Keyingi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri – jamiyatda millatlararo totuvlik va bag'rikenglikni ta'minlash, do'stlik muhitini va ko'p millatli katta yagona oila tuyg'usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma'rifiy aloqalarni kengaytirishga yo'naltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev ta'kidlaganidek, “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalari turmushga faol tatbiq etilmoqda, bu qoidalar O'zbekiston Respublikasining fuqarolari millatidan qat'i nazar O'zbekiston xalqini tashkil etishini, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi o'zining hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va an'analariga hurmat bilan munosabatda bo'lishini, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini e'lon qiladi va kafolatlaydi”[1].
Chindan ham, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Muqaddimasida O'zbekiston xalqi ushbu Konstitutsiyani, jumladan, «fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta'minlash maqsadida» qabul qilgani alohida ta'kidlangan. Shu ma'noda, Asosiy Qonunimiz – biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo'llanma, balki g'urur-iftixor, kerak bo'lsa, ushbu zaminda istiqomat qilayotgan, jinsi, irqi, millati, tili, dinidan qat'i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir huquqiy himoya hisoblanadi.
Konstitutsiyamizning 4-moddasida O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tili ekani mustahkamlangani barobarida, O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi qayd etilgan. Shu asosda hozirgi vaqtda mamlakatimiz ta'lim muassasalarida o'qish 7 tilda olib borilayotgani, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tilda chop etilayotgani, tele-radio ko'rsatuvlari va eshittirishlari esa 12 tilda efirga uzatilayotgani juda muhimdir.
Bosh Qomusimizning 8-moddasida «O'zbekiston xalqini millatidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi» degan norma belgilab qo'yilgan. Ana shu konstitutsiyaviy talabdan kelib chiqib, o'z taqdirini O'zbekiston bilan bog'lagan, mamlakatimiz farovonligi yo'lida halol va vijdonan mehnat qilayotgan, o'zlariga bog'liq bo'lmagan holatlarga ko'ra fuqaroligi bo'lmagan shaxsga aylanib qolgan fuqarolarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz fuqaroligiga qabul qilish, chegara munosabatlarini tartibga solib, og'a-ini, qardosh-birodar bo'lib yashagan xalqlarning azaliy munosabatlarini qayta tiklash, uysizlarga uy berib, muhtojlarga muruvvat ko'rsatish, davlat idoralarini to'la-to'kis xalq uchun xizmat qildirish kabi uzoq yillar davomida o'z yechimini kutgan bunday og'riqli muammolarni hal etish oson kechgani yo'q. Tabiiyki, bularning barchasi — yuksak aql-idrok, donishmandlik, oqilona siyosat, fidoyilik va matonat mahsuli.
Konstitutsiyamizning 18-moddasi talabiga ko'ra, «O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar». Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo'lib yashamoqda. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishga va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga katta hissa qo'shmoqdalar.
Chindan ham, O'zbekistonning boyliklari ko'p, lekin eng katta boylik, eng yuksak qadriyat – jamiyatda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do'stlik va hamjihatlikdir. Zero, bugungi davrda hayotning o'zi turli millat, e'tiqod va din vakillari o'rtasida o'zaro hurmat va hamjihatlik hukm surgan sharoitdagina umumiy xonadonimiz bo'lgan Vatanimiz va jamiyatimiz, har birimizning oila-ro'zg'orimiz, farzandlarimiz kelajagini ta'minlashga erishish mumkinligini ko'rsatib turibdi.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, keng jamoatchilik muhokamasidan o'tkazilgan va 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida ushbu masalaga alohida e'tibor qaratildi. Bu dasturilamal hujjatning beshinchi ustuvor yo'nalishi «Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash, chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish»[2] deb nomlangani bejiz emas.
Chunki davlatning mustaqilligi va suverenitetini, mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik hamda ahil qo'shnichilik muhitini mustahkamlash, jahon hamjamiyatida yurtimizning nufuzini oshirish yo'lida diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada kuchaytirish, mamlakat atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo'shnichilik muhitini yaratishga qaratilgan o'zaro manfaatli va amaliy siyosat yuritish davr talabidir.
Bularning barchasi, o'z navbatida, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari o'rtasida o'zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishni taqozo etdi. Shu sababli davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 mayda «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi[3] farmoni qabul qilindi.
Yurtboshimiz tashabbuslari asosida keyingi davrda mamlakatimiz hayotining turli sohlarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlar sur'ati va samarasi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy jihatdan erkinlashtirish va jamiyat hayotining boshqa jabhalarida erishilgan salmoqli muvaffaqiyatlar tahlili O'zbekiston xalqi yagona g'oya – O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha olijanob maqsadlar va g'oyat muhim vazifalarga erishishdan iborat yagona maqsad atrofida birlashganligini ta'kidlash uchun barcha asoslarni beradi.
Shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy munosabatlarda davom etayotgan globallashuv va transformatsiya, dunyoda iqtisodiy, siyosiy, milliy, diniy va boshqa ziddiyatlar kuchayib, axborot va kibermakonlarida qarama-qarshi kurash ortib borayotgan bir sharoitda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida o'z yechimini taqozo etayotgan bir qator dolzarb masalalar saqlanib qolayotganini ko'rsatdi. Jumladan:
birinchidan, millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o'zaro hamkorlik darajasini yanada oshirish;
ikkinchidan, jamiyatda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan mojaroli vaziyatlar va ixtiloflarning barvaqt oldini olish va ularni profilaktika qilish bo'yicha faoliyatni tashkil etish asosi sifatida joylarda millatlararo munosabatlar holatini monitoring qilish tizimi va mexanizmlarini yo'lga qo'yish;
uchinchidan, millatlararo muomala madaniyatini tarbiyalash, O'zbekiston xalqining tarixi va an'analarini o'rganish bo'yicha ta'lim, axborot va madaniy-ma'rifiy chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish; millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat organlari mutaxassislarini, shuningdek, boshqa tashkilotlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlarni takomillashtirish bugungi islohotlarning dolzarb talabidir.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 15 noyabrda “Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmon[4] qabul qilingani ayni muddao bo'ldi.
Davlatimiz rahbari ayni sohada imzolagan ikki hujjat, ya'ni 2017 yil 19 maydagi va 2019 yil 15 noyabrdagi farmonlari bir-birini qaysi jihatlar bilan to'ldiradi, degan savol tug'ilishi tabiiy.
O'zbekiston Prezidentining 2017 yil 19 maydagi Farmoni jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta'minlash, fuqarolar ongida katta, ko'p millatli yagona oilaga mansublik tuyg'usini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do'stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma'rifiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan ta'sirchan tashkiliy-institutsional chora-tadbirlarni o'zida qamragan.
Bu haqda fikr yuritganda, avvalambor, shu paytga qadar faoliyat yuritib kelgan ikkita yirik tuzilma – Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O'zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik va madaniy-ma'rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi tashkil etilganini ta'kidlash lozim.
Buning natijasida Respublika baynalmilal madaniyat markazi, 138 milliy madaniy markaz, O'zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik va madaniy-ma'rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, shuningdek, 34 do'stlik jamiyati yagona Qo'mita negizida birlashdi. Endilikda ushbu Qo'mita jamiyatda millatlararo totuvlik va bag'rikenglikni ta'minlash, tinchliksevar siyosatni, mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni keng targ'ib qilish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, chet eldagi hamyurtlarimiz diasporasi bilan do'stlikni mustahkamlashga doir davlat siyosatini izchil amalga oshirmoqda.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo'yicha o'rinbosarlari tegishli hududlarda millatlararo munosabatlarni rivojlantirish va xorijiy mamlakatlar bilan do'stona aloqalarni yo'lga qo'yish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bilan shug'ullanmoqda.
O'z navbatida, davlatimiz rahbarining 2019 yil 15 noyabrdagi farmoni asosida millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatini izchil amalga oshirish va yanada takomillashtirishga doir eng muhim vazifalar belgilab berildi. Bu istiqbolli vazifalar 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi talablari doirasida amalga oshirilayotganini alohida ta'kidlash lozim.
Birinchidan, millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilandi.
Ikkinchidan, Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasi tasdiqlandi.
Uchinchidan, 2019–2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.
Bugungi kunda mazkur Kontseptsiya va “Yo'l xaritasi”ning sifatli va o'z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish bilan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi izchil shug'ullanmoqda. Bunda Prezidentimiz Farmoni doirasida ushbu Qo'mitaning tuzilmasi yanada takomillashtirilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu o'rinda, avvalo, Qo'mita tarkibida Millatlararo munosabatlar bo'yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi tashkil etilgani haqida gap bormoqda. Bugungi kunda yangi Markaz millatlararo munosabatlar sohasida tizimli asosda ilmiy, shu jumladan, ijtimoiy tadqiqotlar, shuningdek, mazkur yo'nalishdagi jarayonlar rivojining monitoringini olib bormoqda.
Bundan tashqari, Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasini amalga oshirishni ta'minlash bo'yicha komissiya tuzildi. Komissiyaning asosiy vazifasi jamiyatda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar qonun oldidagi tengligini ta'minlashga qaratilgan millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solishdan iborat.
Ayni paytda Komissiya millatlararo munosabatlar sohasida ishlar holatining joylarga chiqib tizimli o'rganilishini tashkillashtirmoqda. Kontseptsiya va “Yo'l xaritasi”ni amalga oshirishda Qo'mita, shuningdek vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, qilingan ishlar to'g'risida ularning rahbarlari hisobotlarini doimiy ravishda eshitish ishlari tizimli asosda yo'lga qo'yilganida, shubhasiz, sohadagi ana shu tub yangilanishlar ulkan o'rin tutadi.
Yana bir muhim jihat: Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bag'rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etib, BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul` – Xalqaro do'stlik kuni sifatida keng nishonlanishi, shu bois mazkur sanani O'zbekistonda “Xalqlar do'stligi kuni” deb belgilashni taklif etgani yurtimizda istiqomat qiluvchi ko'p millatli fuqarolarimizni benihoya quvontirdi.
Endilikda O'zbekiston Respublikasining 2021 yil 10 fevraldagi Qonuniga asosan, mamlakatimizda 30 iyul` – Xalqlar do'stligi kuni etib belgilangan. Bu Qonun hududida 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari o'zaro ahillikda istiqomat qiladigan O'zbekiston jamiyatida xalqlar va davlatlar o'rtasida hamjihatlik, bag'rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan juda muhimdir.
Prezidentimiz 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga to'xtalib, “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish bo'yicha taklif bildirgandi. 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig'ilishida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi 193 ta a'zo mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.
“Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasining aynan O'zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilishida o'ziga xos ramziy ma'no bor. Bugun millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag'rikenglikni ta'minlash borasidagi O'zbekiston namunasi jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilmoqda. Binobarin, ona zaminimizda dinlararo bag'rikenglik va millatlararo hamjihatlik chuqur tarixiy ildizlarga ega.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatimizda do'stlik va ahillik, tinchlik va barqarorlik muhitini mustahkamlash, hech shubhasiz, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, gumanitar va ma'naviy sohalarda shiddatli islohotlarni izchil amalga oshirish hamda xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada yuksaltirishning muhim omili va zarur sharti hisoblanadi. Bu hayotiy haqiqat amalda o'z tasdig'ini topmoqda.
Eng muhimi, Prezident SH.M.Mirziyoev tashabbusi bilan millatlararo munosabatlar, mamlakatimizda yashab kelayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an'analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samaralari xalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan e'tirof etilmoqda. O'zbekistonning bu boradagi sa'y-harakatlari, bir tomondan, Konstitutsiya va Harakatlar strategiyasi, ikkinchi tomondan, mamlakatimiz qo'shilgan xalqaro shartnomalar, jumladan, BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlariga to'la hamohangdir.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
[1] O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrda qabul qilingan “Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmoni//https://xs.uz/uzkr/post/millatlararo-munosabatlar-sohasida-ozbekiston-respublikasi-davlat-siyosati-kontseptsiyasini-tasdiqlash-togrisida
[2] O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2017 y., 6-son, 70-modda, 20-son, 354-modda, 23-son, 448-modda, 37-son, 982-modda.
[3] Xalq so'zi, 2017 yil 23 may.
[4] https://xs.uz/uzkr/post/millatlararo-munosabatlar-sohasida-ozbekiston-respublikasi-davlat-siyosati-kontseptsiyasini-tasdiqlash-togrisida
- Qo'shildi: 30.07.2021
- Ko'rishlar: 9837
- Chop etish