20-28 fevral – “Inson huquqlari haftaligi”
Mamlakatimizda azaldan ta’lim-tarbiya va milliy ma’naviyat doimo uzviy aloqada bo‘lgan. Ular umumbashariy qadriyatlar bilan birga rivojlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarizda har kimning bilim olish huquqi kafolatlangan.
Prezidentimiz 2022 yil 20 dekabrdagi Murojaatnomasida 2023 yilni yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilgani bejiz emas. Aslida ham, “najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.
Barcha rivojlanishlarning asosi ta’limdan boshlanadi. Ta’lim, albatta, tizimli, uzviy va uzluksiz tashkil etiladi. Maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va oliy ta’lim sohalari bir-biriga bog‘liq holda rivojlantiriladi.
Yosh avlodga zamonaviy ilm-fan sirlarini o‘rgatib, kasb hunarga yo‘naltirish yoki farzandlarimizni raqobatbardosh yetuk mutaxassislar etib tarbiyalash vazifasi sifatli ta’lim berishga safarbar etilgan barcha muallimu ustozlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, yoshlarimiz yuksak ma’naviyatli, umumbashariy qadriyatlar va milliy an’analarimizga sodiq, komil inson bo‘lib yetishishlari butun jamiyat uchun ahamiyatlidir.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, ta’lim sifatini oshirish Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishning yagona va to‘g‘ri yo‘lidir. Bugungi kunda ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylangan. Ushbu dolzarb talabdan kelib chiqqan holda ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.
Bu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlangani alohida ahamiyat kasb etadi. Nega deganda, mazkur Dastur barcha inson huquqlaridan foydalanishga yo‘l ochadigan boshlang‘ich nuqta – ta’lim olish huquqini takomillashtirishga qaratilgan ulkan amaliy qadamdir.
Ta’lim olish huquqi inson huquqlari bo‘yicha ta’limni o‘z ichiga olib, ushbu huquqlarni o‘rganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish usullari, vositalarini ham qamraydi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli bo‘lgan jarayondir.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim.
O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tomonidan 2023 yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi”ni o‘tkazish bo‘yicha Dastur tasdiqlandi. Shu kunlarda Dasturda belgilangan tadbirlarning izchillik bilan amalga oshirilayotgani, shubhasiz, Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi talablari allaqachon hayotimizga chuqur tatbiq etilayotganining ifodasidir.
Muqaddas QOSIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi g‘aznachisi
- Qo'shildi: 21.02.2023
- Ko'rishlar: 4230
- Chop etish