Axborot kodeksi loyihasi jamoatchilik takliflari asosida takomillashtirilmoqda

Bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko‘ra so‘z, axborot, e’tiqod, fikr va g‘oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, «fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir».

So‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda qanday yangilik paydo bo‘lmasin, turli munozarali bahslar, fikrlar, tortishuvlar ko‘rinishida ushbu axborotga munosabatlar bildirilmoqda. Bu ham yurtimiz ommaviy axborot vositalari va fuqarolarimizning faollashib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘z navbatida, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 33-maqsadida fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlashga oid:

  • axborot sohasini tartibga soluvchi yagona tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
  • fuqarolarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish;
  • shaxsiy va sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni Internet tarmog‘ida oshkor qilish bilan bog‘liq daxlsizlik huquqi buzilishining oldini olish;
  • kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini yaratish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda bu chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, axborot sohasini tartibga soluvchi yagona tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat – Axborot kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va 2022 yil 14-29 dekabr kunlari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti bunga qadar axborot sohasini tartibga solishga qaratilgan mavjud qonunlarni ayni shunday Kodeks shaklida uyg‘unlashtirish tashabbusini ilgari surgandi.

Axborot kodeksi loyihasi 131 moddadan iborat bo‘lib, sohaga doir 8 ta qonunni o‘zida birlashtiradi. Hujjat O‘zbekistonda axborotdan foydalanish, uni erkin va moneliksiz izlash, olish hamda tarqatishga doir jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan.

Axborot kodeksi loyihasi yuzasidan jurnalist va blogerlar, faollar tomonidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi. Xususan,  Mass-media fondi direktori Nozima Davletovaning e’tirof etishicha, bunday Kodeksni yaratish g‘oyasining o‘zi – juda ajoyib. Ushbu hujjat OAV faoliyatini boshqarishi, media to‘g‘risidagi qonunlarni tartibga solishi, jamoatchilik munosabatlarining barcha ishtirokchilarida so‘z erkinligi chegaralari haqida aniq tushunchalarni shakllantirishi kerak.

Loyiha 50 ta manfaatdor vazirlik va idora bilan kelishilgan. Lekin N.Davletova mazkur qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishidan oldin, yakuniy hujjatning ayrim bandlari Mass-media fondiga taqdim etilmaganidan tashvishda ekanini bildirdi.

Ya’ni, Mass-media fondi direktorining ta’kidlashiga qaraganda, “Jamiyat, davlat va davlat ramzlariga nisbatan tahqirlovchi xarakterga ega yoki hurmatsizlik (shuningdek, behayo so‘zlarni ishlatgan holda) ifodalangan axborotni cheklash to‘g‘risida»gi 45-modda xavflidir. Biz, har qanday fuqaroni jinoyatchiga aylantira oladigan bunday mavhum ta’riflar bilan so‘z erkinligini himoya ham qila olmaymiz va albatta, mustahkamlay ham olmaymiz. Shundoq ham jurnalist va blogerlarning o‘z kuchli senzurasi qobig‘iga o‘ralib qolishi va ulardagi mavjud qo‘rquv haqiqiy so‘z erkinligi rivojlanishiga faqatgina to‘siq bo‘lishi mumkin, xolos” (qarang: «Axborot kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasidagi «xavfli modda»/https://kun.uz/news/2022/12/29/).

Shuningdek, “Kun.uz” sayti muxbiri Farrux Absattarovning fikricha, loyihada har kim axborotni moneliksiz izlash, olish va foydalanish huquqiga egaligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, uni cheklovchi sabablar ham yo‘q emas. Masalan, Kodeksning 4-moddasida axborot olishni faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq-erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish maqsadida cheklash mumkinligi aytilgan.

“Bizningcha, loyihadan chiqarib tashlash kerak bo‘lgan jumla: «mamlakatning ma’naviy va madaniy salohiyatini muhofaza qilish maqsadida axborot olishni cheklash». Chunki «ma’naviy salohiyat» va «madaniy salohiyat» tushunchalariga hech qaerda, Kodeksning o‘zida ham aniqlik kiritilmagan. Amaldorlar bu normani senzura uchun qurol sifatida ishlatishi mumkin”, deb yozadi F.Absattarov (qarang: Huquq-erkinliklar, taqiq va istisnolar – Axborot kodeksi loyihasida nimalar yozilgan?/ https://kun.uz/news/2022/12/21/).

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotida bildirilishicha,  Axborot kodeksi loyihasining tegishli normalari, jamoatchilikdan kelib tushgan 100 ga yaqin taklif va e’tirozlarning har biri o‘rganilgan holda, qayta ishlanadi. Jamoatchilik fikrlari hisobiga takomillashtirilgan loyiha Adliya vazirligiga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun yana kiritiladi.

Qolaversa, 2023 yil mart-aprel oylariga qadar Adliya vazirligidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan hamda kelishilgan loyiha matni YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda OAV masalalari bo‘yicha vakili kabi xalqaro ekspertlarga o‘rganish uchun yetkaziladi.

Joriy yil may-iyun oylarida xalqaro tashkilotlarning takliflari asosida tayyorlangan Kodeks loyihasi muhokamasi yuzasidan OAV vakillari va jurnalistlar ishtirokida davra suhbati o‘tkaziladi.

Shunday qilib, Axborot kodeksi loyihasi Oliy Majlisga kiritiladi. Bunda loyiha Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinsa, uning matni quyi palata rasmiy saytida e’lon qilinishi kerak. Ayni tartib amaldagi qonunchilikda mustahkamlangan.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech