Barchamizga ayonki, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari himoyasining tashkiliy-huquqiy bazasini mustaxkamlash, bu bo‘yicha xalkaro standartlarni milliy konunchilikka implementatsiya kilish, bu masalalar yuzasidan xalkaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish strategik yo‘nalishga aylandi.
Buni yurtimiz inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ziyod xalqaro hujjatlar, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi, 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgani hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilingani ham tasdiqlaydi.
Mazkur yo‘nalishdagi maqsadlarga erishishda ta’lim dasturlari muhim ahamiyatga ega ekanligi o‘z-o‘zidan tushunarli. Negaki, har bir islohotning tub zamirida sifatli ta’lim yotadi. Prezidentimizning 2022 yil 20 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Najot — ta’limda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi” deya alohida ta’kidlanishi ham bejiz emas.
Tan olish kerakki, shu kunga qadar inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish borasida muayyan muammolar to‘planib qolgan edi. Bularga barcha oliy ta’lim muassasalarida inson huquqlarini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari yo‘lga ko‘yilmaganligi, darsliklar va boshqa o‘quv adabiyotlari eskirganligi, zamon talablariga javob bermasligi, ushbu sohani moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarni misol qilib keltirish mumkin.
Davlatimiz rahbari tomonidan kuni kecha qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan mazkur muammolarning ijobiy yechimlari belgilab berildi.
Jumladan:
- 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari, shuningdek, rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquq,lari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari) joriy etiladi;
- “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari”, “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” singari turkum qo‘llanma va risolalar tayyorlanadi;
- tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda yo‘lga qo‘yiladi;
- har yili “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar uyushtirildi.
Shu o‘rinda inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash amaliyoti rivojlangan, jumladan, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, XXR hamda qo‘shni va qardosh mamlakatlar — Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya va Ozarbayjon tajribasida ham mavjudligini aytish zarur.
Yurtimizda inson huquqlari bo‘yicha Milliy ta’lim dasturining qabul qilinishi BMTning Inson huquqlari umumjahon hamda Inson huquqlari ta’limi va tarbiyasi to‘g‘risidagi deklaratsiyalari, 1993 yilgi Vena deklaratsiyasi va Harakat dasturi hamda 2018 yil 27 sentyabrda Inson huquqlari bo‘yicha kengash tomonidan qabul qilingan “39/3. Inson huquqlari bo‘yicha jahon ta’lim dasturi” talab va tavsiyalariga ham to‘la mos keladi.
Umuman olganda, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar, yuqorida nomi keltirib o‘tilgan qarordan kelib chiqib, yangicha yondashuvlar asosida davom ettiriladi. Bu jarayonni nazorat qilib borish biz, parlament vakillaridan katta mas’uliyat talab etadi.
Arziqul SOATOV, Oliy Majlis Senati a’zosi
- Qo'shildi: 13.02.2023
- Ko'rishlar: 4460
- Chop etish