Inson huquqlarini himoya qilish sohasida qonunchilikning roli

Joriy yilning 21-22 dekabr kunlari Turkiyaning Rize shahrida Inson huquqlari va tenglik instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Inson huquqlarini himoya qilish sohasida qonunchilikning roli” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov (onlayn), Rajep Tayyip Erdog‘an universiteti rektori Yusuf Yilmaz hamda Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Kilich so‘zga chiqdilar.

Mazkur tadbirda turli xil xorijiy davlatlarning inson huquqlari sohasidagi Milliy institutlari vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda mintaqaviy mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirning maqsadi inson huquqlarini himoya qilish sohasida qonunchilik amaliyotining kun tartibida yangi paydo bo‘lgan va rivojlanayotgan rolini muhokama qilish, bu sohadagi asosiy muammolarni yoritib berish va ushbu muammolarni bartaraf etishning samarali strategiyalarini muhokama qilish, shuningdek mazkur sohadagi eng yaxshi amaliyot va tajribaribalarni almashishdan iborat bo‘ldi.

A.Saidov o‘z nutqi davomida parlamentlar hokimiyatning uchta tarmog‘idan biri sifatida milliy darajada inson huquqlarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynashi, xususan, ularning qonunchilik, nazorat va byudjet vakolatlari ularga inson huquqlari barcha uchun teng targ‘ib qilinishini ta’minlash vositalarini taqdim etishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etib o‘tilganidek, parlamentlar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mexanizmlardan, shu jumladan shartnoma organlari tizimidan kelib chiqadigan tavsiyalarning milliy qonunchilik va siyosatga implementatsiya qilishda va milliy darajada amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi, shuning uchun ham parlamentlar hukumatlarning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlashda bevosita hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Tadbirda ta’kidlab o‘tilganidek, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston parlamenti inson huquqlari bilan tobora ko‘proq shug‘ullanmoqda. 2018 yilda u inson huquqlarini himoya qilish va BMT tavsiyalarining bajarilishi bo‘yicha parlament nazorati mexanizmini ishlab chiqdi. Shuningdek, parlament tomonidan BMTning inson huquqlari mexanizmlari bilan hamkorlik bo‘yicha harakatlar rejasini qabul qilindi va inson huquqlari bo‘yicha birinchi parlament hisoboti e’lon qilindi.

Tadbir ishtirokchilari, xususan, Yusuf Yilmaz va Muharrem Kilich O‘zbekiston hukumatini BMT Bosh Assambleyasi o‘zining 77-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan taklif qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyani bir ovozdan ma’qullagani munosabati bilan o‘zlarining samimiy tabriklarini bildirib o‘tdilar.

Mazkur rezolyusiyada Milliy parlamentlarning Barqaror rivojlanish maqsadlarini qonuniylashtirish, moliyalashtirish va hukumat harakatlarini sinchkovlik bilan tekshirish vakolatlari orqali hayotga tatbiq etishdagi muhim roli tan olingan.

Tadbirda ishtirok etgan ekspert va mutaxassislar inson huquqlari sohasida hukumat siyosatini belgilab beruvchi Milliy institutlar shaklida inson huquqlari bo‘yicha kuchli milliy mexanizmlarni joriy qilish mazkur sohadagi tizimli qonunchilik amaliyotini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etishini qayd etib o‘tdilar.

Tadbir davomida ko‘plab Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ham yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani, ular xalqaro va mintaqaviy normalar hamda standartlarni milliy darajada qo‘llanilishini nazorat qilib borayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar uchun huquqiy va me’yoriy asoslar hamda ularning inson huquqlari taraqqiyoti va himoyasidagi roli va ahamiyatini, milliy institutlarning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standardlarga muvofiq o‘z vakolatini amalga oshirish davomida institusional imkoniyatlarini kuchaytirish usullari va vositalari, inson huquqlari bo‘yicha turli sohalarda milliy institutlarning ish faoliyatini kuchaytirish, tajriba va eng yaxshi amaliyotlarni almashish uchun maydon tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech