Millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash

Insoniyat yaralibdiki, tinch, baxtli, saodatli yashashga intiladi. Lekin bu intilish ochko'zlik, hasad, hudbinlik kabi illatlar tufayli ba'zilarga orzuligicha qolib kelmoqda. Turli urush va janjallar oqibatida esa inson ana shunday baxtdan bebahra qolmoqda. Bo'lib o'tayotgan to'qnashuvlarning asosiy sababi hudud talashish, boylik orttirish uchun bo'lsa, yana aksarining sababi diniy kelishmovchiliklardir. Ana shunday mojarolarning oldini olish uchun esa insoniyat diniy bag'rikenglik g'oyasi ostida birlashishi zarur.

O'zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e'tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o'lka bo'lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo'lgani, Vatan taraqqiyoti yo'lida yelkadosh bo'lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko'p qayd etilgan.

Hozirgi kunda O'zbekiston aholisining soni 33mln.dan oshgan bo'lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e'tiqod qiladi. 3,5% ga yaqin fuqarolar pravoslav diniga mansub bo'lib, qolganlarini boshqa konfessiya vakillarini tashkil etadi. Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha ulkan yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat'iy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne'mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.

So'nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta'sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko'rinishda tarqatish, internet orqali targ'ibot o'tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog'ida turli nomlar bilan chiqib, fuqarolarga tahdid qilayotganlar ham yo'q emas. Ta'kidlash zarur, diniy esktremizmga qarshi kurashish har bir insonning o'zida bo'lishi shart. Turli internet tarmog'i orqali e'lon qilinadigan yot g'oyalarga qarshi kurashish hamda ezgulik sari qadam tashlab insonning tafakkurini boyitishda xizmat qiladi. Afsuski, ba'zan insonlar noto'g'ri targ'ibot sabab o'z ishini real hayotga yaqinlashtirib, yot g'oyalarni tarqatuvchi tashkilotlarni islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o'rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Bunday fikrlovchilar Markaziy Osiyoda, xususan, O'zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bu kabi yoshlar insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go'yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a'zolarining maqsadlari yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta'siridan chiqarish, o'qish yoki ishidan ajratib olishdir.

Diniy estremizm nima o'zi? Diniy ekstremizm – ba'zi diniy tashkilotlar yoki ayrim dindorlarning jamiyat qonun-qoidalariga mos kelmaydigan mafkurasi va faoliyatidir. Diniy ekstremizm ko'pchilik dinlarda mavjud bo'lib, uning tarafdorlari o'z oldiga siyosiy maqsadlarni qo'yadi.

Mamlakat va jamiyat xavfsizligi azaldan davlatning asosiy masalalaridan bo'lib kelgan. Ayniqsa, yurtimiz mustaqillika erishgach, xavfsizlikni ta'minlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etib bordi. Chunki dunyo maydonida terrorizm va diniy aqidaparastlik oqimi, buyuk davlat shovinizmi kabi yovuz niyatni ko'zlovchi oqimlar o'zga davlatlarning rivojlanishiga tahdid solish va bu orqali dunyoga hukmronlikka erishishga intilmoqda. Jahon miqyosida inson ongi va qalbi uchun kurash shiddat bilan davom etmoqda. Ta'kidlab o'tish lozim, bugun mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham xatarli. Chunki mafkura poligonlari bu inson ongidir. Unda sinash uchun quyilgan g'oya agar qalbdan joy olsa, insonni ma'lum maqsad yo'lida harakatga keltiradi. O'ta globallashgan fan-texnika asrida inson ongi va qalbi sinovdan o'tkazilmoqda. Inson ongiga aqidaparast kuchlar yot g'oyalarni quyishga va bu bilan ma'lum mamlakatlarning ichida siyosiy tarqoqlik, boshboshdoqlikni keltirib chiqarishga va shu bilan hokimiyat tepasiga kelishga intilmoqdalar. Xuddi shu kabi bizning ozod va obod vatanimizning tinchligi, osoyishtaligini ko'rolmayotgan ba'zi kuchlar mamlakatimizning barqarorligiga raxna solishga intilayotirlar. Inson doim tinchlik qadriga yetib, salbiy kuchlarga qarshi kurashishi lozim.

Shunday ekan, biz bunday holga aslo loqaydlik bilan munosabatda bo'lmasligimiz, chuqur bilim va malaka bilan vaziyatni oqilona baholashimiz va qaror qabul qilishimiz, xavfsizlikni ta'minlash chora-tadbirlarini yuqori darajada amalga oshirish darkor deb o'ylaymiz.

Biz din bundan buyon ham aholini eng oliy ruhiy, axloqiy va ma'naviy qadriyatlardan, tarixiy va madaniy merosdan bahramand qilishi tarafdorimiz. Lekin hech qachon diniy da'vatlar hokimiyat uchun kurashga, siyosat, iqtisodiyot va qonunshunoslikka aralashish uchun bayroq bo'lishiga yo'l qo'ymasligimiz shart. Chunki bu holni davlatimizning xavfsizligi, barqarorligi uchun jiddiy xavf-xatar deb hisoblaymiz.

Diniy ekstremizm – jamiyat uchun an'anaviy bo'lgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid bo'lgan g'oyalarni aldov va zo'rlik bilan targ'ib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi.

Ekstremizm va terrorizm bir-biri bilan bog'liq bo'lgan yagona jarayonning birin-ketin rivojlanadigan bosqichlaridir. Diniy-ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiy sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo bo'lishidir. Mutaassiblik muayyan g'oyalarning to'g'ri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan ketish, “o'zgalar” va “o'zgacha” qarash va g'oyalarga murosasiz munosabatda bo'lish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda, ularni tan olmaslikda namoyon bo'ladi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yo'nalishlar orasida keskin nizo va to'qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo'lgan. Ayni paytda, dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik g'oyalarning tarqalishiga sabab bo'lishi mumkin. Yuqorida qayd etilganidek, diniy ekstremistik tashkilotlarning aksariyati o'z nomini muqaddas islom dini bilan bog'lashga urinadi. Ular o'zlarini “najot topgan guruh”, qolgan musulmonlarni esa kofir deb hisoblaydilar.

Ta'kidlash lozim, “Islom” so'zining lug'aviy ma'nolaridan biri “tinchlik” bo'lib, u hech qachon buzg'unchilikka, qotillikka undamagan va undamaydi ham. Zamonaviy terrorchilar esa buzg'unchilik va qotillik, odamlarni dahshatga solishni o'zlarining maslaklariga aylantirib olganlar. Oxirgi paytlarda dunyoning ko'plab mintaqalarini qamrab olgan terrorizm va ekstremizm bilan bog'liq muammolar faol muhokama qilinmoqda. Terrorizm va diniy-ekstremizmga qarshi kurash Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O'zbekiston uchun ham dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda diniy-ekstremistik, terroristik guruhlar faoliyatida muhim o'zgarishlar kuzatilmoqda. O'zbekiston va boshqa davlatlarda diniy-ekstremistik, terroristik harakatlarga nisbatan olib borilayotgan murosasiz yondashuv natijasida guruh a'zolari o'z harakatlarini ochiq namoyon etishni ma'qul ko'rmay, aksincha, xufyona targ'ibot-tashviqot ishlari orqali, jumladan, internet orqali o'z g'oyalarini tarqatish bilan faoliyatlarini jadallashtirishmoqdalar.

G'oyaviy jihatdan milliy manfaatlarga zid bo'lgan diniy mazmundagi mahsulotlarni respublika hududiga olib kirish va tarqatishga urinish holatlari O'zbekistonda ham kuzatilmoqda. Bu kabi ekstremistik ruhdagi mahsulotlarni internet va boshqa yo'llar orqali tarqatilishi aholi tomonidan dinning noto'g'ri talqin etilishiga, kam ma'lumotga ega o'quvchilar ma'naviy ongining buzilishiga, turli e'tiqod va qarashlarga ega bo'lgan odamlar, xususan yoshlar orasida adovat va xusumat uyg'onishiga zamin yaratmoqda. Shunday ekan, har bir inson bunday salbiy illatlarga qarshi kurashishi shart.

Tilimizda tolerantlik atamasini ham ishlatamiz. Tolerantlik nima? Tolerantlik – lotincha so'zdan olingan bo'lib, sabr-toqat, bag'rikenglik, o'zgalarning turmush tarzi, fikr-mulohazalari, g'oya va e'tiqodlariga nisbatan toqatli bo'lish, degan ma'noni ifodalaydi. Hozirgi dunyoda tolerantlik o?ta muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiyotning globallashuvi va yanada mobillashuvi, kommunikatsiyalarning tez rivojlanishi, integratsiya va o'zaro bag'rikenglik, keng miqyosli migratsiya va aholining ko'chib yurishi, boshqa jamiyatda ushbu tamoyilning ahamiyatini kuchaytiradi. Bag'rikenglik tamoyili aqidabozlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatadi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalarni tasdiqlaydi. Bu tamoyilga ko'ra, har kim o'z e'tiqodiga amal qilishda erkindir va har kim bu huquqqa boshqalar ham ega ekanligini tan olmog'i lozim. Bir kishining qarashlari boshqalarga majburan singdirilishi mumkin emas. Tolerantlikni alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar namoyon qilishi lozim. Uni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida YUNESKO 1995 yil "Bag'rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi"ni qabul qilgan. Jamiyatda turli xalqlar, millatlar va dinlarning o'ziga xos xususiyatlariga nisbatan tolerantlik munosabatini yurtimiz misolida ko?rish mumkin. Mamlakatimizda turli toifadagi odamlar, siyosiy kuchlar va partiyalar o'rtasidagi hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag'rikenglik tamoyili ijtimoiy taraqqiyotning eng muhim omillaridan
biridir.

Xulosa sifatida aytish lozimki, mamlakatimizning tinchligi qadriga yetib, turli salbiy illatlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurashish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi. Bunga esa faqat o'zida kuch topa olishi, sabr va toqat bilan yengishi mumkin.

Sevara Ishmuratova, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markaz Umumiy bo'lim boshlig'i

Powered by GSpeech