Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “So'z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar” nomli kitob nashr etildi. Yangi nashr 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni va ushbu sanaga asos solgan tarixiy Vindxuk deklaratsiyasining 30 yilligiga mo''jaz tuhfa bo'ldi.
“Inson huquqlari kutubxonasi” turkumiga mansub ushbu to'plam Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tayyorlangan. Kitobga akademik Akmal Saidov mas'ul muharrirlik qilgan va so'zboshi yozgan. Tuzuvchi va tarjimon – O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist G'ulom Mirzo.
To'plamda BMT, YUNESKO, Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro-huquqiy hujjatning so'z, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan.
Yangi nashrdan o'rin olgan Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya, Xalqaro raddiya huquqi to'g'risidagi konventsiya, Vindxuk Deklaratsiyasi, Yoxannesburg printsiplari, Sofiya Deklaratsiyasi, Talluar Deklaratsiyasi kabi xalqaro hujjatlar, bir tomondan, milliy xavfsizlik, fikrni ifodalash erkinligi va axborotga ega bo'lish borasidagi muhim qoidalari bilan mashhur bo'lsa, ikkinchi tomondan, ushbu hujjatlarning matni ilk bor o'zbek tilida to'liq holda taqdim etilayotgani ahamiyatlidir.
To'plam huquqshunoslar, jurnalistlar va shu sohaga qiziquvchi barcha kitobxonlarga mo'ljallangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.05.2021
- Ko'rishlar: 4045
- Chop etish