy demokratik institut – mahallaning o‘rni va maqomini oshirish;
  • kelajak avlodlargacha an’anaviy insoniy qadriyatlarni asrab-avaylagan holda yetkazish;
  • oila institutining ahamiyati;
  • yoshlar va gender siyosati;
  • innovatsion iqtisodiyot va “bilimlar iqtisodiyoti”ni rivojlantirish;
  • iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga investitsiyalar hajmini kengaytirishga taalluqli konstitutsiyaviy normalar kiritish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Eng muhimi – ushbu barcha masalalar saylovchilar, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar – mamlakat aholisining turli qatlamlari vakillari tomonidan ko‘tarildi.

Shuni ta’kidlash joizki, boshqa siyosiy partiyalar nomzodlarining uchrashuvlari chog‘ida ham: 

  • O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – mamlakatimizning konstitutsiyaviy tengligini belgilash, milliy an’ana va qadriyatlarni mustahkamlash va muhofaza qilish yuzasidan;
  • O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – sud hokimiyati mustaqilligi, qonunlar va sud qarorlari odilligi, Konstitutsiya va qonunlar, inson huquqlari ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi kurashishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan;
  • O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – aholining himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa, nogironligi bor shaxslarning konstitutsiyaviy va ijtimoiy himoyasini kengaytirish, ijtimoiy yo‘nalishga ega davlat qurish borasida;
  • O‘zbekiston Ekologik partiyasi – mamlakatda yashil iqtisodiyotga o‘tish, ekologik noqulay hududlarda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ta’kidlash joizki, bularning barchasi saylov va Prezidentlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar jarayonida saylovchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza, taklif va xohish-istakdir.

 

Barqaror taraqqiyotning konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirish – davr talabi

 

Siyosiy partiyalar, avvalo, O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi kutilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga nisbatan o‘z elektoratining kayfiyati va istaklarini chuqur o‘rganishni tashkillashtirdi.

Ushbu ikki partiyaning 1,5 milliondan ortiq a’zosi Konstitutsiyaning modernizatsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Shuning barobarida, bu keng ko‘lamli rag‘bat konstitutsiyaviy islohot xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga erishish, mamlakat va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar hayotidagi barcha sohalarni yanada tez va jadal isloh qilish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratishning muhim sharti sifatida zarurligini ko‘rsatdi.

Qo‘shma yig‘ilishda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Qo‘shma yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish masalasini Oliy Majlis palatalari Kengashlariga kiritishga kelishib olindi.

2022 yil may oyi o‘rtalari mamlakatimiz parlamenti hayotida konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar barqaror rivojlanishi va mustahkamlanishi, yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans asoslarini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlar uchun muhim hodisalarga boy bo‘ldi.

Xususan, 16 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining eng yirik fraksiyalari – O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining alohida, 17 may kuni mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish va ushbu masalani Oliy Majlis palatalari kengashlari muhokamasiga kiritishga bag‘ishlangan qo‘shma yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil demokratik islohotlar natijasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning mustahkam siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy-madaniy asoslari yaratildi.

Kundalik hayotimizda “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” kabi fundamental demokratik tushunchalar va qadriyatlar real voqelikka aylandi. Jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarmoqda.

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida ham Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylangani hamda konstitutsiyaviy islohotlarning yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

2022 yil 20 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Qo‘shma majlisda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan bog‘liq jamiyatni barpo etish g‘oyasi xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

 

Yangi O‘zbekiston – konstitutsiyaviy voqelik

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash hamda mavjud muammolarni hal etishga xizmat qiluvchi, yangi qonunlarni ishlab chiqish
va amaldagilariga zamon talablariga mos ravishda qo‘shimcha
va o‘zgartirishlar kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizdagi izchil islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyatdagi bugungi real voqelikka moslashtirishni taqozo etmoqda. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ilgari surilayotgan keng ko‘lamli vazifalar, xususan, adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar bu borada zarur huquqiy asosni ta’minlovchi konstitutsiyaviy makonni yanada takomillashtirish ehtiyojini kun tartibiga qo‘ymoqda.

Binobarin, Bosh qomusimizdagi o‘zgarishlar “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada yuksaltirish, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish uchun mustahkam poydevordir.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi. Mazkur Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga barcha hududlardan deputatlar, senatorlar, jamiyatning turli qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetuk huquqshunos va siyosatshunoslar hamda boshqa ekspertlar kiritildi.

 

Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining bosqichlari

 

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berdi.

Birinchi bosqichda – Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha Parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi.

Ikkinchi bosqichda – Parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgani munosabati bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining ikki bosqichi yakuniga yetdi.

Joriy yil 1 avgustigacha e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi doirasida 150 mingdan ortiq taklif va ekspertiza xulosalari kelib tushdi. Bu takliflar Konstitutsiyaviy komissiyada ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, siyosatchilar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Uchinchi bosqichda – Konstitutsiyaviy komissiya umumxalq muhokamasida tushgan taklif asosida mukammallashtirilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini maromiga yetkazish va referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shuni ham  ta’kidlash joizki, konstitutsiyaviy islohot jarayonida asosan 3 ta manbaga tayanib ish olib borilmoqda.

Birinchi manba – Konstitutsiya yaratish va isloh etish hamda unga amal qilish borasidagi 30 yillik milliy-huquqiy amaliyot.

Ikkinchi manba – xorijiy konstitutsiyaviy islohot tajribasi. Bu o‘rinda 193 ta davlat Konstitutsiyalarini ishlab chiqish, qabul qilish va isloh etish bo‘yicha xorijiy konstitutsiyaviy amaliyot nazarda tutilmoqda.

Uchinchi manba – xalqaro tajriba. Ya’ni, BMT, YeXHT, Venesiya komissiyasining konstitutsiyaviy-huquqiy ijodkorlik sohasidagi amaliyoti. Xususan, bu borada BMTning 40 dan ortiq xalqaro shartnomasi o‘rganib chiqildi.

O‘tgan davrda xalqaro hamjamiyat namoyandalari O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotning o‘ziga xos modelini yaratish uchun betakror tajriba to‘plaganini e’tirof etdilar. Asosiysi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar yuqori baholanib, bu borada O‘zbekistonning tutgan yo‘li to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shu tariqa bugungi kunga qadar Konstitutsiyaviy qonunni ishlab chiqish va maromiga yetkazish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan:

birinchidan, 193 ta xorijiy davlatning konstitutsiyalari o‘rganilib, tahlil qilindi va ulardagi bir qancha normalarni Asosiy qonunimizda aks ettirishga oid takliflar tayyorlandi;

ikkinchidan, BMT va YeXHTning inson huquqlariga oid barcha hujjatlari o‘rganib chiqildi;

uchinchidan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasida xalqaro ekspertizadan o‘tkazildi;

to‘rtinchidan, o‘ndan ortiq xorijiy davlatda konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasiga bag‘ishlangan 15 ta xalqaro tadbir – konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazildi;

beshinchidan, 20 nafardan ziyod xorijiy ekspert, shu jumladan, Rossiya, Polsha, Germaniya, Avstriya, Qozog‘iston olimlari va mutaxassislari ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, qonun loyihasi yanada boyitildi.

Xulosa qilib aytganda, bir tomondan, umumxalq muhokamasi tugaganiga qaramasdan jamiyatimiz vakillaridan tinimsiz muhim takliflar kelib turgani, ikkinchi tomondan, xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga ijobiy munosabati, bu borada tayyorlagan loyihamizni amalda qo‘llab-quvvatlayotgani biz uchun ham g‘urur, ham katta ko‘makdir. Bularning barchasi O‘zbekiston ayni sohada ham eng to‘g‘ri yo‘ldan borayotganidan dalolat beradi.

 

Akmal SAIDOV,

Konstitutsiyaviy komissiya raisi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech