Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida, birinchidan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlarning holati va rivojlanish istiqbollari, bu boradagi yutuqlar qatorida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va muammolar chuqur tahlil etildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi”.
Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda adolat tamoyillarini qaror toptirish huquqiy, demokratik va xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zaruriy shartidir. Shu bois sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Avvalambor, Konstitutsiyamiz prinsiplariga tayanib, sud hokimiyati mustaqilligi, sud jarayoni va jazoning adolatliligi va insonparvarligini ta’minlash, adolatli sud qarorlarini qabul qilish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sudga qadar bo‘lgan ish yuritish bosqichida sud nazoratini mustahkamlash, “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohalarini kengaytirish, sudlov ochiqligini ta’minlash, ayrim huquqbuzarliklarni jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish yo‘li bilan jinoyat qonunchiligini demokratlashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, odil sudlovni ta’minlash, tergov sifatini oshirish, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolishiga chek qo‘yish, kabi yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar bor. Shu maqsadda Murojaatnomaga ko‘ra:
- adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati hamda mas’uliyatini yanada oshirish;
- tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazish;
- tergov sifatini oshirish va tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashini ta’minlash;
- sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusini shakllantirish, ularni maxsus o‘qitish;
- odil sudlovni ta’minlashda himoyachining huquqlari va vakolatlarini kengaytirish, xususan, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilishini ta’minlash va sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinishi tartibini belgilash;
- ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni eksterritorial tartibda – boshqa hududda ham ko‘rish amaliyotini joriy qilish kabi tashabbuslarni Konstitutsiyamizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozim.
Eng muhimi, bundan buyon “O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi”, degan g‘oya hayotga tatbiq etilishida keng jamoatchilik, ayniqsa, barcha deputatlar va senatorlar faol bo‘lishi darkor.
Prezidentimiz taraqqiyotimiz kushandasi bo‘lmish korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini alohida ta’kidladi. O‘tgan ikki yilning o‘zida 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaga doir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilangina cheklanib qolinmayapti. Ya’ni, tizimli preventiv choralarni ko‘rish, shu asosda jinoyatchilikning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash borasida har bir vazir va tashkilot rahbarining o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha shaxsiy javobgarligini oshirish zarur. Murojaatnomada sun’iy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman, korrupsiyaga imkon yaratadigan barcha bo‘shliqlarga barham berish kabi amaliy ta’sirchan choralar bu boradagi istiqbolli dolzarb masalalar sifatida qayd etildi.
Ayniqsa, deputat va senatorlar, mahalliy Kengashlar aniq sohalarni tizimli tahlil qilishi, o‘z okrugidagi byudjet hisobidan amalga oshirilayotgan qurilishlar, ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar bajarilishi monitoringini kuchaytirishi korrupsiyani bartaraf etishning muhim omilidir. Shu nuqtai nazardan, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida alohida qonunlar qabul qilinib, konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar yaratilishi belgilangani katta ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, xalqimiz, keng jamoatchilik, barcha hokimiyat tarmoqlari vakillari Murojjatnomada bayon etilgan davlatimiz rahbari g‘oyalari atrofida jipslashib, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qiladi. Va, albatta, el-yurtimiz intilayotgan yangi O‘zbekistonni birgalikda bunyod etishga munosib hissasini qo‘shadi.
Binobarin, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga, albatta, yetamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz”.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 05.01.2023
- Ko'rishlar: 4888
- Chop etish