Fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquqlari ta’minlanishining muhim omillaridan biri bo‘lib, ushbu masala milliy qonunchiligimizda alohida mustahkamlangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida belgilab qo‘yilganidek, “Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egadir”.
Konstitutsiyada mustahkamlangan fuqarolarning murojaat qilish huquqi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni orqali amalga oshiriladi. Mazkur qonunda fuqarolarning murojaat qilish huquqini amalga oshirish tartibi ko‘zda tutilgan.
Ushbu qonuda, shuningdek, aholining davlat organlari bilan munosabatga kirishining huquqiy tartibi belgilangan. Bu qoidalar barcha davlat organlari, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun birdek amal qiladi.
Qonun davlat organlari va davlat muassasalariga, ularning mansabdor shaxslariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi qarori bilan berilgan vakolatlar doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham davlat organi sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
Milliy markaz tomonidan 2022 yilda jami 1 ming 301 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yildagi murojaatlarga qaraganda 6,5% kam, ya’ni 2021 yilda 1 ming 386 ta murojaat kelib tushgan.
Bundan tashqari, 2022 yil davomida Milliy markaz tomonidan telefon orqali murojaat qilgan 2 ming 500 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi. Shuni ham qayd etish kerakki, og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Milliy markazda tashkil etilgan “Fuqarolar qabulxonasi”da o‘tgan davrda murojaat qilgan 500 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan bo‘lib, shundan 307 nafarining yozma murojaatlari ish yuritishga qabul qilingan. Qolgan fuqarolarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.
Murojaatlarning 307 tasi (24,2%) fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul jarayonida, 959 tasi (75,8%) aloqa vositalari, asosan pochta tarmog‘i orqali qabul qilingan. Shuningdek, 32 ta murojaat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali, 65 ta murojaat Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan.
2022 yildagi murojaatlar 2021 yilda kelib tushgan murojaatlar bilan hududlar kesimida taqqoslanganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida murojaatlarning kamayishi kuzatildi. Shu bilan birga, o‘tgan yilda Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri aholisidan murojaatlar ko‘paygan.
Tahlillarga qaraganda, eng ko‘p murojaatlar kelib tushishi bo‘yicha avvalgi holat saqlanib qolmoqda. Ya’ni, 2022 yilda Toshkent shahri – 356 ta (27,4%); Qashqadaryo viloyati – 189 ta (14,5%); Toshkent viloyati – 181 ta (13,9%); Surxondaryo viloyati – 94 (7,2%) va Samarqand viloyatidan – 89 ta (6,8%) murojaat kelib tushgan.
Bundan tashqari, 2022 yilda kelib tushgan murojaatlarning aksariyatini odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning qarorlaridan, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar tashkil qiladi. Bu o‘tgan yillardagi ayni holatlarga o‘xshashdir.
Tegishli qonun hujjatlariga ko‘ra, Milliy markaz davlat organlariga fuqarolarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish va tahlil qilish, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini monitoring qilish jarayonida aniqlangan qonun buzilishini, inson huquq va erkinliklarining buzilishiga olib keladigan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish to‘g‘risida tavsiyalarni ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga 2022 yil davomida kiritilgan 350 dan ortiq tavsiya ko‘rib chiqilgan. Natijada 29 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi, 69 ta holatda fuqarolarga huquqlari ro‘yobga chiqarilishida va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda amaliy ko‘mak berildi.
E’tiborli tomoni shundaki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.
Xususan, Namangan viloyati, Chust tumanida yashovchi “Chust Farog‘atxon” xususiy korxonasi rahbari Naimdjon Xalilovga nisbatan huquqni muxofaza qilish organlari tomonidan sodir etilgan adolatsizliklar haqida to‘xtalmoqchiman.
N.Xalilovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLKQ Departamenti (hozirgi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti) Chust tumani bo‘limi tomonidan 2017 yil 4 fevralda Jinoyat kodeksining 189-moddasi bilan asossiz jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi bilan “qora kunlar” boshlanadi. Surishtiruv organining xususiy korxonada o‘tkazilgan tekshirish natijalari chuqur o‘rganilmasdan, aniqlangan qonun buzilish holatlari tadbirkor tomonidan qonunda belgilangan muddat ichida bartaraf etilganiga, yetkazilgan zarar qoplanganiga e’tibor qaratilmasdan, shoshma-shosharlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi tadbirkorning 5 yildan ortiq ovorayu-sarson bo‘lishiga olib keladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining hukmi bilan N.Xalilov jinoyat sodir etganlikda aybli deb topiladi.
Bu ham yetmaganiday, tadbirkor o‘z huquqlarini talab qilishi oqibatida ta’qib ostiga olinadi.
Milliy markaz tomonidan tadbirkor N.Xalilovning murojaati asosida sud hukmining qonuniyligi o‘rganib chiqiladi. Shu asosda jinoyat-protsessual qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi holatlari ya’ni, N.Xalilovning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi ko‘rsatilgan holda 2017 yil 14 sentyabrda xulosa tuzilib, ishni kassatsiya bosqichida qo‘shib ko‘rish to‘g‘risida Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi kassatsiya bosqichiga tavsiya kiritiladi.
Ammo, kassatsiya bosqich sudi birinchi bosqich sudining hukmi bilan kelishadi va uni o‘zgartirmasdan qoldiradi.
Milliy markazning Oliy sud va Bosh prokuraturaga kiritgan tavsiyalari ham oqibatsiz qoldiriladi. N.Xalilov 2022 yil 19 avgust kuniga qadar adolat izlab turli davlat idoralariga to‘xtovsiz murojaatlar qilib keladi.
Vaholanki, mas’ul idora vakillari Jinoyat kodeksi 189-moddasi 2-qismida: “Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalari buzilishining oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi” deb ko‘rsatilgan qoidaga o‘z vaqtida amal qilganida, shuningdek, buni tasdiqlovchi asosli dalillarga e’tibor qaratganida qonun ustuvorligi o‘z vaqtida ta’minlangan bo‘lar edi.
N.Xalilovning to‘xtovsiz murojaatlari tufayli 2022 yil 19 avgustda Oliy sud tomonidan oqlov qarori qabul qilindi.
Xuddi shunga o‘xshash yana bir misol:
2019 yil sentyabr oyida Milliy markazning fuqarolar qabulxonasiga murojaat qilgan Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida yashovchi fuqaro T.Tilovov o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlaridan noroziligini bayon qiladi va huquqlari himoya qilinishida amaliy yordam so‘raydi.
Sud qarorlari asosliligi va qonuniyligi o‘rganilgan holda, Jinoyat-protsessual kodeksining bir qator talablari buzilganligi yuzasidan Oliy sudga 2019 yil 24 sentyabr va 2021 yil 4 may kunlari tavsiya xatlari kiritildi.
Shundan so‘ng T.Tilovovga oid jinoyat ishi Oliy sudda ko‘rilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining ajrimi bekor qilingan. Ish yangidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish uchun Qashqadaryo viloyat sudiga yuborilgan.
Ish Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida mazmunan ko‘rilshan. 2022 yil 13 yanvar kuni T.Tilovov aybsiz deb topilgan va oqlangan.
“Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da ham mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish belgilab qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan:
- ushbu yo‘nalish bo‘yicha mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvni cheklash;
- qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash;
- davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish;
- jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish;
- huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga xizmat qilishga yo‘naltirish;
- sud va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash;
- advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish;
- aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish;
- faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish kabi bajarilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Har bir vazifa xalqimizni bugungi kunda qiynab kelayotgan masalalar:
- qonunlarning amaliyotda qo‘llanishi;
- Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi prinsipi;
- korrupsiyaga qarshi kurash;
- jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish;
- barcha davlat organlari kabi huquqni muxofaza qilish organlarining asosiy faoliyatini xalq manfaatini himoya qilishga qaratish;
- bajarilishi majburiy bo‘lgan sud hujjatlari ijrosini to‘liq ta’minlash;
- inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashda sud va advokatura institutining rolini yanada kuchaytirish;
- qonun ustuvorligiga erishish uchun hamda mamlakatimizni adolatli, demokratik davlatga aylantirishda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish;
- fuqarolarning qonunlarni hurmat qilishlari va og‘ishmay amal qilishlarini ta’minlash hamda har bir qabul qilinayotgan va kundalik hayotda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qonun hujjatlarini oddiy tilda yetkazish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emasligidan kelib chiqqan holda belgilab berilayotganligi bejiz emas.
Birgina misol: sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, advokatura institutining huquqni qo‘llovchi boshqa organlar bilan tengligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqa bir qator masalalarda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham vazifalar qo‘yilgan edi.
Ayni muhim vazifalar Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham belgilab qo‘yilishi ushbu masalalarning hali ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligini va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami keng ekanligini anglatadi.
Taraqqiyot strategiyasida yurtimizda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etilishi belgilandi. Bu kabi imtiyozlar amaldagi qonunchiligimizda mavjud emas edi. Mazkur imtiyoz ham mamlakatimizda aholining ijtimoiy adolat siyosatining bir ko‘rinishidir.
Milliy markaz tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan qatlamidan xisoblangan yetim bolalarning huquqlari himoya qilinishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan 2022 yilda Toshkent viloyatida joylashgan Mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilari Yu.Shevlyakova va D.Ivanovning foydalanilmagan kommunal xizmatlar uchun asossiz qarzdorlik xisoblanganidan noroziligi haqidagi murojaatlari o‘rganib chiqildi.
Ushbu fuqarolarga nisbatan qonun ustuvorligini ta’minlash yuzasidan Toshkent viloyat prokurori nomiga kiritilgan tavsiya xatlari asosida prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan prokurorlik nazorati natijasida, fuqaro Yu.Shevlyakovaning foydalanilmagan elektr ta’minoti uchun 18,7 mln so‘m qarzdorlik boshqa javobgar shaxsdan undirilishi belgilandi. Bundan tashqari, Yu.Shevlyakovaning uy-joyga egalik huquqi tiklandi va yangi elektr energiyasi xisoblagich o‘rnatib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, fuqaro D.Ivanovga ajratilgan xonadonda “Sarishtali xonadon” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun tegishli to‘lov talab qilinayotgani aniqlanib, viloyat prokuraturasining aralashuvi bilan shirkatdan bo‘lgan qarzdorlik bartaraf etildi.
Murojaatga e’tibor insonga, uning dardu tashvishiga bo‘lgan e’tibordir. Bu masala mamlakatimizda alohida e’tiborda ekani davlat siyosatining insonparvarligi, xalqchilligi namunasidir.
Murojaat qilish – fuqarolarning muhim siyosiy huquqlaridan biri. Murojaatlar orqali xalqimizning kayfiyati, shart-sharoiti, islohotlarga munosabatini bilish mumkin. Davlat organlari va mansabdor shaxslar har bir murojaatga jiddiy munosabatda bo‘lishlari lozim. Ular fuqarolar va jamiyat oldida mas’ul ekanligini doim his qilishlari, xalq manfaati ustuvorligini ta’minlashlari zarur.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqdan har bir shaxsning teng foydalanish imkoniyati mavjud. Bugungi kunda “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat va jamiyat hayotiga chuqur tatbiq etildi.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni kuchli fuqarolik jamiyatiga erishish yo‘lidagi ulkan qadam sifatida tushunishimiz darkor. Zero, insonlarni murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq bilan ta’minlash demokratik jamiyatda oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi.
Otabek Norboev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 13.01.2023
- Ko'rishlar: 5632
- Chop etish