“INSON HUQUQLARI UYI”: tashkil topishi, o‘tgan yilgi faoliyati va istiqboldagi rejalar

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari uyi” shakllanishi va rivojlanishi Milliy markazning tarixi va chorak asrlik rivojlanish bosqichlari bilan chambarchas bog‘liq.

Bu o‘rinda, dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 31 oktyabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Milliy markazning Axborot-huquq bo‘limi huzurida kutubxona tashkil etilganini qayd etish lozim.

O‘z navbatida, Prezidentimizning 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘sha kutubxona – Axborot-resurs markaziga aylantirilgan.

Va nihoyat, O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 25 martda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – «Inson huquqlari uyi» tashkil etildi.

Bugungi kunda “Inson huquqlari uyi”ning umumiy fondini 10 mingga yaqin nusxadan iborat kitob va jurnallar tashkil etadi. “Inson huquqlari uyi”da inson huquqlari va erkinliklariga oid adabiyotlar ochiq fondi mavjud.

Bu o‘rinda turli darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, dissertatsiyalar, avtoreferatlar, dunyoning turli tillarida chop etilgan huquqiy adabiyotlar, o‘zbek va jahon badiiy adabiyotlari, milliy davriy nashrlar va xorij davriy nashrlari haqida so‘z bormoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 1996 yildan buyon shu davrgacha bo‘lgan faoliyati hisobotlari “Inson huquqlari uyi”da xronologik tartibda jamlangan.

Hozirgi vaqtda “Inson huquqlari uyi”ning axborot-kutubxona resurslari, ya’ni barcha turdagi adabiyotlar texnik va ilmiy ishlovdan o‘tkazilib, universal o‘nli klassifikatsiya asosida tizimlashtirilmoqda. Bir vaqtning o‘zida tizimlashtirilgan  axborot-kutubxona resurslari ro‘yxatining elektron shakli – elektron katalogi yaratilmoqda.

Jumladan, o‘tgan 2022 yil davomida IRBIS dasturiga 1050 nomda, 2166 nusxada adabiyotlar kiritildi.

“Inson huquqlari uyi” fondini to‘ldirish maqsadida 76 nomda 214 nusxada siyosiy, huquqiy, badiiy adabiyotlar xarid qilindi hamda 27 nomda mahalliy va 23 nomda xorijda chop etilgan davriy nashrlarga obuna tashkil qilindi.

Tashkilotlar va mualliflar tomonidan Milliy markazning “Inson huquqlari uyi”ga o‘tgan yili 48 nomdagi 134 ta adabiyot sovg‘a qilingan.

2022 yil 9 iyun kuni Toshkent davlat yuridik universiteti hamda 20 iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shu munosabat bilan Milliy markaz tomonidan Toshkent davlat yuridik universitetiga – 133 nomdagi 217 ta hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga 67 nomdagi 135 ta adabiyot va davriy nashrlar beg‘araz taqdim etildi.

2022 yil 12 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi xodimlari ishtirokida davra suhbati o‘ltkazildi. Tadbir doirasida “Bilim” axborot-kutubxona markaziga inson huquqlariga oid 33 nomdagi 300 taga yaqin adabiyotlar tuhfa etildi.

Yakuniga yetgan yilda Milliy markaz tomonidan Yaponiyaning Nagoya universitetiga 47 nomdagi 52 ta adabiyot beg‘araz taqdim etilganini ham ta’kidlash lozim.

Toshkent davlat yuridik universiteti va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida imzolangan “Kitobxonlik madaniyatini oshirish to‘g‘risidagi hamkorlik memorandumi”ga asosan, 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida “Til haftaligi” o‘tkazildi. Tadbir g‘oliblari Milliy markazda nashr etilgan 12 nomdagi 60 ta kitob bilan taqdirlandi.

O‘tgan yilning 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusida Global forum doirasida o‘tkazilgan kitoblar ko‘rgazmasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan 142 nomdagi mingga yaqin kitob va jurnallar namoyish etildi. Pirovardida Samarqand shahridagi ikkita nufuzli kutubxonga taqdim etilgan ushbu kitoblarning aksariyati Milliy markazda nashr etilgan bo‘lsa, qolgan qismi 13 ta tashkilot va muassasalar tomonidan beg‘araz taqdim etilgan.

Bugungi kunda Milliy markazning “Inson huquqlari uyi” Markaziy Osiyo mintaqasidagi inson huquqlari bo‘yicha yagona ixtisoslashgan kutubxona hisoblanadi. U zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan, Internet tarmog‘iga ulangan va Wi-Fi zonalariga ega.

Xulosa o‘rnida shuni ham aytish joizki, “Inson huquqlari uyi”, birinchi navbatda, Milliy markazning xodimlari, doktorantlari, ilmiy xodimlari va, albatta, keng jamoatchilik uchun tegishli axborot-kutubxona xizmatlarini taqdim etadi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida ta’kidlaganlaridek, “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”. Ma’rifatparvar jadid bobolarimizning bu so‘zlari keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerak.

Shu ma’noda, mamlakatimizning barcha davlat tashkilotlari qatori Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, jumladan, Milliy markazning “Inson huquqlari uyi” ta’lim sifatini oshirish, shu jumladan inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish yuzasidan 2023 yildagi eng asosiy vazifalarini belgilab oldi.

 

Malika TOLIPOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

“Inson huquqlari uyi” yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech