O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Oliy sud raisi B. Islomov raisligida o‘tgan yig‘ilishda keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar tufayli odil sudlov sohasida katta o‘zgarishlar yuz bergani qayd etildi.
Muhim islohotlardan biri – bu ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan yangi sud tizimining shakllantirilgani, ya’ni ma’muriy sudlarni tashkil etilgani bo‘ldi.
Ushbu sudlarning asosiy vazifalari sifatida davlat organlarining noqonuniy qarorlari va mansabdor shaxslarning harakati (harakatsizlik)dan shaxsni ishonchli himoya qilish belgilandi. Natijada aholi manfaatlariga zarar yetkazayotgan minglab g‘ayriqonuniy hujjatlar bekor qilindi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari ma’muriy sudlarda tiklandi.
– Misol uchun, 2017 - 2024 yillarda ma’muriy sudlar tomonidan 102 mingdan ortiq ish ko‘rilgan bo‘lsa, shundan kiritilgan arizalarning 61 mingga yaqini yoki 60 foizi qanoatlantirilgan, - dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – O‘tgan yilning o‘zida ushbu ko‘rsatkich 41 foizni tashkil etib, 15 mingdan ortiq ishlardan 7 mingga yaqin talablar qanoatlantiridi.
Yig‘ilishda keyingi 8 yilda ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ma’muriy sudlar sohasiga fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan yangi institutlar kiritilgani ta’kidlandi.
Xususan, ma’muriy sud ishlarini «sudning faol ishtiroki» tamoyili asosida olib borilishi belgilandi. Shuningdek, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabi bilan ma’muriy sudga murojaat qilish huquqi taqdim etildi.
Yana bir muhim islohotlardan biri – ma’muriy sudlarning qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, takroran ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash qoidasi belgilangani bo‘ldi.
Shu bilan birga, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida kelishuvga erishish mexanizmi joriy qilindi. Ushbu islohot tufayli taraflarga nizoni ortiqcha vaqt va xarajatlarsiz tinch yo‘l bilan hal etish imkoniyati taqdim etildi.
Amalga oshirilgan salmoqli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 30 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, qarori, harakati (harakatsizlik) ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sud majlisida majburiy ishtirok etishini ta’minlash belgilandi. Shuningdek, ma’muriy sud ish yurituvida dastlabki eshituv institutlarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlanib, ushbu konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha idoralararo komissiya tarkibi belgilandi.
Yig‘ilishda ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyaning ish rejasi hamda vazifalari taqsimoti muhokama etildi va tasdiqlandi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 18.02.2025
- Ko'rishlar: 822
- Chop etish