OSTONA, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Infozakon” internet nashri sahifasida joriy yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan «Inson huquqlari sohasida taʼlim» Global forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qalamiga mansub ushbu maqolada mazkur nufuzli xalqaro tadbirning maqsad va vazifalari batafsil bayon qilingan.
Unda qayd etilganidek, mazkur forum O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusiga ko‘ra o‘tkazildi.
BMT homiyligidagi Global forum gibrid formatda bo‘lib o‘tdi. Bu esa butun dunyodan yig‘ilgan soha mutaxassislariga sessiya muhokamalarida ishtirok etish imkonini berdi.
Inson huquqlari bo‘yicha taʼlimning maqsadi har bir insonning huquqlari hurmat qilinadigan, huquq va majburiyatlari tushuniladigan, qonunbuzarliklar tan olinadigan va ularni himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘riladigan dunyoni yaratish bilan izohlanadi.
Taʼlim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, bag‘rikenglik va do‘stlikni, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikparvarlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashmog‘i lozim.
Forum yakunida uning ishtirokchilari tomonidan bildirilgan takliflar asosida “Inson huquqlari sohasida taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Samarqand harakatlar rejasi” qabul qilindi.
Shuningdek, Global forum doirasida olti nafar yurtdoshimiz, ikki nafar chet el fuqarosi va ikkita nodavlat notijorat tashkiloti “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani ham maʼlum qilingan.
- Qo'shildi: 15.12.2022
- Ko'rishlar: 5063
- Chop etish