“Mehr va parvarish uyi” bolajonlar xizmatida

Guliston shahrida davlat-xususiy sherikchiligi asosida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Kunduzgi parvarish xizmati” ishga tushdi. Bu yerda 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar haftasiga 5 kun, kuniga 9 soatdan 12 soatgacha parvarish, reabilitatsiya, rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Mazkur muassasa Prezidentimizning 2025 yil 3 fevraldagi "Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

Ochilish marosimida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Guliston shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullari, ota-onalar hamda muassasa xodimlari ishtirok etdi.

“Mehr va parvarish uyi”  faoliyatidan jamoatchilik, ayniqsa, ota-onalar mamnun bo‘ldi.

– Qizim tug‘ma nogiron. Yillar davomida uni uyda parvarish qildim. Ishlashga imkonim bo‘lmagan. Endi esa qizim bu yerda, men esa ishga kiraman. Juda minnatdorman, – deydi Feruza Xoliqulova.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2025 yilning  oxirigacha bunday muassasalar barcha hududlarda tashkil etiladi. Muassasada bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Reabilitatsiya uskunalari, sog‘lom ovqatlanish, dam olish, o‘yin va o‘quv xonalari faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, har bir bolaning ehtiyoji hisobga olingan holda psixolog, logoped, massajchi va pedagoglardan iborat mutaxassislar jamoasi ish olib boradi. Shuningdek, agar bola markazdan 3 kilometr uzoqlikda yashasa, uning kelib-ketishi uchun maxsus transport xizmati ham ko‘rsatiladi.

Guliston shahrida yo‘lga qo‘yilgan mazkur tashabbus  ijtimoiy adolat, inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam berishning yorqin ifodasidir.

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech