Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo joriy yilning 3 noyabr kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida tashkil etilgan “ma’rifat soati” mehmoni bo‘ldi.
Universitetning magistratura bosqichi talabalari ishtirok etgan “ma’rifat soati”da taniqli jurnalist va shoir G‘ulom Mirzo Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati, mamlakatimizda inson huquqlarini, shu jumladan so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mazmun-mohiyati, bu borada Milliy markaz tomonidan bajarilayotgan ishlar, xususan “Inson huquqlari kutubxonasi” turkumi ostida chop etilgan yangi nashrlar to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati yanada takomillashdi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor 2020 yil 22 iyunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi. Unda 14 ta asosiy vazifa qayd etilgan bo‘lib, shundan ikkitasi so‘z erkinligiga taalluqli. Ya’ni, sakkizinchi va o‘n ikkinchi vazifa “so‘z va fikr erkinligi, ma’lumot olish... sohalarida huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish” hamda “inson huquqlari sohasida axborot-ma’rifiy faoliyatning sifati hamda manzilliligini yaxshilash”dan iborat.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mazkur vazifalar ijrosi doirasida “Inson huquqlari kutubxonasi” turkumida huquqiy adabiyotlar nashr etmoqda. Ushbu nashrlar aholining barcha qatlamlarini qamrab olib, yurtimizning eng chekka hududlarigacha yetib boradi va aholining huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
“Ma’rifat soati” tinglovchilarida Milliy markaz tomonidan 2021 yilda nashr etilgan “So‘z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” to‘plami, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu to‘plamda bir qator xalqaro va mintqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro-huquqiy hujjatning so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan. Kitobning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat.
Birinchidan, to‘plamning birinchi bobida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YuNESKO va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalaridagi so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir normalardan namunalar keltirilgan.
Uchta muhim xalqaro-huquqiy hujjat – Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Xalqaro raddiya huquqi to‘g‘risidagi konvensiya hamda Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida Vindxuk deklaratsiyasi esa to‘liq holda va ilk bor o‘zbek tilida chop etilgan.
Ikkinchidan, to‘plamning ikkinchi bobida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqaviy hujjatlarining so‘z, fikr va axborot erkinligi bilan bog‘liq normalari taqdim etilgan.
Bunda Yevropa Kengashining Fikrni ifodalash va axborot erkinligi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi, Inson huquqlari to‘g‘risidagi Amerika konvensiyasi, Inson va xalqlar huquqlari to‘g‘risidagi Afrika xartiyasi, shuningdek MDHning Inson huquqlari va asosiy erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasidagi so‘z, fikr va axborot erkinligiga doir normalar kitobxon e’tiboriga havola qilingan.
Uchinchidan, to‘plamning uchinchi bobida nohukumat yo‘nalishdagi xalqaro anjumanlar va nodavlat tashkilotlar qabul qilgan so‘z, fikr va axborot erkinligiga taalluqli xalqaro-huquqiy hujjatlar jamlangan.
Ayniqsa, Iogannersburg prinsiplari, Sofiya Deklaratsiyasi, Talluar Deklaratsiyasi kabi xalqaro hujjatlar, bir tomondan, fikrni ifodalash va axborot erkinligi borasidagi muhim qoidalari bilan mashhur bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ushbu hujjatlarning matni birinchi marta o‘zbek kitobxoniga davlat tilida taqdim etilayotgani ahamiyatlidir.
Ikki tomonlama muloqot shaklida o‘tgan “ma’rifat soati”da O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistrlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Universitetning magistratura bo‘limiga, shuningdek tadbirda faol qatnashgan talabalarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar sovg‘a qilindi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas’ul kotibi
- Qo'shildi: 04.11.2021
- Ko'rishlar: 3873
- Chop etish