2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.
Global forumda 120 nafardan ortiq xalqaro ekspert va 2 mingdan ziyod milliy mutaxassislar ishtirok etdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan mazkur xalqaro anjuman tafsilotlari haqida suhbatlashdik.
- Ko‘p sonli, yanada muhimi, salohiyatli xalqaro va milliy ekspertlarning o‘zaro fikr almashishlari uchun qulay maydon yaratgan Global forum yakunida uning ishtirokchilari qanday muhim xulosalarga keldilar?
– Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning inson qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida olib borayotgan siyosati hamda tashabbuslarini yuksak baholamoqda. Global forum ishtirokchilarining birlamchi va eng asosiy xulosasi shu.
Ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish sohalarida keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani e’tirof etildi.
O‘zbekiston ayni yo‘nalishlarda BMT va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi doirasida 40 tadan ortiq global, mintaqviy va milliy ahamiyatga ega tashabbuslarni ilgari surdi. Shu asosda hozirgi kunga qadar BMT Bosh Assambleyasining oltita rezolyusiyasi qabul qilinishiga erishildi. Bu – birinchi xulosa.
Ikkinchi xulosa: Global forum 2022 yil 10 dekabrda, ya’ni butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlanadigan muhim sana arafasida bo‘lib o‘tdi. Bu, shubhasiz, o‘ziga xos ramziy ahamiyat kasb etdi.
Eng muhimi, Samarqand Global forumi, bir tomondan, bashariyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlashga qaratilgan “Qadr-qimmat, erkinlik va adolat – hamma uchun” kampaniyasini boshlab berdi. Shu bilan birga, Global forum Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 11 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarning debochasi – dastlabkisi bo‘ldi.
Uchinchi xulosa: inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlarini butun dunyo miqyosida qo‘llab-quvvatlash va barchaning inson huquqlariga rioya etishiga erishish borasida nihoyatda ulkan ahamiyatga ega. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida qayd etilganidek, “Ta’lim inson shaxsini to‘la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog‘i lozim. Ta’lim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o‘rtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va do‘stlikka xizmat qilishi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerak”.
Shu nuqtai nazardan, Global forum ishtirokchilari tomonidan inson huquqlari sohasidagi ta’limning quyidagi uchta jihati alohida ta’kidlandi:
birinchi jihati – barcha insonlar inson huquqlari o‘zi nima ekani, bu huquqlar qanday kafolatlanishi yoki ta’minlanishi haqida yetarlicha bilim olishlari lozim;
ikkinchi jihati – inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlariga oid qadriyatlarga mos va muvofiq holda amalga oshirilishiga hamda bu sohadagi ta’limning nafaqat jarayoni, balki mazmun-mohiyati ham juda muhimligiga jiddiy e’tibor qaratish kerak;
uchinchi jihati – inson huquqlari talablaridan kelib chiqqan holda, inson huquqlari sohasida ta’lim berish, o‘z navbatida, ta’lim olayotgan shaxslarga inson huquqlariga oid qadriyatlarni o‘z hayotida qo‘llash, shuningdek, inson huquqlarini mustaqil ravishda yoki jamoatchilik bilan birgalikda rag‘batlantirish va himoya qilish uchun juda qo‘l kelishini unutmaslik zarur.
- Xalqaro va xorijiy ekspertlar tomonidan qanday fikrlar bildirildi?
– Bu haqda so‘z yuritishdan oldin bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari Samarqand Global forumi ishtirokchilariga o‘zlarining samimiy qutlovlari bilan murojaat qilganlarini ta’kidlash lozim, deb o‘ylayman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Raisi Elchi Federiko Vilegas, Parlamentlararo Ittifoq Raisi Duarte Pacheko, YuNESKO Bosh kotibi o‘rinbosari Stefaniya Jannini, YuNISEFning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Direktori Matteo Mekachchi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo‘yicha direktorati Bosh direktori Yakumopulos Kristos, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevning kirish so‘zlari, bir tomondan, ushbu xalqaro anjumanning qanchalik dolzarbligini ko‘rsatib bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Samarqand Global forumi tom ma’nodagi umumbashariy masalalar ko‘rib chiqiladigan muloqot maydoni ekanini amalda tasdiqladi.
Jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insoniyat oldidagi qiyinchiliklarni yengishga ko‘makashadi. Ayniqsa, yoshlarga bu sohada berilgan puxta ta’lim ularning fuqarolik faolligini oshiradi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim butun umr davomida o‘qitilishi, muntazam malaka oshirib borilishi va o‘rganilgan bilimlar amalda qo‘llanishi talab etiladigan o‘ziga xos ta’lim sohasidir. Zero, ta’lim olish hech qachon yosh tanlamaydi”.
F.Tyurk, shuningdek, inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha samarador har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. “Butun dunyoda, shu jumladan, Markaziy Osiyoda milliy va mintaqaviy darajalarda inson huquqlari sohasida turli ta’lim treninglarini o‘tkazish muhim vazifalarimizdandir. Global ko‘lamda esa barcha mamlakatlar bu borada o‘zaro tajriba almashishi va ilg‘or bir-biridan ibratli amaliyotlarni o‘zlashtirishini ta’minlashga intilamiz. Shu ma’noda, mamlakatingizning inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yaqin istiqboldagi rejalari menga mamnuniyat bag‘ishlaydi”, dedi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Raisi Elchi F.Vilegas O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatidagi faoliyati o‘z munosib samaralarini berayotganini amalda ko‘rib turib turganidan mamnunligini bildirdi. “Ayniqsa, Samarqand Global forumi misolida inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid tashabbusi va sa’y-harakatlari uchun O‘zbekistonga alohida rahmat aytaman”, dedi u.
F.Vilegasning fikricha, bugungi kunda jahon ahli tinchlikka, dunyoning bugungi manzarasiga bemisl ta’sir ko‘rsatadigan uchta voqelikni boshidan kechirmoqda. Bular – pandemiya inqirozi, iqlim o‘zgarishi va Yevropaning qoq yuragida kechayotgan hamda global oqibatlarga ega urushdir.
Bu voqealarning barchasi inson huquqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qiladi. Shunday ekan, ushbu voqealarga inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashish – bunday kulfatlarni yengib o‘tish va kelgusida yana takrorlanishi oldini olishning eng maqbul yo‘lidir. Bunday inqirozlarning oldini olish uchun inson huquqlari sohasiga oid yetuk normalar va institutlarga ega bo‘lishimiz talab etiladi. Binobarin, rang-baranglik qadriyatlarining ahamiyatini e’tirof etish, jamiyatni farovon qilish va nizolarga barham berish uchun inson huquqlari sohasidagi ta’limdan maqbulroq ta’sirchan vosita yo‘q, deb ta’kidladi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Raisi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Direktori M.Mekachchi inson huquqlari sohasidagi ta’limni – doimiy e’tibor talab qiladigan uzoq muddatli sarmoya, deb hisoblaydi. Uni ko‘pincha kutilgan samarani bermaydigan qisqa muddatli har xil loyihalar bilan almashtirmaslik lozim va shart.
Inson huquqlari sohasidagi ta’limni amalga oshirishning ikki tomoni borligini ham yaxshi anglashimiz lozim. Bir tomondan, kishilarning inson huquqlari bo‘yicha xabardorligi va bilimini oshirishimiz kerak. Ikkinchi tomondan esa, inson huquqlari sohasidagi ta’limning ta’lim tizimidan o‘rin olishiga intilishimiz darkor.
Shu nuqtai nazardan, M.Mekachchining e’tirof etishicha, “Samarqand Global forumi inson huquqlari sohasidagi ta’limni butun mintaqamiz ko‘lamida rivojantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, bunday ta’lim jamiyat hayoti yaxshilanishi va demokratiya rivojlanishi yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan qobil hamda qat’iyatli fuqarolar shakllanishiga xizmat qiladi”.
Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boshqarmasi bosh direktori X.Giyakumopulos Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Global forumning aynan qadimiy va navqiron Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi juda o‘rinli, mantiqli va teran ramziy ma’noga egaligini ta’kidladi. Chunki, uning e’tirof etishicha, ushbu zaminda necha asrlar davomida insoniyatga yaxshilik va manfaat keltiruvchi bilimlarga boy qanchadan-qancha noyob ilmiy asarlar yaratilgan.
“Global forumni o‘tkazish uchun ham maqbul vaqt tanlangan”, deydi X.Giyakumopulos. Zero, “biz bugun BMT Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi natijalarini hamjihatlikda baholab turibmiz. Yaqin kunarda esa BMT Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan butunjahon kampaniyasi boshlanadi. Mazkur Deklaratsiya qabul qilinganidan buyon o‘tgan davrda butun dunyoda inson huquqlari bo‘yicha qanchadan-qancha muhim mintaqaviy shartnomalar qabul qilinishiga turtki berib kelmoqda”.
Global forumi ishtirokchisi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘limi koordinatori Yelena Ippoliti Samarqand Global forumi doirasida ko‘plab mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida ayni mavzu yuzasidan keng muhokamalar bo‘lib o‘tgani xalqaro anjumaning asosiy yutug‘i, deb hisoblaydi. Shuningdek, muammolarga eng qulay yechim topish bo‘yicha amaliy takliflar berilgani juda muhimdir.
Ye.Ippoliti O‘zbekistonda mazkur sohada kechayotgan ijobiy o‘zgarishlardan xursand bo‘lganini yashirib o‘tirmadi. Global forumda “Inson huquqi bo‘yicha ta’lim masalasi global miqyosda hukumatlar tomonidan muhokama qilinishi zarurligi to‘g‘risida tavsiyalar berildi. Muhimi, mazkur tavsiyalarni hayotga tatbiq etish shart. Inson huquqi sohasidagi ta’limning asl ahamiyati mahalliy va milliy darajada barcha fuqarolar manfaati uchun yo‘naltirilganidadir”, dedi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi vakili.
BMT Qochoqlar masalasi bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi katta xodimi Frank Remus esa O‘zbekiston hukumatining sa’y-harakati tufayli mamlakatda keyingi yillarda 70 mingga yaqin kishi fuqarolikni olganini ta’kidladi. F.Remus bu boradagi yaqin hamkorlikdagi ishlar kelgusida ham samarali davom ettirilishini ta’kidladi.
“Yaqin kelajakda O‘zbekistonda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qolmasligiga ishonchim komil. Yoshlar tarbiyasi O‘zbekistonni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shu bois nafaqat ta’lim, balki boshqa sohalarda ham mintaqaviy hamkorlikni oshirish zarur”, dedi BMT Qochoqlar masalasi bo‘yicha boshqarmasining vakili.
– Global forum yakunida qabul qilingan Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish bo‘yicha Samarqand Harakatlar rejasining maqsad-mohiyati va ahamiyati nimada?
– Samarqand Harakatlar rejasi, Global forum ishtirokchilarining fikricha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish ishiga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi. Binobarin, Jahon ta’lim dasturining o‘zi – Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiruvchi global Harakatlar rejasi, deganidir.
O‘tgan davrda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining ketma-ket uchta bosqichi izchillik bilan amalga oshirildi. O‘z navbatida, 2020 yilda boshlangan to‘rtinchi bosqich 2024 yilda nihoyasiga yetadi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi Rezolyusiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirishga mas’ul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Rezolyusiyada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini so‘rab olish tavsiya etildi. Shu ma’noda, «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflarning muhokama qilingani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish bo‘yicha Samarqand Harakatlar rejasi BMT Bosh Assambleyasining yaqin orada bo‘lib o‘tadigan majlislaridan birida xalqaro hamjamiyatga taqdim etilishi kutilmoqda.
– Samarqand Harakatlar rejasida, umuman, Global forumda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish yuzasidan qanday tavsiyalar berildi?
– Birinchidan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani amalga oshirishda:
- oddiygina “Inson huquqlari nima?” degan savolga javob topishdan tortib, ushbu huquqlarning tub mohiyatini anglab yetishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli ta’limni to‘liq qamrab olishga e’tibor qaratish lozim. Bunda “inson huquqlari nuqtai nazaridan ta’lim berish”ga, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning huquqlari hurmat qilinishiga, insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda qadr-qimmatini himoya qilish imkoniyatlarini o‘zaro birdamlik negizida kengaytirishga alohida ahamiyat qaratish taqozo etiladi;
- yuridik ta’lim bilangina cheklanib qolmasdan, bu yo‘nalishdagi tor doirani yorib chiqish kerak. Toki inson huquqlari sohasida ta’lim oluvchilar nafaqat o‘z huquqlarini, balki o‘zgalarning haq-huquqlarini ham o‘zaro birdamlikda himoya qilish borasida yetarlicha hayotiy ko‘nikma va dunyoqarashga ega bo‘lsinlar;
- ta’lim jarayonlari ta’lim oluvchilarning turlicha madaniy o‘ziga xosliklarini hisobga olgan holda qabul qilingan inson huquqlari prinsiplariga asoslanishi va ularning yoshi, madaniy mansubligi, bilim darajasi va ta’limga bo‘lgan ehtiyoji talablariga mos bo‘lishi darkor.
Ikkinchidan, inson huquqlari sohasidagi qamrovdor va aniq maqsadli milliy dasturlar hamda strategiyalarni ishlab chiqish va qo‘llash amaliyotini kengaytirish zarur. Bunda BMTning Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi bilan Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalariga tayanish maqsadga muvofiqdir.
Uchinchidan, barcha davlatlarning hukumatlari:
- inson huquqlari sohasidagi ta’limni, barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda, rag‘batlantirishlari, masalan, BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlari va BMT tomonidan ilgari surilgan boshqa shu kabi ustuvor tashabbuslarni amalga oshirish doirasida ushbu ta’limni qo‘llab-quvvatlashlari;
- inson huquqlarini barcha o‘quv yurtlari, shu jumladan, davlatga qarashli oliy o‘quv yurtlari, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari – universitetlar, institutlar, markazlar, fakultetlar, kurslar, shuningdek, umumta’lim, o‘rta maxsus ta’lim va kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quv dasturlariga kiritishlari hamda shu negizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni institutsiyalashtirishni ta’minlashlari;
- fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va boshqa tegishli manfaatdor tomonlarni inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya ishlariga jalb etish uchun xavfsiz va maqbul muhit yaratishlari;
- inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid tadqiqotlarni, jumladan, keng aholi qatlamlari va alohida guruhlarni inson huquqlaridan xabardor qilishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni har doim rag‘batlantirishlari;
- inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlari va o‘quv qo‘llanmalari ochiq, hammaga yetib boradigan bo‘lishi, tushunarli va ravon tilda yozilishi, kamsitishlar va eskirgan, tor yondashuvlarga qarshi turadigan turlicha nuqtai nazarlarni qamrab olishi uchun zarur choralarni ko‘rishlari;
- inson huquqlari sohasidagi ta’limni milliy darajada amalga oshirish uchun yangicha axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanishga jiddiy e’tibor qaratishlari talab etiladi.
To‘rtinchidan, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan global muhokamalar davom ettiriladi.
Beshinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi negizida Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha xalqaro universitet tashkil etish taklif qilindi.
Global forum ishtirokchilari tomonidan inson huquqlari sohasidagi ta’limda biryoqlama ma’ruzabozlik usuli maqbul emasligi qayd etildi. Aksincha, ushbu sohada tizimli ta’limni yo‘lga qo‘yish, sohaning tadqiqotchi va ilmiy kadrlari, salohiyatlar magistrlar tayyorlashni izchil yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Ushbu jarayonda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya uslubiyoti ta’lim oluvchilarni aynan o‘quv jarayonlari markaziga qo‘yishi zarur bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, o‘zida inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha alohida shaxslar va jamoalarni qo‘llab-quvvatlashga qarailgan tanqidiy-tahliliy xulosalar, bilim va ko‘nikmalarni o‘zida mujassam etadigan yangicha uslublardan foydalanishni taqozo etadi.
– Samarqand Global forumining o‘ziga xos yana qanday xususiyatlariga to‘xtalishni istardingiz?
– Global forum doirasida bir qancha alohida muhim tadbirlar ham o‘tkazildi. Shulardan biri – “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha adabiyotlar” ko‘rgazmasidir.
Ko‘rgazmada keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida nashr etilgan 250 nomdagi mingdan ziyod kitob va ilmiy jurnallar namoyish etildi. Ko‘rgazma yakunida ushbu adabiyotlar Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining kutubxonasi va A.S.Pushkin nomidagi Samarqand viloyat universal ilmiy kutubxonasiga teng miqdorda va beg‘araz asosda taqdim etildi.
Global forumning muhim yangiliklaridan biri – uning doirasida “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha mahorat darslari” o‘tkazilgani bo‘ldi. Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan ushbu ma’rifiy tadbir Adliya va Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura vakillari, sudyalar, advokatlar, yuridik yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, magistr va bakalavrlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari – jami 7 mingdan ziyod tinglovchini qamradi.
Global forum doirasida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Joriy yilda ushbu mukofotga 6 nafar hamyurtimiz, 2 nafar chet el fuqarosi va 2 ta nodavlat notijorat tashkiloti sazovor bo‘ldi. Xususan, taqdirlanganlar orasida Tallin universiteti Boshqaruv, huquq va jamiyat akademiyasi faxriy professori Reyn Myullerson hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rishard Komenda bor.
Eng muhimi, Global forum ishi asnosida Yangi O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi siyosatini keng yoritish masalasi alohida e’tiborimizda turdi. Global forum davomida milliy va global axborot makonlarida 300 tadan ortiq xabar va axborot-tahliliy materiallar joylashtirildi.
Forum ishini yoritishda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA va Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi faollik ko‘rsatdi. O‘zAning poytaxtdan safarbar etilgan va Samarqand viloyatidagi muxbirlaridan tashkil topgan ijodiy guruhi forumga oid ma’lumotlarni matnli, video va foto axborot shaklida tezkor, sifatli hamda keng yoritishga katta hissa qo‘shdi.
“Dunyo” axborot agentligi Global forum Konsepsiyasini uch tilda nashr etishda ko‘maklashdi. Shuningdek, Samarqand anjumaniga oid ma’lumotlarni jahondagi o‘nlab davlatlar ommaviy axborot vositalariga yetkazib berishda yelkadosh bo‘ldi.
Samarqand Global forumi “YouTube” ijtimoiy tarmog‘ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Bu haqda “Facebook”, “Telegram” va “Instagram” tarmoqlarida ham muntazam axborot berildi. O‘sha kunlari Internet va ijtimoiy tarmoqlarda ayni mavzudagi axborot bilan 250 mingdan ziyod kishi tanishib bordi. Bu o‘rinda blogerlar, jumladan, “Daryo” va “Davr24” internet-nashrlari ijodkorlari faolligi alohida ko‘zga tashlandi.
Ikki kun davomida “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston-24”, shuningdek, “Sevimli” kanallarida Global forumning xalqaro, xorijiy va milliy ekspertlari bilan o‘nlab intervyular to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi. Samarqand telekanali va “ZarNews.uz” sayti orqali esa Global forum jarayonlari o‘zbek, rus va tojik tillarida izchil yoritib borildi.
Milliy markazning rasmiy saytida Global forum mavzusida 120 ta material uch tilda – o‘zbek, ingliz va rus tillarida joylashtirildi. Forumning maxsus veb-sayti ham uch tilda faoliyat yuritdi. Milliy markaz muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali, shuningdek, “Adolat ko‘zgusi” va “Zarafshon” gazetalarining Global forumga bag‘ishlangan maxsus sonlari chop etildi.
- Savollarimizga batafsil javob qaytarganingiz uchun ruhmat.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 15.12.2022
- Ko'rishlar: 5169
- Chop etish