Yangi O‘zbekistonda NNTlari faoliyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun NNTlar taqdirlandi

2022 yil 23 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida qayd etilgan masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, Murojaatnomada ilgari surilgan muhim yo‘nalishlar, vazifalar, ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish maqsad qilgani, buni Konstitutsiyada mustahkamlash zaruriyati mavjudligi ta’kidlandi. So‘z olganlar “ijtimoiy davlat” tamoyilini amalga oshirishda jamoat tashkilotlari, xususan nodavlat notijorat tashkilotlari ham o‘zlarining ijtimoiy loyihalari bilan faollik ko‘rsatishi muhimligini ta’kidlashdi.

Qolaversa, kelgusi yillarda inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil bo‘lgan ta’limni   qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilishi, ertamiz egalarining yetuk shaxs bo‘lib yetishishida nafaqat davlat ta’lim muassasalarining, balki nodavlat ta’lim tashkilotlarining ham o‘ziga xos o‘rni borligi qayd etildi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martdagi PQ-5012-son Qarori va 2021 yil 4 martdagi PF-6181-son Farmonida ko‘zda tutilgan masalalar ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Xususan,  joriy yil yakuniga ko‘ra respublika bo‘yicha 14 ta “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi” tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan NNTlarga mazkur binoga joylashish va undan beg‘araz foydalanish uchun tavsiyanomalar berildi.

Bundan tashqari, Assotsiatsiya tomonidan NNTlar vakillari malakasini oshirish, tashkilot faoliyatini tizimli va innovatsion tashkil qilish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ijtimoiy faolligini oshirish hamda samarali ish uslublarini joriy etish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan 317 ta seminar-treninglar o‘tkazildi.

Qolaversa, Davlat boshqaruvi akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masadida 100 nafar NNT rahbarlari ikki bosqichda 72 soatlik dastur asosida o‘qitildi.

Kurslarda malaka oshirgan NNTlar rahbarlari “Trenerlar shtabi”ga biriktirilib, ular tomonidan hududlarda 613 ta tadbirlar tashkil etildi  hamda 637 ta NNTlarga konsultativ yordam ko‘rsatildi.

NNTlar faoliyatiga oid bo‘lgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va huquqiy xulosalar berish hamda konsultativ maslahat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida Assotsiatsiya qoshida o‘z sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan 112 nafar NNT vakillaridan iborat “Ekspertlar guruhi” tashkil etildi.

Endilikda ular joylarda fuqarolik jamiyatini shakllantirishda ishtirok etayotgan NNTlar bilan bevosita ishlab, ularning tashabbuslarini amalga oshirishda yaqindan yordam beradilar.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi faol a’zolar va hamkor NNTlarni rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, tadbirda ham Yangi O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari  faoliyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 80 dan ortiq faol nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari taqdirlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zNNTMA

Powered by GSpeech