Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida, birinchidan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlarning holati va rivojlanish istiqbollari, bu boradagi yutuqlar qatorida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va muammolar, xususan, parlamentimizning islohotlardagi ishtiroki chuqur tahlil etildi. “Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi”, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Ikkinchidan, bugun dunyoda kuzatilayotgan chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlar, ekologik muammolar, kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlarni inobatga olgan holda markaz va joylardagi vakillik, ijroiya va sud hokimiyati, biznes hamjamiyat, fuqarolik jamiyati institutlari oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Uchinchidan, Prezidentimizning “taraqqiyotga faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”, degan fikri biz, deputatlardan belgilangan vazifalar ijrosiga mas’uliyatimizni yanada kuchaytirish, doimo xalq orasida bo‘lish, bor kuch va g‘ayratimizni islohotlar natijadorligini oshirish, xalqimizning ezgu niyatlarini ro‘yobga chiqarish, hayotiy muammolarini hal etish, hayotdan rozi qilishga qaratishni talab qiladi.
To‘rtinchidan, jamiyat va davlatimiz milliy rivojlanishini ustuvor yo‘nalishlarining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi. Ya’ni konstitutsiyaviy islohotlarimizning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Zero, har qanday demoratik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy asoslarga ega bo‘lsagina bardavom va samarali bo‘ladi.
“Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” g‘oyasini
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga singdirish
So‘nggi 6 yilda “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidani hayotga tatbiq etish, barcha muhim qarorlarni bevosita xalq bilan muloqot asosida qabul qilish yangi O‘zbekistonimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, xalq bilan doimiy muloqot qilish parlament va barcha davlat organlari faoliyatining mezonini tashkil etadi.
Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor bo‘lishi, yangilanayotgan Asosiy qonunimizni “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb yuksak g‘urur va iftixor bilan ayta olishi hamda “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini hayotga tatbiq etish, xalq bilan bevosita muloqot asosida olib bormoqda.
Yetti oy davomida Konstitutsiyamiz loyihasini tayyorlash va uning umumxalq muhokamasi davrida fuqarolar, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy-tahliliy markazlar, huquqshunoslar tomonidan 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Ushbu takliflarning har biri ustida deputatlar, senatorlar, siyosiy partiyalar vakillari, olimlar, ekspertlarning qizg‘in muhokamalari davom etmoqda.
Ya’ni bu, bir tomondan, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatidagi ochiqlik va oshkoralikdan darak bersa, ikkinchi tomondan, ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan konstitutsiyaviy islohotdan xalqimiz katta o‘zgarishlar kutayotganidan dalolat beradi. Bu, shuningdek, so‘nggi yillarda inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini ta’minlash, shaxsiy mas’uliyat, bag‘rikenglik va imkoniyatlar tengligi, xususiy mulk daxlsizligi, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi asosiy tamoyil va g‘oyalar yurtimizdagi samarali islohotlar natijasidir.
Konstitutsiyaviy komissiya Asosiy qonunimiz inson qadrini yuksaltirish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirishga xizmat qilishiga e’tibor qaratib kelmoqda. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentimiz, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, mahallalarning rolini yanada kuchaytirish asosiy diqqat markazida bo‘ldi.
Ma’muriy islohotlarni konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash
Murojaatnomadan kelib chiqib, deputatlar va Konstitutsiyaviy komissiya ma’muriy islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratishi lozim.
Birinchidan, milliy parlamentimizning ish uslubini tubdan yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirish, sohalar bo‘yicha Senat va Qonunchilik palatasidagi mavjud qo‘mitalar va komissiyalarning tegishli vazirliklar va davlat organlari bilan belgilab olingan umumiy masqadlarga erishishda kelishilgan holda faoliyat yuritishi hamda hamkorligini ta’minlash. Bunda, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, deputatlar vazirlarga qaysi yo‘nalishda yoki hududda ish yaxshi ketmayotganini ko‘rsatishi, kamchiliklar bo‘yicha joyiga chiqib, aholi fikrini o‘rganib, masalaga birgalikda yechim topishi, shuningdek, vazir faoliyatini samarali tashkil etishda parlamentdagi qo‘mita, komissiya va deputatlarning mas’uliyatini belgilashga ham alohida e’tibor beriladi.
Ikkinchidan, ixcham va samarali, xususiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi va aniq natijaga ishlaydigan tizimli davlat boshqaruv tizimiga o‘tish. Bunda hukumat ish uslubi tubdan o‘zgarishi zarurligi, birinchi bosqichda, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytirilishi, davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foiz qisqarishi nazarda tutiladi. Ixcham, samarali yangi davlat boshqaruvining mustahkam huquqiy asoslarini yaratish lozim.
Uchinchidan, davlat organlari, vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, har bir vazirlikning tegishli sohada davlat siyosatini hayotga tatbiq etish, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga samarali rahbarlik qilish borasidagi mas’uliyatini oshirish. Bunda har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun har oyda joyiga chiqqan holda “Hukumat kuni” o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish, vazirlar har yilning boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi bo‘yicha hisobot berishi tartibini qonuniy mustahkamlash masalalariga alohida urg‘u beriladi.
To‘rtinchidan, davlat boshqaruvida nomarkazlashtirish tamoyilini keng joriy etish, ya’ni vakolatlarni markazdan joylarga o‘tkazish, hududlardagi mahalliy boshqaruv tizimini isloh qilish. Shu o‘rinda dunyo taniydigan megapolis, xalqaro turizm va biznes markaziga aylanayotgan Samarqand shahri hamda sanoat, tadbirkorlik, ta’lim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida o‘z o‘rnini topayotgan Namangan shahrini alohida ma’muriy-hududiy birliklar sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazish nazarda tutiladi.
Shunday qilib, ma’muriy islohotlar “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak”, degan konstitutsiyaviy prinsiplarni hayotga izchil tatbiq etishga xizmat qiladi. Buyuk ajdodlarimiz aytganidek, rahbar xalqqa yuk bo‘lmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak. Shuning uchun ham davlat xizmatchilarini tanlash, kadrlarni joy-joyiga qo‘yish masalasida, avvalo, insof va vijdon, iymon va e’tiqod, diyonat va mehr-oqibat degan tushunchalarni o‘ziga begona deb bilmaydigan insonlarga alohida e’tibor qaratish, xodimlarning ishga, o‘z vazifasiga nisbatan mas’uliyatini oshirish, nopok yo‘lda yurganlarini yuridik javobgarlikka tortishga e’tibor qaratilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” konstitutsiyaviy tamoyili
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish demakdir”. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiyamizning yanada ijtimoiylashuvini ham anglatadi.
Mamlakatimizda adolatli va manzilli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi ishlar nafaqat jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, balki sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bu borada ta’lim-tarbiya va ilm-fan, madaniyat va sport, adabiyot va san’at sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh etish va takomillashtirish, tibbiyot sohasini chinakamiga inson dardiga darmon bo‘ladigan, yuqori samara bilan ishlaydigan tizimga aylantirish borasidagi ishlarni nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham e’tirof etmoqda.
Xususan, so‘nggi olti yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetdi hamda bu ko‘rsatkich va bu boradagi davlat siyosati yaqinda YuNESKOning maktabgacha ta’lim bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan jahon anjumanida yuksak e’tirof etildi. Kelgusi besh yilda bu qamrovni 80 foizga yetkazish va buning uchun 600 ming yangi bog‘cha o‘rni yaratish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari soni 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Bu ko‘rsatkichlarni nafaqat oshirib borish, balki jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini yuksaltirish, muallimlarning sharoitini yaxshilash, maktablarda va oliygohlarda ta’lim sifatini rivojlangan mamlakatlar darajasiga olib chiqish maqsad qilingan. Shuningdek, “o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash” vazifasi qo‘yildi.
Murojaatnomada ushbu masalalar “deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat apparati, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerakligi” ko‘rsatib o‘tildi. Zero, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish vazifalarini samarali hal etishga qodir zamonaviy ilmlarga ega, bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz kelajagini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilarni yetishtirish va qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Shu ma’noda ham yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya ta’limni va tarbiyani konstitutsiyaviy qo‘llab-quvvatlashdir.
Ushbu yo‘nalishda xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonun bilan belgilash, ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tishni tezlashtirish, sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik tamoyilini keng joriy etish, jamiyatda sog‘lom hayot tarzi madaniyatini shakllantirish kabi dolzarb vazifalar ham belgilab berildi.
Shuningdek, Prezidentimiz jamiyatimizdagi barcha jarayonlar tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘oni bo‘lgan milliy demokratik institut – mahalla hayotida o‘z ifodasi va amaliy yechimini topishi zarurligini ta’kidlab, davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushirilishini ko‘rsatib o‘tdi. Mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilishi, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qolishi borasida ko‘rsatmalar berdi. Albatta, ushbu vazifalar Konstitutsiyamiz, Byudjet kodeksi va boshqa qonunlarda o‘z aksini topishi zarur va bu borada deputatlarimizga alohida mas’uliyat yuklatiladi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyamizga aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi yangi moddalarni kiritish, “Mening birinchi uyim” ipoteka dasturini yo‘lga qo‘yish, uning doirasida, birinchi navbatda, turar joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etish masalalari ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Tilga e’tibor – konstitutsiyaviy majburiyat
Konstitutsiyamizning yurtimizdagi demokratik o‘zgarishlar jarayonini mafkuraviy, g‘oyaviy jihatdan ta’minlashdagi roli va ahamiyati oshib bormoqda.
Yurtimizda Asosiy qonunimizga tayangan holda “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” va “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyillarini hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqildi. Milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini oshirish doimiy kun tartibimizda turibdi. Bunda, ayniqsa, qonunlar bevosita davlat tilida qabul qilinishi (Konstitutsiyaning 87-moddasi) parlament oldida turgan eng asosiy vazifadir.
Shu o‘rinda ta’kidlash zarurki, bundan 100 yil muqaddam ham millat, vatan, til, adabiyot hayot va mamot masalasi sifatida kun tartibiga chiqqan edi. Zero, azaldan ma’rifatparvar bobolarimiz faoliyati, jadidchilik harakati markazida aynan milliy taraqqiyot, milliy-zamonaviy madaniyat-ma’rifat va ta’lim-tarbiya, undan keyingina iqtisod va siyosat masalalari turgan. Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidir”, degan jumlalari fikrimiz isbotidir.
Jadidlar millatning millatligi uning ona tili, ushbu tilga bo‘lgan munosabati va unda yaratilgan adabiyotida aks etishini e’tirof etganlar, shuningdek, ta’lim tili – milliy o‘zlikni anglash, mafkura, tarbiya va umumta’lim tizimining asosi, deb bilgan. Abdulla Qodiriy chinakam zamonaviy roman janriga, Mahmudxo‘ja Behbudiy teatr dramasiga asos solgan bo‘lsa, Abdulxamid Cho‘lponning mashhur “Adabiyot yashasa – millat yashar” shiori millat qalbida aks sado bergan.
Ushbu g‘oyalar Prezidentimizning Murojaatnomada aytgan: “Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarni puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim”, degan ko‘rsatmasi hamda ona tilimizning maqomini ko‘tarish va mustahkamlash borasidagi takliflariga uyg‘undir.
Shu munosabat bilan deputatlar va senatorlar o‘z faoliyatida ona tilimizning roli va ahamiyatini yanada kuchaytirish va mustahkamlash, uning va xalqimizning ruhini yangilanayotgan Konstitutsiyamizga, qonunlarimizga va hayotimizning barcha jabhalariga singdirish va aks ettirish, milliy o‘zligimizni aniqlash kabi masalalarga alohida e’tibor berishini xalqimiz va islohotlarimiz talab etmoqda.
Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish – davlatning konstitutsiyaviy burchi
Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda adolat tamoyillarini qaror toptirish huquqiy, demokratik va xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zaruriy shartidir. Shu bois, sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Avvalambor, Konstitutsiyamiz prinsiplariga tayanib, sud hokimiyati mustaqilligi, sud jarayoni va jazoning adolatliligi va insonparvarligini ta’minlash, adolatli sud qarorlarini qabul qilish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sudga qadar bo‘lgan ish yuritish bosqichida sud nazoratini mustahkamlash, “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohalarini kengaytirish, sudlov ochiqligini ta’minlash, ayrim huquqbuzarliklarni jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish yo‘li bilan jinoyat qonunchiligini demokratlashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, odil sudlovni ta’minlash, tergov sifatini oshirish, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolishiga chek qo‘yish, kabi yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar bor. Shu maqsadda, Murojaatnomaga ko‘ra:
- adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati ham mas’uliyatini yanada oshirish;
- tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazish;
- tergov sifatini oshirish va tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashini ta’minlash;
- sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusini shakllantirish, ularni maxsus o‘qitish,
- odil sudlovni ta’minlashda himoyachining huquqlari va vakolatlarini kengaytirish, xususan, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilishini ta’minlash va sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinishi tartibini belgilash;
- ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni eksterritorial tartibda – boshqa hududda ham ko‘rish amaliyotini joriy qilish kabi tashabbuslarni Konstitutsiyamizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozim.
Eng muhimi, bundan buyon “O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi”, degan g‘oya hayotga tatbiq etilishida barcha deputatlar va senatorlar faol bo‘lishi darkor.
Prezidentimiz taraqqiyotimiz kushandasi bo‘lmish korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini alohida ta’kidladi. O‘tgan ikki yilning o‘zida 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaga doir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. Shu bilan birga, bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni ko‘rish, shu asosda jinoyatchilikning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash borasida har bir vazir va tashkilot rahbarining o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha shaxsiy javobgarligini oshirish, sun’iy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman, korrupsiyaga imkon yaratadigan barcha bo‘shliqlarga barham berish kabilar navbatdagi dolzarb masalalar sifatida qayd etildi.
Bu borada deputat va senatorlar, mahalliy kengashlar aniq sohalarni tizimli tahlil qilishi, o‘z okrugidagi byudjet hisobidan amalga oshirilayotgan qurilishlar, ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar bajarilishi monitoringini kuchaytirishi korrupsiyani bartaraf etishning muhim omili bo‘lishi ta’kidlandi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida alohida qonunlar qabul qilinib, konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar yaratilishi belgilandi.
Hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi konstitutsiyaviy mas’uliyat
Biz har tomonlama avj olayotgan globallashuv, shiddatli o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan murakkab zamonda yashamoqdamiz. Bugun bundan yuz yil oldin unchalik ko‘zga tashlanmagan yangidan-yangi – atrof-muhit, iqlim o‘zgarishlari, ekologik muammolar umumbashariy tus olmoqda. Ularga yechim topish nihoyatda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu, o‘z navbatida, jahon konstitutsiyalarining globallashuviga olib kelmoqda.
Masalan, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskinlashmoqda. Albatta, bunday global ahamiyatga ega muammolarning yechimi, avvalambor, Konstitutsiyamiz va qonunchiligimizda o‘z aksini topishi zarur.
Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha rezolyusiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Jahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi sa’y-harakatimizni kuchaytirmoqdamiz. Zero, ekologik muammolarni hal etishda dunyo hamjamiyatining kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarur. Shu bois, Prezidentimiz:
- jamiyatimizda, ayniqsa mahallalarda tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish madaniyatini shakllantirishni umummilliy amaliy harakatga aylantirish;
- ekologiya va atrof-muhitni asrash bo‘yicha sa’y-harakatlarni, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish;
- Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablarni mustahkamlash;
- suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirilishi;
- qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni qat’iy davom ettirish, sohaga yangi innovatsion agrotexnologiyalarni keng joriy etish, yaratilayotgan yangi dehqon xo‘jaliklarini xaqiqiy yer egasiga aylantirish;
- sohaning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish masalalarining dolzarbligiga urg‘u berdi.
Jamiyatning iqtisodiy negizlari va konstitutsiyaviy iqtisodiyot
Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, uning raqobatbardoshligi va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy siyosatning xalqimiz turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qilayotganini nafaqat fuqarolar, balki xalqaro hamjamiyat ham e’tirof etmoqda.
Bunda “konstitutsiyaviy iqtisodiyot”ni shakllantirishga alohida urg‘u berilmoqda. Zero, iqtisodiyot inson faoliyatining asosiy sohalaridan biri sifatida jamiyatda o‘rnatilgan qonunchilikdan tashqarida mavjud bo‘lolmaydi va, o‘z navbatida, iqtisodiy tizimning o‘zgarishi sharoitida shakllangan huquqiy munosabatlar iqtisodiy islohotlarning izchil rivojlanishini ta’minlaydi. Shu ma’noda, yangi O‘zbekistonning rivojlanishi jarayonini konstitutsiyaviy iqtisodiyot nuqtai nazaridan baholash lozim.
Bugungi kunda “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, tamoyili iqtisodiy islohotlarning o‘zagini tashkil etib, tadbirkorlikka to‘sqinlik qilish davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga to‘sqinlik qilish, deb baholanmoqda. Shu asosda qulay ishbilarmonlik va investitsion muhitni shakllantirish, xususiy mulk himoyasini va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, hududlarni kompleks va mutanosib rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka bunday munosabat nafaqat O‘zbekistonda, balki jahonda ham shakllanmoqda. Sabab, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo korxonalarining qariyb 90 foizi va ish bilan band bo‘lganlar sonining qariyb 70 foizi aynan mikro, kichik va o‘rta korxonalar ulushiga to‘g‘ri keladi. Ular global Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, hammani munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, innovatsiyalarni joriy etish va ijodkorlik muhitini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatimizdagi mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etgan holda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini yanada oshirishni maqsad qilganmiz. 2030 yilga borib, jon boshiga hisoblaganda, O‘zbekiston aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin egallashi uchun tinmay mehnat qilinmoqda. Bunga, avvalo, xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida drayver sohalarda klaster tizimi rivojlantirilmoqda.
Yangi O‘zbekiston – jahon hamjamiyatining teng huquqli faol a’zosi
Mamlakatimizning jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallashini ta’minlash borasida ham Konstitutsiyamizga tayangan holda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz bo‘lgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi 40 yilda dunyo konstitutsiyalari internatsionallashuvi, radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, iqtisodiy va siyosiy inqirozlar kuchayishi, davlatlar tashqi siyosatga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgani ham ayni haqiqatdir. Bu tendensiyalar, afsuski, O‘zbekistonimizni ham chetlab o‘tmayapti.
Bu sharoitda Murojaatnomada mamlakatimizning yuritayotgan tashqi siyosati izchil davom ettirilishi hamda quyidagi vazifalarga ustuvorlik berilishi belgilandi:
birinchidan, deputat va senatorlar, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar va yoshlar faollarining faoliyatini eng bebaho oliy ne’mat – tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, oilalar, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarning baxtu kamoli uchun bu ulug‘ boylikni asrab-avaylaylashga qaratish. Shu maqsadda, xususan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada ko‘proq ahamiyat berish zarur;
ikkinchidan, yurtimizda millatlararo do‘stlik, dinlar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash. Shu maqsadda jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan milliy dastur qabul qilish va amalga oshirish kerak.
Jamiyatimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, ilmiy-ijodiy tashkilotlar, ziyolilarimiz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga to‘xtalmoqchiman. 2022 yil 14 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi rezolyusiyani bir ovozdan ma’qulladi.
Ushbu rezolyusiyani qabul qilish taklifi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2020 yilda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan edi. Rezolyusiya qisqa muddatda Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra ushbu nufuzli tashkilot tomonidan qabul qilingan oltinchi hujjat hisoblanadi. Bu BMT tajribasida kamdan-kam uchraydigan hol.
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning ta’kidlashicha, “ushbu rezolyusiya tarixda ilk marotaba dunyo parlamentlarining Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etishdagi roli, ahamiyati va vazifalarini aniq belgilab bergan xalqaro hujjatdir. U nafaqat ijroiya hokimiyati, balki vakillik va sud xokimiyatlari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyatining BRMga erishishdagi hamkorligi va birgalikdagi harakatiga asos bo‘lishi bilan ham ahamiyatlidir”.
Umuman, Murojaatnomadan kelib chiqib, Prezidentimizning: “Qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga, albatta, yetamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz”, degan chaqirig‘iga munosib javob berishimiz, unda belgilangan vazifalarni sidqidildan va fidokorona harakat qilib bajarishimiz zarur.
Aminmizki, xalqimiz, keng jamoatchilik, barcha hokimiyat tarmoqlari vakillari davlatimiz rahbari g‘oyalari atrofida jipslashib, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qiladi, va, albatta, el-yurtimiz intilayotgan yangi O‘zbekistonni birgalikda bunyod etishga munosib hissasini qo‘shadi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasi esa har tomonlama o‘ylab, barcha taklif va mulohazalar inobatga olinib, shoshilmasdan takomillashtiriladi va umumxalq referendumiga olib chiqiladi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
"Yangi O'zbekiston" gazetasi
- Qo'shildi: 26.12.2022
- Ko'rishlar: 5379
- Chop etish