An’anaviy xalqaro forum atoqli tarjimashunos olimning 90 yilligiga bag‘ishlandi

Shu kunlarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor G‘aybulla Salomovning 90 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yil 10-12 dekabr kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tashkil etilgan “Tarjimashunoslar-2022” xalqaro forumi shular sirasiga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu an’anaviy ilmiy-amaliy anjumanning ochilishida ishtirok etar ekan, atoqli olim G‘aybulla Salomov sobiq tuzum davridayoq o‘zbek tarjimashunoslik maktabiga asos solganiga e’tiborni qaratdi. Bugungi kunda ushbu ilmiy maktabning dovrug‘i nafaqat yurtimiz, balki dunyo miqyosida, xususan, Fransiya, Bolgariya, Slovakiya, Turkiya, Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Armaniston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston mamlakatlari ilmiy doiralarida e’tirof etilgani ta’kidlandi.

Haqiqatan ham, “G‘aybulla Salomovning o‘zbek tarjimashunosligi maktabi” deya nom olgan ilmiy maktab mamlakatimiz, hattoki jahon ilm-fani ravnaqida beqiyos o‘ringa ega. Bu maktab istiqlol yillarida adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va tarjimachilik sohalari taraqqiyotiga ayniqsa munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

G‘aybulla Salomov mamlakatimizda eng ko‘p shogirdlar tarbiyalagan zahmatkash olimlardan biridir. Ma’lumotlarga qaraganda, domlaning ilmiy rahbarligida 67 kishi fan nomzodi, 8 kishi fan doktori bo‘lgan. Ular orasida O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan fan va madaniyat xodimlari, jamoat arboblari bor.

Ilmiy-amaliy konferensiya yalpi majlisida zamonaviy tarjimonlar faoliyati, tarjimashunoslik sohasi oldidagi dolzarb muammolar tahlil qilindi. Shuningdek, o‘zbek tarjima tarixiga nazar tashlandi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsieva, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, tarjimashunos olim Zuhriddin Isomiddinov, xorijlik tarjimashunos olimlar Jemaleddin Tuney, Safarmo Tolibiy, Shiv Singx, Ma Xuemey va boshqalar so‘zga chiqdilar. Ular bugungi kunning tarjimashunoslik sohasi bilan bog‘liq muhim masalalariga atroflicha to‘xtaldilar.

Shundan so‘ng “Tarjimashunoslar-2022” xalqaro forumi o‘z ishini sho‘balarda davom ettirdi. Ushbu jarayonda tarjimashunoslik sohasini rivojlantirish istiqbollariga oid amaliy takliflar muhokama qilindi.

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ayni mavzuda nashr etilgan yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Shoir va tarjimon, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning “Sallamno, Istiqlol! (G‘aybulloh as-Salom olamiga sayohat)” va Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Professor G‘aybulla Salomov 90 yilligi: ilmiy va ijodiy faoliyati” nomli kitoblar anjuman ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika xabarlari

"O'zbekiston 24" radiokanali

Powered by GSpeech