27 aprel kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlarida diniy erkinlik masalalari bo'yicha mintaqaviy videokonferentsiya bo'lib o'tdi. "Diniy bag'rikenglikni, dindorlar huquq va erkinliklarini ta'minlashning siyosiy va huquqiy jihatlari" mavzuidagi ushbu anjuman O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita tomonidan tashkil etildi.
Konferentsiya ishida Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistondan din sohasi bo'yicha ekspertlar ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, bugungi kunda barcha insonlarga taalluqli inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ijtimoiy kun tartibi va davlatlar zimmasidagi majburiyatlarni belgilashda din mavzusi xalqaro munosabatlar va milliy siyosatning muhim omili sifatida tobora katta ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
Mintaqaviy konferentsiyada quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:
- Markaziy Osiyo mamlakatlarining dindor fuqarolar huquqlari va erkinliklari bo'yicha siyosiy-huquqiy kafolatlarni ta'minlash borasidagi tajribasi hamda dinlararo birdamlik, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati;
- dindor fuqarolar huquqlari va erkinliklarini har tomonlama ta'minlash bo'yicha ko'rilayotgan choralar tahlili;
- muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
- Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarining ushbu sohalardagi ijobiy tajribasini xalqaro hamjamiyat e'tiboriga yetkazish.
Anjumanda O'zbekiston ekspert-tahlil hamjamiyati va mamlakat jamoatchiligi vakillari qatnashdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Strategiya va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston musulmonlari idorasi, Xalqaro islom akademiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mamlakatimiz diniy konfessiyalari mutaxassislari shular jumlasidandir.
Ushbu anjuman hozirgi vaqtda diniy erkinliklarni ta'minlash borasida nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki butun jahon hamjamiyati oldida dolzarb bo'lib turgan muammolarga yechim topishda muhim amaliy maydoncha vazifasini o'tadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan:
- diniy erkinliklarni ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining joriy holati va ustuvor yo'nalishlaridan mamlakat va dunyo jamoatchiligi xabardorligini oshirish;
- diniy bag'rikenglikni ta'minlashga doir masalalar bo'yicha munozara maydonchasi, ya'ni milliy va xalqaro ekspertlar guruhi ("pul") tashkil etish;
- O'zbekistonning ushbu sohadagi ijobiy tajribasini mintaqaviy va xalqaro hamjamiyatlar e'tiboriga yetkazish zarurligi ta'kidlandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.04.2021
- Ko'rishlar: 4047
- Chop etish