21 fevral – Xalqaro ona tili kuni
“Ko'ngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin so'z bil”. Buyuk Alisher Navoiyning ushbu ta'rifi, ya'ni so'z inson qalbi xazinasining kaliti ekanligi tilning hayotimizdagi o'rni va ahamiyatini o'zida mujassamlashtirgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir”.
Har bir millatning ona tili xalqaro miqyosda ham e'tirof etiladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha ixtisoslashtirilgan tashkiloti – YUNESKO 1999 yil 17 noyabrda o'zining Bosh konferentsiyasida til va madaniy turfalik hamda ko'p tillikni qo'llab-quvvatlash maqsadida 21 fevral` – Xalqaro ona tili kuni deb belgilandi. Ushbu sana 1952 yilda Dakkada talaba yoshlarning o'z ona bengal tilini mamlakat davlat tillaridan biri sifatida tan olinishini talab qilib namoyishga chiqqanlarida politsiya o'qlaridan halok bo'lganliklarning xotirasi sifatida tanlangan edi.
2003 yilda nishonlangan Xalqaro ona tili kunida YUNESKOning Bosh diretori K.Matsuura shunday degan edi: “Nega ona tilga bu qadar katta e'tibor beriladi? Chunki til inson ijodiyoti butun turfaligining betakror ifodasidir. Til aloqa, anglash va mulohaza yuritishga xizmat qilib, dunyoni qanday tasavvur etishimizni ifoda etibgina qolmasdan, o'tmish, bugungi kun va kelajakni aks ettiradi. Ona til esa har bir insonning tug'ilishidan boshlab, u keyinchalik qancha ko'p boshqa tillarni o'zlashtirmasin, atrofini o'rab turgan voqelikni alohida ko'z bilan ko'rish va chuqur anglay olishni bir umrga saqlab qoladi”.
Haqiqatan ham til dunyo xalqlarining o'z milliy moddiy va ma'naviy merosini saqlash va rivojlantirishning qudratli vositasidir. Bevosita zamon bilan hamnafas bo'la oladigan ona til tufayli millatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qolinadi, madaniyati hurmat qilinadi.
Ammo YUNESKOning baholashicha, hozir jahonda mavjud 6000 dan ko'proq tilning teng yarmi yaqin orada umrbod yo'qotiladi. Tadqiqotlar har ikki haftada bir til o'zi bilan betakror madaniy va intellektual boy merosni ham olib ketayotgani holda izsiz ketayotganidan dalolat bermoqda. Insoniyatning uchdan ikki qismi mazkur tillardan faqat 14 tasida gaplashadi, xolos.
Olimlarning aytishicha, til yashashi va rivojlanishi uchun u bilan eng kamida 100 ming odam gaplashishi kerak ekan. Ammo mavjud tillarning 96 foizida jahon aholisining atigi 4 foizigina so'zlashadi. Afrikadagi tillarning 80 foizidan ko'prog'i esa o'z ona tilining yozuviga ega emas. Minglab ona tillariga ega millatlar ta'lim tizimida undan foydalana olmaydilar. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi kunda aksariyat ona tillarni Internetda ishlatishning imkoniyati bo'lmayapti. Ya'ni millatlar o'z ona tili qolib, boshqa ustuvor xorijiy tillardan foydalanishga majbur bo'lmoqdalar.
Turli qatag'onlar, mustamlaka siyosati va boshqa cheklashlarga urinishlarga qaramasdan millatimizning ulug', o'ziga bek, fidoyi va matonatli vakillari ona tillarini faqat saqlab qolibgina emas, mumtoz badiiy asarlari, ilm-fandagi olamshumul ixtirolari bilan uni muttasil rivojlantirib va boyitib bordilar, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdilar. Ana shu mislsiz ma'naviy jasorat tufayli dunyo miqyosida unda 50 millionga yaqin odam so'zlashadi. Ushbu miqdor bo'yicha o'zbek tili yuqorida qayd qilingan 14 til qatoridan o'rin olgan.
Ona – o'zbek tilimizga 1989 yil 21 oktyabrda, hali O'zbekistonda davlat mustaqilligiga erishilmasdan avvalroq, davlat tili maqomi berilganligi hech shubhasiz tarixiy voqea bo'ldi. Buyuk allomalarimiz – Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg'oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Bobur Mirzo tili mustaqil davlatimizda o'zining qonuniy va e'zozli o'rnini mustahkam egalladi, uning xalqaro miqyosdagi obro'si ortdi. Natijada ona tilimiz yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.
O'zbek tilining boyligi birinchi marotaba 80 mingdan ziyod so'z va so'z birikmasini, adabiyot va madaniyat, fan va texnika hamda boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo'llaniladigan so'zlarni qamrab olgan besh jildlik “O'zbek tilining izohli lug'ati”da yorqin ifodasini topdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi "O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida" va 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonlari ona tilimizni e'zozlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamladi. Ushbu farmonlar bilan o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasi «O'zbek tili bayrami kuni» deb e'lon qilindi. Maxsus Davlat tilini rivojlantirish departamenti, ilmiy asoslangan yangi so'z va atamalarni rasmiy iste'molga kiritish bo'yicha Atamalar komissiyasi tashkil etildi.
2020-2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi tasdiqlanib, davlat tilini o'qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirishning aniq tadbirlari belgilandi va ularni 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturini amalga oshirishga kirishildi. Jumladan, rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasini oshirish, mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo'yicha daraja sertifikatlari joriy etish, uzluksiz ta'limning barcha turlari uchun o'quv lug'atlari yaratish choralari ko'rilmoqda. Xorijiy oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tili markazlari faoliyati yo'lga qo'yilmoqda, “O'zbek tilining do'stlari” klublari soni ko'paytirilyapti.
Shu bilan birga, davlat boshqaruvi, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan to'liq va to'g'ri foydalanish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, ona tilimizning sofligini saqlash va boyitib borish, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, ayniqsa, Internetda munosib o'rnini egallashni ta'minlashga e'tibor kuchaytirildi.
Jamiyatimizda «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» bosh tamoyiliga amal qilingan holda ona tilimizning har bir millatdoshimizning hayotidagi o'rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Prezidentimiz ta'rifi bilan aytganda, davlat tilimizga ehtirom va sadoqat, ona vatanga ehtirom va sadoqatga aylanmoqda.
Erkin ERNAZAROV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 19.02.2021
- Ko'rishlar: 5381
- Chop etish