Yangi O‘zbekiston – eng yaxshi shaxmat mamlakati

Yaqinda Niderlandiyada poyoniga yetgan “Tata Steel Chess” xalqaro turniri yakunlariga bag‘ishlangan tantanali tadbirda mashhur shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yilning eng yaxshi shaxmat mamlakatiga topshiriladigan “Oltin minora” (Tour Dʼor) sovrinini qabul qilib oldilar. Ushbu sovrin timsolida O‘zbekiston dunyo miqyosida yilning eng yaxshi shaxmat mamlakati, deya tan olindi.

Yurtimiz shaxmatchilarining so‘nggi yillarda xalqaro arenalarda erishayotgan bemisl g‘alabalari ana shunday shov-shuvli havas va e’tiroflar markazida turibdi. Bu, bir tomondan, endigina boshlangan 2023 yil yangi g‘alabalarga boy bo‘lishining ezgu daragi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, O‘zbekistonning 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bo‘lajak mezbonligiga munosib poydevor tiklanayotganidan dalolat hamdir.

 Butunjahon shaxmat olimpiadasi tarixiga nazar solinsa, ilk shaxmat olimpiadasi – jamoalar o‘rtasida jahon chempionati 1927 yilda Londonda o‘tkazilgan. O‘shanda 16 jamoa qatnashgan musobaqada vengriyaliklar g‘olib chiqqan.

Ikkinchi jahon urushi davrida bir muddat to‘xtab qolgan va 1950 yilda qayta tiklangan shaxmat olimpiadasi bugun mazkur sport turining nufuzli musobaqasi hisoblanadi. Har ikki yilda o‘tadigan olimpiadada ishtirok etish uchun har qaysi davlatning to‘rt nafardan asosiy, ikki nafardan zaxiradagi shaxmatchisi tashrif buyuradi.

Bunda raqiblar o‘rtasida yakkama-yakka kurashlarning yakuniy natijalariga ko‘ra g‘olib jamoa aniqlanadi. Yakunda umumiy reytingga ko‘ra olimpiada g‘oliblari ma’lum bo‘ladi va ularning har biriga oltin medallar taqdim etiladi.

Butunjahon shaxmat federatsiyasiga (FIDE) kongressi delegatlari 2026 yilda Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkazilishini bir ovozdan ma’qullaganlari bejiz emas. Bu e’tirof zamirida so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz hayotining barcha sohalari qatori sport, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga ulkan e’tibor qaratilayotganiga bo‘lgan yuksak ishonch mujassamdir.

Yurtimizda shaxmat sohasida izma-iz qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning Konstitutsiyaga, yanada aniq qilib aytganda, konstitutsiyaviy islohotlarga bog‘liqligi ham ayni shu omil bilan izohlanadi. Binobarin, 2022 yil 1 avgustigacha umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Asosiy qonunimiz quyidagi yangi normani o‘zida mujassam etgan 42-1-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Ya’ni: «Davlat  jismoniy  tarbiya  va  sportni  rivojlantirish,  bolalar  hamda  yoshlarni  ma’naviy  va  axloqiy  jihatdan  tarbiyalash  uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi».

Bunday norma, birinchidan, amaldagi Konstitutsiyada mavjud emas. Ikkinchidan, mazkur yangi modda Bosh Qomusimizga “osmondan olib”, yanada tushunarli qilib aytganda, yo‘q joydan taklif etilmayapti. Bu mamlakatimizda shaxmatni, umuman, jismoniy  tarbiya  va  sportni  rivojlantirish yo‘lida keyingi yillarda amalga oshirilgan qamrovdor yangilanishlarning konstitutsiyaviy asosini mustahkamlash istagi hosilasidir.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 5 avgust kuni qabul qilingan “Shaxmatni yanada  ommalashtirish  va  rivojlantirish  bo‘yicha  qo‘shimcha  chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarori  ayni sohadagi sharoit  va  imkoniyatlar  ko‘lamining  yanada  kengayishida muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. Zero, mazkur qaror O‘zbekistonning jahon miqyosida tafakkur  o‘yini – tom ma’nodagi shaxmat mamlakatiga aylanishiga qaratilgan.

Bungacha ham bu borada izchil odimlar qo‘yilgandi. Bu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2021 yil 14 yanvarda qabul qilingan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyatini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham bolalar va o‘smirlarning shaxmat bilan shug‘ullanishga qiziqishini oshirish, havaskor shaxmatni ommaviylashtirish, bu borada umumta’lim maktablari, boshqa ta’lim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda shaxmat bo‘yicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etishga alohida urg‘u berilgan. 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish sohasidagi yuksak marralar bugungi kunda qonun ijodkorlari tomonidan Konstitutsiyaning yangi normasi sifatida huquqiy jihatdan muhrlanayotgan bo‘lsa, mohir shaxmatchilarimiz tomonidan amalda zabt etilmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech