Prezidentning «O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Mamlakat tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylandi. O'zbekistonning 2021–2023 yillarda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zoligini samarali amalga oshirish maqsadida O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning kadrlar salohiyatini kuchaytirish lozimligi belgilandi, deyiladi kun.uz sayti xabarida.
Bunda Tashqi ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz xodimlari sonini oshirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik tufayli Markaz va Tashqi ishlar vazirligi ish hajmining oshishi hamda ushbu a'zolikni yuqori saviyada o'tkazish, shuningdek O'zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi tashabbuslarini yanada ilgari surish inobatga olingan.
Markaz boshqaruv xodimlari sonini 35 nafardan 38 nafarga oshirish hamda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi bilan hamkorlik qilish bo'limini tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Markaz tashkiliy tuzilmasiga bir qator o'zgartirishlar kiritilmoqda.
Qaror loyihasida:
Prezidentning 2018 yil 10 dekabrdagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi PQ-4056-son qarorini Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi PF-6012-son farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz to'g'risidagi nizomga kiritilgan o'zgartirishlarga muvofiqlashtirish;
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz to'g'risidagi nizomning Markaz huquqlariga inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, magistratura va oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutini ochish, inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari tashkil qilish, O'zbekiston Konstitutsiyaviy sudi ko'rib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritishni qo'shish;
Markaz xodimlarini ijtimoiy va moddiy rag'batlantirishni nazarda tutuvchi o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.03.2021
- Ko'rishlar: 4308
- Chop etish