Mehnat migrantlari huquqini himoya qilish - ustuvor vazifa

18 dekabr – Xalqaro migrantlar kuni

Aholi migratsiyasi insoniyat sivilizatsiyasining o‘zi kabi qadimiy hodisa. Ba’zan ko‘chish ixtiyoriy tarzda yuz beradi, odamlar yaxshi hayot izlab begona yurtga ko‘chib o‘tadi, ayrim hollarda kishilar urush yoki tabiiy ofatdan qochib, ko‘chishga majbur bo‘lishadi. Hozirgi davrda migratsiya, asosan, ish qidirish bilan bog‘liq. Mehnat migrantlari ish kuchi ortiqcha mamlakatdan ishchiga talab yuqori yurtga chiqib ketishadi.

So‘nggi o‘n yilliklarda dunyo bo‘ylab mehnat migrantlari soni oshib borishi tendensiyasi kuzatilmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining, taxminan, 3,6 foizi yoki 281 million kishidan iborat qismi yoxud har o‘ttiz besh kishidan biri vatanini chet elda ishlash uchun tark etgan migrantlardan iborat. Migratsiyaning nazoratsiz va noqonuniy amalga oshishi ayrim mamlakatlarda ijtimoiy ahvol og‘irlashuviga, gumanitar inqiroz yuzaga chiqishi ehtimoli bo‘lsa-da, umuman, migratsiya jarayoni migrantni qabul qilgan va migrant kelib chiqqan mamlakat barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mehnat migratsiyasi farovonlikka, iqtisodiyot o‘sishiga olib keladi. Zero, muhojirlar mehnat bozorida malakali mutaxassis va arzon ish kuchiga ehtiyojni qoplash barobarida, migrant kelib chiqqan mamlakatda kambag‘allik qisqarishiga yordam beradi.

Migrantlar insoniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Ular jahon iqtisodiyotida mutanosiblikni ta’minlashga xizmat qiladi, turli mamlakatlar o‘rtasida yangi bilim, tajriba va malaka almashinuviga ko‘maklashadi. Shuningdek, migrantlar tufayli turli xalqlar o‘rtasida axborot va g‘oya, madaniy qadriyat va ilmiy-innovatsion ayirboshlash ta’minlanadi.

Migrant huquqi buzilishi, jumladan, uni o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, qiynoqqa solish yoki muhojirga nisbatan boshqacha tarzda shafqatsiz muomala qilish, ekspluatatsiya, shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqning rad etilishi holati, ko‘pincha, muayyan mamlakatdagi kamsituvchi qonun va turli stereotiplar bilan bog‘liq. Bu o‘z navbatida migrantlar huquqini ta’minlashga e’tiborni kuchaytirishni taqozo qilmoqda. Shu bois BMT Bosh Assambleyasi 2000 yildan boshlab har yili Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qabul qilingan kun - 18 dekabr sanasini Xalqaro migrantlar kuni sifatida nishonlashga qaror qilgan.

Bu kun jahon miqyosida migrantlar huquqi va erkinligiga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rish alohida ahamiyatga ega ekanligi muhokama qilinadi, bu borada ma’lumot tarqatish, tegishli qonunlar mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi.

Keyingi yillarda davlat boshqaruvi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida O‘zbekistonda migratsiya masalasiga munosabat tubdan o‘zgardi. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va migrantlar huquqini himoya qilish mexanizmi takomillashtirilmoqda. Davlatimiz rahbari “mehnat migrantlari muammosini hal etishga barcha davlat tashkilotlari, mutasaddilar, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining eng muhim, bugungi kun va kelajak nuqtai nazaridan o‘z yechimini kutayotgan asosiy masalalaridan biri sifatida qaralmog‘i lozim”ligini ta’kidlagan.

Mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatni tartibga solishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda. Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida migrantlar huquqini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi, ayni payt parlamentda ushbu hujatni takomillashtirish yuzasidan muhokama davom etmoqda. Mazkur qonun mamlakatimizdan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar uchun qulay mehnat sharoiti yaratish, ularning huquqi va qonuniy manfaatini ta’minlash, shuningdek, shunday yurtdoshlarimizni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashni kafolatlashga qaratilgan.

Davlatimiz rahbarining 2019-2022 yillarda qabul qilingan farmon va qarorlari bilan xorijda ishlayotgan fuqarolar ijtimoiy va iqtisodiy huquqini ta’minlash mexanizmi takomillashtirildi, bu borada zarur choralar kuchaytirildi:

birinchidan, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni o‘qitish tashkil etildi. Buning uchun Respublikaning barcha hududlarida jami 17 ta monomarkaz va 56 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 479 ta mahalla kasb-hunarga o‘qitish maskani faoliyat olib bormoqda. Mehnat migrantlari jami 20 dan ortiq kasb va 7 ta xorijiy til bo‘yicha tahsil olmoqdalar. 2022 yil boshidan xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan 46,8 ming nafardan ziyod fuqaro kasb-hunarga va chet tiliga o‘qishga jalb qilingan;

ikkinchidan, xorijda ishlamoqchi bo‘lganlarni ishga tartibli joylashtirish tizimi shakllandi. Xususan, 2022 yilning 9 oyi davomida 27 mingdan ziyod fuqaro xorijga manzilli ishga yuborildi;

uchinchidan, xorijda mehnat qilish geografiyasi kengaydi, migratsiya bo‘yicha an’anaviy hamkorlarimiz - Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiyadan tashqari Yevropa va Osiyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, Buyuk Britaniya, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, BAA, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Xorvatiya, Yaponiya, Isroil, Germaniya, Gretsiya, Qatarga tartibli ishga joylashtirish yo‘lga qo‘yildi, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari tashkil etildi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonalarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy etildi; 

beshinchidan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlariga ko‘mak berish va ularning qayta integratsiyalashuvini ta’minlash tizimi shakllantirildi. Mehnat migrantlari va oila a’zolarining uy-joy sharoitini yaxshilash, ularga moddiy va tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi. 2021 yil davomida xorijdagi 8 811 migrantga huquqiy yordam, 295 102 kishiga maslahat xizmati, 6 283 nafar mehnat muhojiriga ijtimoiy, 13 424 hamyurtimizga moddiy ko‘mak berildi. Migrantlarning 7 534 nafariga bir martalik moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, xorijda qiyin ahvolda qolgan 321 fuqaro uyiga qaytarilib, ish beruvchi tomonidan to‘lanmay kelingan 984,1 ming dollar miqdoridagi ish haqi va pullik kompensatsiya undirib berildi.

Migrantlar huquqini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish O‘zbekiston Respublikasi oldida turgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, jumladan, Milliy markaz qator chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.

Birinchidan, migrantlar huquqi bo‘yicha ta’limni rivojlantirish yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasining inson huquqi sohasidagi Milliy ta’lim dasturi loyihasi ishlab chiqilib, tegishli “Yo‘l xaritasi”da migrantlar huquqi bo‘yicha davlat idoralari va tashkilotlari xodimlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilish, “Migrantlar huquqi” darsligi, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar chop etish vazifasi belgilandi.

Ikkinchidan, migrantlar huquqi bo‘yicha xalqaro shartnomalar to‘plamini davlat tilida chop etish yuzasidan ish boshlangan, migratsiya huquqi bo‘yicha risolalar nashr etilmoqda.

Uchinchidan, migrantlar huquqi bo‘yicha axborot-resurs ta’minoti takomillashmoqda, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda ochilgan “Inson huquqlari uyi”da migrantlar huquqiga bag‘ishlangan nashrlar yig‘ilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida tashkil etilgan “Inson huquqi sohasidagi adabiyot burchaklari”dan migrantlar huquqi bo‘yicha nashrlar joy oladi.

To‘rtinchidan, migrantlar huquqi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Buning natijasi o‘laroq, 2022 yil Milliy markazda migrantlar huquqi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ushbu muhim mavzuning turli jihatlarini tadqiq etishga bag‘ishlangan ilmiy, amaliy tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

Beshinchidan, migrantlar huquqini ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaytirilmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan yaqin hamkorlik qilinib, ilg‘or tajribani o‘rganish maqsadida xorijiy tashriflar amalga oshirilmoqda.

Oltinchidan, xalqaro hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri sifatida migrantlarga yordam ko‘rsatish, ularning huquqini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash belgilab olingan.

2022 yil O‘zbekiston fuqarolari, jumladan, mehnat migrantlari huquqi xorijiy mamlakatlarda himoya qilingani holatini o‘rganish maqsadida bir necha tashrif amalga oshirildi.

2022 yil 14 may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli ishtirokida ushbu mamlakatda yashayotgan va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarimiz bilan uchrashuv doirasida ulardan ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlanish, moddiy yordam olish, fuqarolikni rasmiylashtirish kabi masalalarda murojaatlar qabul qilib olindi. O‘zbekistonlik fuqarolarning ayrim muammolari joyida, tezkor hal qilindi.

2022 yil 31 oktyabr – 2 noyabr kunlari mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hukumatlararo bitimning bajarilishini o‘rganish maqsadida mamlakatimiz delegatsiyasining ushbu qardosh yurtga tashrifi davomida Ostona, Almati va Ust-Kamenogor shaharlarida mutasaddi davlat idoralari, inson huquqi bo‘yicha milliy institutlar hamda nohukumat tashkilotlar faoliyati o‘rganilib, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari va qozog‘istonlik ish beruvchilar bilan suhbatlar uyushtirildi.

Mazkur tashriflar davomida muhojirlarimiz huquqini ta’minlash bilan bog‘liq qiyinchilik, muammolar aniqlandi.

Birinchidan, davlat tomonidan mehnat migrantlarini xorijga tartibli yuborishni tashkil qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, ularning muayyan qismi xorijga mustaqil chiqib ketmoqda. Buning sababi shundaki, odatda xorijdagi migrantlar uchun kvota tizimi yuqori malaka, muayyan sohadagi ish tajribasi yoki oliy ma’lumot talab qiladi. Shuningdek, ish beruvchilar kvota tizimi bo‘yicha mehnat migrantlarini ishga yollash uchun to‘lanadigan soliq miqdorini yuqori baholab, ishga norasmiy yollashni afzal ko‘radi. Natijada noqonuniy migratsiya tufayli kelib chiqadigan salbiy oqibatlar (odam savdosidan jabrlanish, noqonuniy migrant sifatida javobgarlikka tortilish) paydo bo‘ladi. Ayrim ish beruvchilar tomonidan shartnoma shartlarini bajarmaslik, ish haqini kechiktirish yoki to‘lamaslik holatlari uchraydi.

Ikkinchidan, jahonda yuz berayotgan urush va inqirozlar, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro sanksiya siyosati oqibatida iqtisodiy o‘sish pasayishi, narx-navo oshishi, ishsizlik ko‘lami kengayishi kuzatilib, bu holat mehnat migrantlarining ijtimoiy, iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ayrim xorijiy davlatlarda mehnat migrantlarining huquqiy holatiga tegishli va ularning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik takomillashtirishni talab qiladi.

Xulosa o‘rnida mehnat migrantlari huquqini himoya qilish bo‘yicha bir necha yo‘nalishda tadbirlar amalga oshirishni taklif qilish mumkin, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, mehnat migrantlari huquqini qonuniy ishga yollanishiga qadar va keyin ham himoya qilinishi kafolatini kuchaytirishning huquqiy asosini takomillashtirishga qaratilgan xalqaro, mintaqaviy va davlatlararo doimiy maslahatlashuv mexanizmini takomillashtirish maqsadga muvofiq. Bunda mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunchilikni mehnat migrantlari huquqini ta’minlash nuqtai nazaridan uyg‘unlashtirish, mehnat migrantlari huquqini himoya qilish tamoyili ustuvorligini nazarda tutish talab qilinadi.

Ikkinchidan, mehnat migrantlarini xorijiy davlatda qonuniy, tartibli va nazorat ostida ishga joylashuvi salmog‘ini izchil kengaytirib borish, bunda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar va ishonchli xorijiy ish beruvchilar yagona ma’lumotlar bazasini kengaytirish va doimiy yangilab borish, xorijiy mamlakatlar mehnat bozorida talab mavjud bo‘lgan mutaxassislarning yagona malaka standartini shakllantirish, bunda ish beruvchi va mehnat migranti o‘rtasidagi aloqa mexanizmini yanada takomillashtirish talab qilinadi.

O‘tkir OCHILOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

O‘zA

Powered by GSpeech