Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish: islohot davom etadi

Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi islohotlar yangi bosqichga chiqdi. Xususan,  majburiy mehnat va bolalar mehnatini tugatish bo'yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 

Mustaqillik yillarida O'zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotiga a'zo bo'ldi va ushbu tashkilotning 14 ta xalqaro-huquqiy hujjati, jumladan, 8 ta asosiy konventsiyasini ratifikatsiya qildi. Ular orasida Bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konventsiya ham bor.

Majburiy mehnat va bolalar mehnatini tugatish bo'yicha xalqaro standartlarni mamlakat hayotiga to'liq tatbiq etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi “2018-2020 yillarda Xalqaro mehnat tashkilotining O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyalarini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi va “O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” qarorlari qabul qilindi.

Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanganlik uchun javobgarlik masalasiga oid xalqaro va mintaqaviy hujjatlar hamda xorijiy mamlakatlarning qonunchiligini o'rganish muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida majburiy mehnat holatlari uchun javobgarlik masalalari ko'zda tutilgan. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 51-moddasida bunday holatlar uchun tegishlicha ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

2020 yilgi paxta-yig'im terimi davrida majburiy mehnatga yo'l qo'yganligi uchun 42 nafar mansabdor shaxs, shu jumladan, tashkilot rahbarlari, hokim va uning o'rinbosarlari Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning ushbu moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan. Yana 6 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritilgan.

Bundan tashqari, 61 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 34 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 13 ta holatda mehnat vazifasi bajarilmagani, 17 ta holatda
ish haqining o'z vaqtida to'lamaslik faktlari aniqlangan. Shu munosabat bilan tegishli klaster va fermer xo'jaliklari rahbarlari ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Yurtimizda majburiy mehnatni tugatish yuzasidan olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlarining bevosita ishtirokida “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi asosida qishloq xo'jaligida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish monitoringi olib borilib, har yili tashkilot tomonidan yillik ma'ruzalar e'lon qilinmoqda.

Xalqaro mehnat tashkilotining katta texnik maslahatchisi Y.Astrup tomonidan “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi doirasida 2020 yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlarini aniqlash bo'yicha o'tkazilgan monitoring natijalariga ko'ra mamlakatda 2020 yilda paxta terimiga majburiy jalb etish holatlari 2019 yilga nisbatan 33 foizga kamaygani ta'kidlandi.

“Kotton Kompeyn” xalqaro koalitsiyasi so'nggi 10 yilda ilk bora o'tgan yili O'zbekistonda olib borilgan paxta terimi mavsumidagi majburiy mehnat holatlari monitoringida ayrim paxta yetishtiruvchi tumanlarda majburiy mehnat bilan bog'liq birorta holatni hujjatlashtirmadi. Ushbu xalqaro tuzilma mamlakatimizning inson huquqlari sohasida erishgan bu natijasini e'tirofga sazovor, deb baholadi.

Ushbu xalqaro ma'ruzalardagi ma'lumotlar majburiy mehnat va bolalar mehnatini tugatish bo'yicha O'zbekistonda sezilarli va e'tirofga loyiq natijalarga erishilganining xolis tasdig'idir. Bularning barchasi, o'z navbatida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlar samarasi hisoblanadi.

Prezidentimizning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi asosan O'zbekistonda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari nimalardan iboratligi haqida bo'ldi. Davlatimiz rahbari O'zbekistonda, jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha katta ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi.

Shuningdek, "Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili" deb e'lon qilingan 2021 yilda mamlakatimizda Bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonun qabul qilish tashabbusi ilgari surilayotgani xalqaro hamjamiyatga ma'lum qilindi.

Lazizbek Xoliqulov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
tahririyatining Marketing, reklama va targ'ibot bo'limi
bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech