Ramsar Konvensiyasi – 52 yoshda

2 fevral – Butunjahon suvli-botqoq yerlar kuni

 

1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasida “xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligi” tan olinishi belgilangan. Hozirgi kunda izchil davom etayotgan konstitutsiyaviy islohot doirasida ishlab chiqilgan va Internetda keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, ayni vaqtda referendumga qo‘yish uchun maromiga yetkazilayotgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida ushbu normadagi xalqaro huquqning e’tirof etilishiga oid tushuncha yanada aniqlashtirildi.

Shu ma’noda, O‘zbekistonning boshqa ko‘plab sohalar qatori atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarda ham izchil ishtirok etayotgani juda muhim. Bu o‘rinda BMTning:

  • Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi;
  • Cho‘llanish va qurg‘oqchilik bilan kurashish bo‘yicha konvensiyasi;
  • Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha konvensiyasi;
  • Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi;
  • Xavfli chiqindilarni transchegaraviy tashish va yo‘q qilishni nazorat qilish to‘g‘risidagi Bazel konvensiyasi kabi xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi.

BMTning Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risidagi konvensiyasi (Ramsar Konvensiyasi) ham katta e’tiborga loyiq. Chunki mazkur xalqaro-huquqiy hujjat sayyoramizda biologik xilma-xillikni muhofaza qilishda muhim o‘rin tutadi.

Konvensiya (inglizcha nomi: Convention on Wetlands) 1971 yil 2 fevralda Eronning Ramsar shahrida qabul qilingan. Shuning uchun ham har yili ayni sanada Butunjahon suvli-botqoq yerlar kuni dunyo miqyosida nishonlanadi.

Bugun 1975 yilda kuchga kirgan va suv-botqoq hududlarini himoya qilish maqsadlariga yo‘naltirilgan dastlabki global mazmundagi hujjat – Ramsar Konvensiyasi qabul qilinganiga roppa-rosa 52 yil bo‘ldi.

Afsuski, Ramsar Konvensiyasining amal qilishiga qaramay, 1970-2015 yillar oralig‘ida yer yuzidagi suv-botqoq hududlarining qariyb 35 foizi boy berildi. Eng yomoni, 2000 yildan buyon bu nomaqbul jarayon yanada tezlashmoqda.

 Mamlakatimiz Ramsar Konvensiyasiga bundan 22 yil avval qo‘shilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 30 avgustdagi qarori buning uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.

Tahlillarga ko‘ra, yurtimiz hududidan bugungi kunda yiliga 4 mln.dan ziyod suvda suzuvchi qushlar ko‘chib o‘tadi. Mamlakatimizning ochiq suv havzalari qushlarning 100 dan ortiq turi uchun qish mavsumida to‘xtash joylari hisoblanadi.

Yurtimizda o‘nga yaqin suv havzasi bor bo‘lib, ular mahalliy suv qushlari uchun juda katta ahamiyatga ega. Soha mutaxassisi I.Nurmetovning qayd etishicha, O‘zbekistonning 3 ta yirik suv hududi Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan. Bular:

  • Dengizko‘l;
  • Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi;
  • To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlaridir.

BMTning Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risidagi konvensiyasi, ya’ni Ramsar Konvensiyasi normalari xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq hududlarni asrash va ulardan oqilona foydalanishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda suvda suzuvchi mahalliy va o‘tar, ya’ni ko‘chmanchi qushlarning yashash muhitini yaxshilashga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bu yilgi qish mavsumi nihoyatda sovuq va qorli keldi. Ayniqsa, Aydar-Arnasoy ko‘llarining suvi sho‘r bo‘lsa-da, keyingi 55 yil davomida to‘rtinchi bor muzladi.

Jizzax hamda Navoiy viloyatlari hududida mavj urib turgan “Sahro marvaridi”, ya’ni Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi o‘ziga xos tabiati, jonli flora va fauna olami bilan ajralib turadi. Hozirgi paytda uning bir uchi Jizzax viloyatining Arnasoy, Zafarobod, Mirzacho‘l va Forish tumanlari cho‘l, dasht hamda qiru adirlari uzra cho‘zilib, Navoiy viloyatining Nurota tumani va Qizilqum cho‘llari uzra oppoq qor va muz qoplab yastanib yotibdi.    

Qadimda Tuzkon nomi bilan tanilgan Aydar va Arnasoy ko‘llari birlashib, Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi nomi bilan atalmoqda. Ushbu ko‘llar kattaligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur ko‘llar tizimida to‘plangan suv yurtimizdagi barcha suv omborlaridagi suv hajmidan ikki hissa ko‘p ekan. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining umumiy maydoni 370 ming gektar, uzunligi 190 kilometr, o‘rtacha kengligi esa 21 kilometr. Eng chuqur qismi 30 metrni, o‘rtacha chuqurligi 7 metrni tashkil etadi.    

Olimlarning fikriga ko‘ra, bundan 15-20 yillar ilgari ko‘l hududida 37 turdagi 192 mingta qush ro‘yxatga olingan. Bugungi kunda esa suv o‘tlari va baliqlar bilan oziqlanadigan 20 turdagi qushlar qolgan. Ularning soni yildan-yilga kamayib, ayrimlari yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

Har yili dekabr, yanvar-mart oylarida bu yerga 400 ga yaqin qush turlari qishlash uchun uchib keladi. Ko‘lning kichrayib, minerallashish va tuzlanish darajasining ortishi 13 turdagi xalqaro, 24 turdagi milliy “Qizil kitob”ga kiritilgan qushlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin.    

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi anomal sovuq natijasida oqim kirib turuvchi joylarda 8-10, ko‘lning o‘rta qismida taxminan 20-25 santimetrgacha muzlagan. Ko‘lga eltuvchi jangalzor va qumliklar qalin qor va muzliklar bilan qoplangani sababli ko‘lning o‘rta qismiga borishning imkoni yo‘q.    

Xo‘sh, bu muzlash turli qush, baliq va boshqa hayvon turlariga qanchalik ta’sir qiladi? Ushbu jonli faunani asrab qolish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?  

O‘zA muxbirining qayd etishicha, havo haroratining sovuqligi, qalin qor, muzliklarga qaramasdan, bu yerda zarur biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, ko‘ldan yiliga 4 ming tonna baliq ovlanadi. Yaqin kelajakda Aydar-Arnasoy ko‘llarida tadbirkorlarni jalb qilgan holda baliq yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Bu borada Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha qabul qilingan dastur alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, ko‘llar tizimi qirg‘oqlari bo‘yidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekilmoqda. O‘tgan  yilning kuz faslida bu yerda ko‘plab daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi o‘sha hududdagi tabiat muvozanatini saqlab turishda juda qo‘l keladi.

 Shuni ham ta’kidlash joizki, keyingi kunlarda yurtimizning ayrim mintaqalarida tunda harorat –18, ba’zi joylarda –20 darajagacha sovib ketdi. Buning oqibatida ozuqa topa olmagan qushlar, hayvonlarning ochlikdan sovuqda muzlab qolishi va nobud bo‘lishi hollari ham kuzatildi.

Shunga qaramay, jonivorlarni, jumladan, yurtimizga olis o‘lkalardan panoh istab kelgan o‘tar qushlarni asrab qolish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Zero, jonli nabotot va hayvonot dunyosi omon qolishiga ko‘maklashish insonga xos ezgu fazilatdir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech