Mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi va vazifasi – inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdir. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan taqdim etgan Murojaatnomasi buni yana bir bor tasdiqladi.
Murojaatnomada 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlardan biri – inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish ekani alohida ta’kidlandi. Bu boradagi barcha asosiy vazifalar davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilandi.
Albatta, inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoya qilishda davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari ishtirok etadi. Ammo bunda asosiy o‘rin sud tizimiga tegishli, chunki adolatli va mustaqil sud tizimi bo‘lmagan davlatda rivojlanish va taraqqiyot ham bo‘lmaydi.
Shu sababli O‘zbekistonda keyingi yillarda sud tizimining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sud tizimini demokratlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, mazkur sohaga oid qonunchilik ham yil sayin takomillashtirilmoqda. Bundan maqsad, shubhasiz, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan chinakam mustaqil sud tizimini shakllantirishdir.
Ayni chog‘da, ushbu yo‘nalishda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sudning asosiy vazifasi bo‘lgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek, inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish darajasini yuqori deb bo‘lmaydi. Buni fuqarolarning sud faoliyatidan noroziligiga oid murojaatlar soni ko‘paygani ham ko‘rsatib turibdi.
To‘g‘ri, sudyalarga ham oson emas. Chunki ular qonunda belgilangan muddatda nihoyatda katta hajmdagi ishlarni ko‘rib, mazmunan hal etishlari lozim.
Ayrim raqamlarga murojaat qilamiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda har 23 ming kishiga o‘rtacha bitta sudya to‘g‘ri keladi. Bu holatni xorijiy mamlakatlar misolida ko‘radigan bo‘lsak, xususan, AQShda – 9 ming kishiga, Germaniyada – 4 ming kishiga, Fransiyada esa 11 ming kishiga bitta sudya to‘g‘ri kelar ekan.
Yana bir muammo sudyalarning protsessual muddatlarga rioya qilish uchun ayrim hollarda shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishlariga to‘g‘ri kelayotgani bilan bog‘liqdir.
Birgina fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatiga nazar solsak, oxirgi 2-3 yilda fuqarolardan davlat idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muhoqamalar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan fuqarolarga tegishli bo‘lgan uy-joylarni noqonuniy buzish va majburan uydan ko‘chirish, buzilishga tushgan uyi evaziga mutanosib kompensatsiya to‘lamaslik to‘g‘risida hal qiluv qarorlari chiqarilayotgani, yanada achinarlisi, bir xil mazmundagi fuqarolik ishlari bo‘yicha turlicha hal qiluv qarorlari qabul qilinayotgani kabi qonun buzilishi holatlari mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari ta’minlanishida inson huquqlari sohasidagi halqaro normalarga rioya etilmayotganidan dalolat beradi. Ya’ni, bunday holatlarda ko‘pincha fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan huquqi ta’minlanmay qolmoqda.
Aslida esa, sud himoyasida bo‘lish huquqi inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat bo‘lishini ta’minlashda muhim va samarali vosita hisoblanadi.
Shu sababli Murojaatnomada belgilanganidek, kelgusida mamlakatimizda odil sudlov sifatini oshiradigan tizimni yaratish, adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati va mas’uliyatini oshirish, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusini shakllantirish, odil sudlovni ta’minlashda himoyachi huquqlarini qayta ko‘rib chiqish juda muhimdir.
Bularning barchasi har bir shaxsning odil sudlovga bo‘lgan huquqi so‘zsiz ta’minlanishiga, fuqarolar huquqlarini sud tomonidan himoya qilishning huquqiy kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari – oliy qadriyat” degan ezgu tamoyilni amaliyotga chuqur tatbiq etishga xizmat qiladi.
Komila OLIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining
Bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 05.01.2023
- Ko'rishlar: 4862
- Chop etish