Jamiyatda demokratik tamoyillarni kuchaytirish, xalqimiz roziligiga erishishga zamin yaratadi
Yangi O‘zbekiston haqida gap ketganda, sud-huquq sohasidagi amalga oshirilgan katta islohotlarni ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Negaki, keyingi yillarda sud-huquq sohasi tubdan isloh qilinib, tizimni xalq uchun adolat qo‘rg‘oniga aylantirish borasida hayotiy chora-tadbirlar ko‘rildi.
Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida bu haqda ajdodlarimiz azaldan amal qilib kelgan “Zulm qilma, insofli bo‘l, xalq uchun adolat qo‘rg‘onini bunyod et”, degan hayotiy tamoyilni ta’kidlar ekan, jumladan, “Biz sud-huquq tizimini isloh etishda shunday talablardan kelib chiqdik. Xususan, “sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik bo‘lishi kerak”, degan g‘oyani ilgari surdik va uni amalda qaror toptirishga intilmoqdamiz”, deydi.
Bu tamoyil davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaat nomasida ham o‘z aksini topib, odil sudlov masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi va sud tizimida amalga oshiriladigan qator o‘zgarishlar yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “So‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qilingani, shu bilan birga, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchramoqda. Qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratiladi. Eng avvalo, odamlarning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham beriladi”.
Bugun shu sa’y-harakatlarning hayotdagi ifodasiga guvoh bo‘lib turibmiz. Prezidentimiz joriy yil 16 yanvar kuni “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi”gi farmonlarni imzoladi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz Murojaatnomada odil sudlov darajasini tubdan yangilashga qaratilgan qator tayanch vazifalarni belgilab bergan edi, ularni samarali amalga oshirish mexanizmi mazkur farmonlar bilan ham ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, endilikda yangi tizim doirasida:
— tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkaziladi. Mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi;
— Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi;
— sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinadi;
— ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi.
Mazkur ustuvor vazifalarga alohida batafsil to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Zero, bu masalalar har birining amaliyotga samarali joriy etilishi jinoyat ishlari yurituvini bevosita yangi sifat darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Xususan, shaxsning konstitutsiyaviy daxlsizlik huquqini cheklashga oid bo‘lgan tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitib turish va mol-mulkni xatlash kabi tergov harakatlari ustidan sud nazoratining tatbiq etilishi jinoyat protsessida “Xabeas korpus” institutini yanada kengaytirishning keyingi mantiqiy bosqichi hisoblanadi.
Darhaqiqat, o‘tgan yillar mobaynida milliy qonunchiligimizni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan standartlariga muvofiqlashtirish, demokratik tamoyillar va xalqaro huquqiy talablarga to‘liq javob beradigan huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Shu o‘rinda, “Xabeas korpus” institutining milliy qonunchiligimizda o‘z ifodasini topishi jinoiy ta’qib jarayonida shaxs huquqlarining sud tomonidan kafolatlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan qator xalqaro hujjatlarda shaxsning daxlsizlik huquqlariga oid kafolatlar mustahkamlangan. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida “Hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emasligi, har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya qilinish huquqiga egaligi” e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktning 17-moddasida “Hech kim o‘zining shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda aralashishga, o‘zining uy-joyi yoki yozishmalari siri daxlsizligiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda tajovuz qilinishiga yoki uning or-nomusi va sha’niga noqonuniy tajovuz qilinishiga duchor etilishi mumkin emasligi va har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzlardan qonun orqali himoya etilish huquqiga ega” ekani qayd etilgan.
Aynan ana shu xalqaro hujjatlarda belgilangan kafolatlarni ta’minlash maqsadida ham tintuv, telefon so‘zlashuvini eshitib turish va mol-mulkni xatlash kabi tergov harakatlari ustidan sud nazorati qat’iy o‘rnatilishi zarurdir. Chunki turar joy daxlsizligi egasining roziligisiz uning turar joyiga kirishga, unga har qanday zarar yetkazishga hech kimning haqqi yo‘qligini anglatadi. Ya’ni mulkdorning roziligisiz uy-joyga kirish va tintuv o‘tkazish faqat sudning qarori asosida amalga oshirilishi kerak.
Mol-mulkni xatlash borasida so‘z ketganda aytish joizki, endilikda mulkdor faqat sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosidagina mulkidan mahrum etilishi mumkin. Bu bilan shu vaqtga qadar tergov doirasida mansabdor shaxslarning fuqarolarni mulk huquqidan mahrum etishga doir vakolatlari bekor qilinib, bu jarayon sud orqali amalga oshirilishi mustahkamlanmoqda. Mazkur norma qabul qilinishi natijasida mulkdor har qanday holatda o‘zining mulk huquqi buzilmasligi va undan asossiz mahrum etilmasligi kafolatlari belgilanadi.
Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “endi tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish bo‘yicha ozmuncha harakat qilyapmizmi? Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi”.
Jinoyat ishlari yurituviga oid yana bir og‘riqli masala bu — tergovning sifati masalasidir. So‘nggi yillarda tergov sifati darajasini ko‘tarish yuzasidan qator islohotlar amalga oshirildi. Lekin, afsuski, tergov xodimlari tafakkurida hali-hanuz shaxsni ayblash, har qanday holatda uni javobgarlikka tortishga erishish tergovning asosiy vazifasi, degan tushuncha mavjud. Vaholanki, davlatimiz rahbari qat’iy ta’kidlaganidek, “Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak”.
Darhaqiqat, tergovning asosiy ustuvor vazifasi ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxsning aybini isbotlash emas, haqiqiy aybdor shaxslarni fosh etish va muhimi, aybi bo‘lmagan shaxsning asossiz javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Davlat tergov organlariga vakolat berishi bilan birga, ulardan jinoyat hodisasi aslida qanday bo‘lganini aniqlashni talab qiladi. Lekin ayni paytda ularning faollik chegarasi ham qonunan aniq belgilanib, jinoyat protsess ishtirokchilaridan zo‘rlash, qo‘rqitish, huquqlarini cheklash va qonunga xilof bo‘lgan o‘zgacha choralar bilan ko‘rsatuvlar olishga urinishni taqiqlagan.
Jinoyatni ochish, ayblanuvchilarni fosh qilishda faqat va faqat qonuniy usullardan foydalanish mumkin. Aynan shuning uchun tergov organlari idoraviy yoki boshqa bir manfaatni ko‘zlab harakat qilmasligi, ayniqsa, ayblov pozitsiyasida turmasligi, faqat ayblovchi dalillarni to‘plash bilan chegaralanmasligi zarur.
Jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi zarur. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda shaxsni ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan ham og‘irlashtiradigan holatlar birdek aniqlanishi va hisobga olinishi lozim.
Afsuski, bugungi kunda ayrim holatlarda tergovning saviyasi yetarli darajada emasligi oqibatida tergov davomida qator jiddiy protsessual buzilishlarga yo‘l qo‘yish kuzatilmoqda. Bu esa bevosita samarali odil sudlovni ta’minlash darajasiga hamda sudlar tomonidan qonuniy va adolatli sud qarorlari qabul qilish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aynan shuning uchun ham Murojaatnomada davlat rahbari tergov sifatini oshirish bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘rish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Prezidentimiz tomonidan urg‘u berilgan yana bir muhim masala — sud muhokamasida davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlovchi prokurorlar tayyorgarligi masalasidir. Afsuski, bugungi kunda sud protsesslarida ishtirok etayotgan prokurorlar davlat ayblovi pozitsiyasiga zarur darajada puxta tayyorgarlik ko‘rmasligi, ish materiallarini sinchkovlik bilan chuqur o‘rganib chiqmasligi va sud tergovida nihoyatda passiv bo‘lishi oqibatida sud ayblov tomonidan berilishi kerak savollarni protsess ishtirokchilariga berishi, ish holatlarini oydinlashtirish uchun nihoyatda faollashishi holatlari kuzatilmoqda. Buning oqibatida esa protsess ishtirokchilarida “sud ayblov tarafida ekan, baribir ayblov hukmi chiqaradi”, degan yanglish xulosa yuzaga keladi.
Vaholanki, jinoyat ishlari yurituvida ayblash, himoya qilish va ishni hal qilish vazifalari bir-biridan alohida bajarilib, aynan bir organ yoki bir mansabdor shaxs zimmasiga yuklatilishi mumkin emasligi muhim jinoyat-protsessual prinsip sifatida qonunda mus tahkamlangan. Aynan shuning uchun ham Prezidentimiz mazkur masalaga alohida e’tibor qaratib, “Sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi”, deb ta’kidladi. Albatta, bugungi kunda ham prokurorlarning sudlarda ishtiroki bo‘yicha tayyorlov va malaka oshirish dasturlari amalda. Lekin joriy amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, bu tizim tashkiliy-huquqiy va institutsional jihatdan yanada takomillashtirilishiga ehtiyoj bor.
Aynan mana shu tizim Prezident farmonida aks etib, endilikda sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmni joriy etish maqsadida Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tuzilmoqda.
Mazkur yangi tizimning muhim kafolati shundan iboratki, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari o‘z vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari ularning sudda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Prezidentimiz o‘z nutqida “Odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilishi va qo‘shimcha vakolatlar berilishi”ni ta’kidlab, shunday dedi: “Nima uchun advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilmaydi? Bunday holatд́a tenglik haqida qanday gapirish mumkin? Endi sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinadi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi”.
Darhaqiqat, bugungi kunda sud-tergov amaliyotida taraflarning real tengligi to‘liq ta’minlangan deyish mushkul. Shubhasiz, ayblov tarafining vakolatlari va protsessual imkoniyatlari himoya tarafiga nisbatan jiddiy ravishda ko‘proq. Ayniqsa, dastlabki tergov bosqichida himoyachining protsessual vakolatlari kam bo‘lib, iltimosnomalar kiritish, shikoyat berish, shaxslarni ularning ixtiyoriga, asosan, so‘rovdan o‘tkazish va turli tashkilotlardan ma’lumotlarni advokatlik so‘rovi orqali olish kabi huquqlar bilangina cheklangan. Ayblov tomon sudga ayblov xulosasi taqdim etgani holda, himoya tomonda o‘z pozitsiyasini bildirish imkoniyati bo‘lmasligi taraflar tengligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Davlat rahbari tomonidan tatbiq etilishi ta’kidlangan himoyachi fikri esa, shubhasiz, himoya tarafining protsessual pozitsiyasini mustahkamlaydi. Himoya fikri sud tergovi boshlanishidan avval ikkala tarafning dastlabki tergov materiallariga nisbatan bo‘lgan fikrlarini aniqlashga xizmat qiladi va sudyada ish yuzasidan har tomonlama, xolis ma’lumotga ega bo‘lishga zamin yaratadi.
Shuningdek, ayblov xulosasi bilan birga himoya tarafdan ham o‘z himoya pozitsiyasi qayd etilgan protsessual hujjatning sudga berilishi prokurorning mas’uliyatini kuchaytirib, ishni sinchikovlik bilan ko‘rib chiqishiga, protsessual xato va kamchiliklarni aniqlashga, tergov sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ishni qabul qilib olgan sudyada faqatgina ayblov xulosasini o‘qishi natijasida unda bir yoqlama yondashuv paydo bo‘lib, shaxsning aybli ekanligiga deyarli ishonch hosil qiladi. Sudyaning ayblov xulosasi bilan birga himoya fikrini ham ko‘rib chiqishi unda sud tergovida haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishga yetaklaydi.
Bu esa sud muhokamasida taraflarning chinakam tengligini ta’minlash uchun ayblov va himoya taraflari protsessual imkoniyatlarini mutanosib ravishda belgilashga imkon beradi.
Xulosa sifatida aytish kerakki, Prezidentimiz mamlakat parlamenti va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida odil sudlovni samarali ta’minlashda sud nazorati doirasini kengaytirish, tergov sifatini tubdan yaxshilash, himoyachi huquqlarini yanada mustahkam kafolatlash hamda prokurorlarning sudda ishtirok etishdagi mas’uliyatini kuchaytirish borasida ilgari surgan asosiy vazifalarining har biri mamlakatimizda sud hokimiyati chinakam mustaqilligini ta’minlashga, jamiyatimizda va xalqaro maydonda milliy sud tizimi nufuzining oshishiga, eng muhimi esa, xalqimizning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Mirzayusuf Rustamboev,
yuridik fanlar doktori, professor
- Qo'shildi: 19.01.2023
- Ko'rishlar: 4973
- Chop etish