XMTning yangi ma’ruzasi 2023 yil tendensiyalariga bag‘ishlangan

Dunyo miqyosida iqtisodiy o‘sish darajasi pasaygani tufayli insonlarning noqulay shart-sharoitlarda, kam oylik maoshiga ham ko‘nib, ijtimoiy himoyaga ega bo‘lmasdan ishlashlari ehtimoli ortmoqda.  Bunday holat esa, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) yangi ma’ruzasi mualliflarining fikricha, pandemiya oqibatida kuchaygan tengsizlik ko‘lamini yanada oshiradi.

XMTning yangi ma’ruzasi 2023 yil tendensiyalariga bag‘ishlangan. Ma’ruza mualliflarining taxminicha, joriy yilda bandlikning o‘sishi atigi bir foizni tashkil etadi va bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmidan ham oz, deganidir. Dunyoda ishsizlar soni 3 million nafarga ko‘payib, jami 208 millionga yetadi. Shu tariqa ishsizlikning global darajasi 5,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

         XMT ekspertlari talqinicha, iqtisodiy o‘sish darajasining pasaygani, avvalo, aholisi yuqori daromad topadigan mamlakatlarda ishchi kuchi tanqisligi yuz bergani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, keyingi ikki yil davomida kuzatilgan global ishsizlikning qisqarishi jarayonlari ham yakuniga yetmoqda va ayni paytda ishsizlar soni pandemiyaga qadar bo‘lgan ko‘rsatkichdan 16 million nafarga ko‘pdir.

         Bundan tashqari, ish o‘rinlarining sifati masalasi ham tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Zero, XMT ekspertlari uqtirganidek, munosib ish o‘rni – ijtimoiy adolatning tamal toshi.

Ma’lumki, pandemiya kambag‘allikni qisqartirish borasida keyingi o‘n yilliklar asnosida erishilgan yutuqlarni barbod qildi. Shunday murakkab vaziyatda ham 2021 yilda bandlik masalasida muhim natijalar qo‘lga kiritilganiga qaramay, 2023 yilda munosib ish o‘rinlari yaratish bilan bog‘liq ahvolning yomonlashishi ehtimoldan holi emas.

Ayni chog‘da, iqtisodiy o‘sish darajasi pasaygani oqibatida ko‘pchilik noqulay shart-sharoitlarda, kam oylik maoshiga ham ko‘nib ishlashga majbur bo‘ladi. Bunday ehtimoliy og‘ir vaziyatda yashash sharoitlarining tobora qimmatlashib borayotgani esa kambag‘allar sonining yanada ortishiga zamin yaratadi.

O‘z navbatida, turmush sharoitlarining yomonlashishi pandemiya inqirozining salbiy ta’sirini boshdan kechirayotgan insoniyat hayotidagi tangliklarni kuchaytiradi. Binobarin, odamlar shusiz ham ko‘plab muammolarga zo‘rg‘a bardosh berib yashamoqda, deb qayd etadi XMT ekspertlari.

Ishga joylashish masalasida xotin-qizlar va yoshlar aholining boshqa qatlamlariga nisbatan ko‘proq jabr ko‘radilar. O‘tgan yilgi ishchi kuchi tarkibida ayollar – 47,4 foizni, erkaklar esa 72,3 foizni tashkil etgan. Oradagi 24,9 foizdan iborat farq iqtisodiy nofaol erkaklarga nisbatan shunday ijtimoiy mavqedagi ayollar soni ikki barobar ko‘p ekanini anglatadi.

XMT ekspertlari fikricha, yoshlarning munosib  ish topishi va shu joyda muqim ishlab qolishi nihoyatda qiyinlashib bormoqda. Oqibatda bugungi kunda sayyoramizdagi har besh nafar navqiron insonning bir nafari hech qaerda ishlamaydi va o‘qimaydi.

XMT Bosh direktori Gilbert Xunbo ta’biri bilan aytganda, “Bizga zudlik bilan ko‘p miqdorda munosib ishchi o‘rinlari zarurligi kundek ravshan va ijtimoiy adolatning tanqisligi ham yaqqol ayondir. Shu behisob muammolarni hal qilish uchun yangi global ijtimoiy shartnomalar ustida hamjihatlikda ish olib borishimiz lozim bo‘ladi”.

Bu borada O‘zbekistonda ahvol qanday, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Avvalambor, pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va samarali islohotlar natijasida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.

O‘tgan 2022 yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga ko‘tarildi. Misol uchun, 2017 yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “bugun zamon har qachongidan ham tezlashdi. Farovonlik oshgani sayin aholimizning talab va ehtiyojlari ham ortib bormoqda”.

Aholi maktab, bog‘cha va shifoxonalarni ko‘paytirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirishni, mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolarini hal qilishni, ish o‘rinlarini oshirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratishni, adolatni ta’minlash, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani yo‘q qilishni kutmoqda. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu aniq va o‘rinli muammolarni yechish shart.

Xalqimizga qancha imkoniyat yaratsak, buning foydasi jamiyatimizga o‘n karra, yuz karra bo‘lib qaytadi. Shu ma’noda, 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilgani bejiz emas.

Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir. Shuning uchun joriy yilda, birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgani alohida diqqatga sazovor.

 

G‘ulom Mirzo

Powered by GSpeech