29 oktyabr kuni Qozog‘iston poytaxti – Nur-Sulton shahrida “Markaziy Osiyoda Covid-19 pandemiyasi davrida inson huquqlarining himoya qilinishi” mavzuida mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Onlayn va oflayn shakldagi ushbu tadbir YXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda YXHT Dasturlarining Bishkek, Dushanbe va Nur-Sulton shaharlaridagi ofislari tomonidan tashkil etildi.
Mintaqaviy anjuman inson huquqlari himoyasi sohasida ishlaydigan shaxslar pandemiya davrida duch kelayotgan muammolar tahliliga bag‘ishlandi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati, shuningdek, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, “BMT-Ayollar” tuzilmasi, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi vakolatxonalari vakillari qatnashdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlamentlararo Ittifoq Vitse-prezidenti, Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
A.Saidov o‘z so‘zining boshida ushbu mintaqaviy anjuman aynan 30 oktyabr – Butunjahon hayot kuni o‘tkazilishida ramziy ma’no borligini qayd etdi. Binobarin, pandemiya barchamizga hayot va sog‘liq degan ne’matlar naqadar bebaho ekanini teran anglatdi.
Covid-19 pandemiyasi oqibatlari yer yuzidagi barcha insonlar va jamoatlar, ayniqsa, karantin sharoitida ko‘plab muammolar girdobiga tushib qolgan aholining zaif qatlamlari hayotini favqulodda darajada og‘ir salbiy oqibatlarga duchor etdi va bunday murakkab ahvol hanuz davom etmoqda. Shu ma’noda, YXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar, ularning butun jahon bo‘ylab faoliyat olib borayotgan tuzilmalari dunyo miqyosida insonlarning hayotini yaxshilash uchun mintaqaviy hamkorlikning muhimligiga e’tibor qaratayotgani nihoyatda ahamiyatlidir.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘zining “Pandemiya va inson huquqlari” nomli ma’ruzasida ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda hukumatlarning harakatlari, avvalgi vaqtlardan farqli ravishda, o‘ta shaffof, moslashuvchan va nazorat ostida bo‘lishi lozim. Fuqarolik jamiyati sa’y-harakatlari uchun qulay maydon va matbuot erkinligi g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda jamoat tashkilotlari va xususiy sektor alohida o‘rin tutadi”.
Pandemiya degan ofat bilan hech qaysi davlat yakka o‘zi samarali kurasha olmasligini hammamiz yaxshi tushunamiz. BMT Bosh Assambleyasining 2020 yil 2 aprelda qabul qilingan “2019 yilgi koronavirus kasalligiga (Covid-19) qarshi kurashda global birdamlik” nomli maxsus rezolyusiyasida ana shu haqiqat alohida uqtirilgan.
O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni samarali nazorat qilib turishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro amaliyot asosida barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Birinchidan, mamlakat miqyosida karantin tizimi joriy etildi. Ushbu masalada aholi mas’uliyatini oshirish uchun qisqa fursatlarda milliy qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Shuningdek, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Ikkinchidan, koronavirusga qarshi kurash samaradorligini ta’minlash uchun mamlakatimizning barcha hududlarida ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari va karantin zonalari tashkil etildi.
Uchinchidan, aholini kasallik tarqalishidan barvaqt ogohlantirish maqsadida keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlari, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham izchil olib borilmoqda.
To‘rtinchidan, ta’lim tizimida uzluksizlikni ta’minlash uchun ushbu tizimdagi barcha muassasalar to‘liq ravishda onlayn shaklda masofadan faoliyat olib borishga o‘tkazilgandi. Hozirgi vaqtda asta-sekin ta’limning an’anaviy shakliga qaytish jarayonlari bormoqda.
Beshinchidan, aholi oziq-ovqat, dori-darmon va zarur tibbiy vositalar, hayot uchun zarur boshqa tovarlar bilan uzluksiz ravishda ta’minlanmoqda. Imkoniyatlari cheklangan insonlarga, aholining kam ta’minlangan va zaif qatlamlariga beg‘araz asosda manzilli yordam ko‘rsatish tizimi shakllantirildi. Bu jarayonda nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari, keng jamoatchilik ham faol ishtirok etmoqda.
Oltinchidan, iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqildi va amalda keng tatbiq etilmoqda. Inqirozga qarshi jamg‘arma ham ayni shu maqsad yo‘lida tuzilgan. Bunda tadbirkorlarga soliqlar borasida muayyan yengilliklar berilib, import qilinadigan tovarlar uchun bojxona to‘lovlari ancha kamaytirilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yettinchidan, hujjatlarni almashtirish, sug‘urta polislari va boshqa shu kabi hujjatlar muddatlarini o‘tkazib yuborganlik bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun jazodan ozod etish choralari ko‘rildi. Mamlakatimizda bo‘lib turish muddatlarini buzgan chet ellik fuqarolarga nisbatan jarima qo‘llamagan holda, ushbu muddatlarni uzaytirish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Sakkizinchidan, xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarib olib kelish ishlari amalga oshirildi. O‘tgan davrda 11 ming nafardan ziyod fuqaromiz turli mamlakatlardan yurtimizga olib kelindi.
To‘qqizinchidan, gumanitar hamkorlik izchil amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston pandemiya bilan kurashish borasida bir qator mamlakatlarga insonparvrlik yordami ko‘rsatdi.
O‘ninchidan, ushbu yo‘nalishlardagi barcha chora-tadbirlar milliy qonunchilik asosida amalga oshirilmoqda. Birgina keyingi oyning o‘zida 30 tadan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib, jumladan, ularda inson huquqlarini cheklashning aniq chegaralari belgilab berildi.
Bosh vazir rahbarligidagi Maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi pandemiya sharoitlarida inson huquqlari masalalari bo‘yicha BMT va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlik uchun mas’ul hisoblanadi.
Milliy markaz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va shartnoma qo‘mitalari, Sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, YuNESKO kabi xalqaro tuzilmalarning pandemiya sharoitida inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi tavsiyalarini sinchiklab o‘rganadi. Shu asosda xalqaro tashkilotlar tomonidan ko‘tarilgan muayyan muammolarga davlat tashkilotlari e’tiborini qaratadi. Xususan, o‘tgan davrda mahbuslarning huquqlarini himoya qilish, mehnat standartlariga rioya etish, advokatlar huquqlarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan murojaatlar yuborilgan.
Shuningdek, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining “Pandemiya va inson huquqlari” mavzuiga bag‘ishlangan soni nashr etildi. Ushbu maxsus son sahifalarida, jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarlarining maqolalari e’lon qilingan.
Bundan tashqari, Markaz tomonidan “Covid-19 va inson huquqlari” nomli to‘plam tayyorlandi va chop etildi. To‘plamga kiritilgan maqolalarda pandemiya sharoitlarida inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi tajriba atroflicha tahlil etilgan.
Shuni ham qayd etish joizki, 2020 yil iyulida BMTning Mamlakatimizdagi jamoasi va YXHTning O‘zbekistondagi ofisi bilan hamkorlikda Covid-19 munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Milliy muloqot o‘tkazildi.
Muloqot BMTning Doimiy muvofiqlashtiruvchisi, YXHTning Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va Sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari va mustaqil blogerlar mamlakatimizdagi eng yirik karantin zonasini borib ko‘rganlaridan keyinoq tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur karantin zonasi faoliyati uchun mas’ul hisoblangan mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari bilan o‘sha joyning o‘zida uchrashuv tashkil etildi.
Milliy muloqotda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning Qiynoqlarga qarshi kichik qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti YXHTning Demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Muloqot yakunlari bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unda karantin zonalaridagi holatni xalqaro tibbiy-sanitariya normalari va inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar nuqtai nazaridan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Markaziy Osiyo – dunyodagi aholisi eng yosh mintaqadir. Bu yerda aholining o‘rtacha yoshi 28,6 yoshni tashkil etadi. O‘zbekistonda mintaqa aholisining qariyb 50 foizi yashaydi va aholimizning 60 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan navqiron insonlardir. Shu bois mavjud vaziyatda pandemiyaga qarshi kurashni faollashtirish doirasida yoshlarning salohiyatini oshirish choralarini ko‘rish nihoyatda muhim va dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bunda 2021 yil 8 oktyabr kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilingani alohida o‘rin tutadi. Rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.
Davlatimiz rahbari o‘sha nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlarini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Zero, Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 48-sessiyasida O‘zbekiston kiritgan Rezolyusiya matni BMT Kengashiga a’zo 47 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Ma’lumki, bugun yoshlarni ravnaq toptirishga yo‘naltirilgan muayyan mablag‘lar ajratish, davlatning yoshlar siyosatini amalda samarali tatbiq etish uchun zamonaviy infratuzilma barpo etish, inson huquqlarini ta’minlash sohalarida ko‘plab muammolar amaliy yechimini kutmoqda. Shu jihatdan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining pandemiya davrida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi rezolyusiyasi xalqaro hamjamiyatni bunday muammolarni birgalikda hal etishga chaqiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.11.2021
- Ko'rishlar: 3646
- Chop etish