30 iyun – Yoshlar kuni. Bu navqironlik ayyomi Yangi O'zbekistonda kelajagimiz bunyodkorlari bo'lmish yosh avlodni qo'llab-quvvatlash maqsadida bundan roppa-rosa to'rt yil avval e'lon qilingan. Shundan buyon ushbu sana yurtimizda katta bayram sifatida nishonlab kelinmoqda.
Yoshlar kuni, ayniqsa, O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasi hamda 2021 yil – Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida yanada ko'rkli va fayzli o'tdi. Shu munosabat bilan Toshkent Botanika bog'ida «Uchinchi Renessans bunyodkorlari» shiori ostida O'zbekiston yoshlari va talabalari forumi tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev forum ishida qatnashish uchun 30 iyun` kuni Botanika bog'iga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari Yoshlar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimda ma'ruza qildi.
“Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!”
Davlatimiz rahbari dastavval yurtimiz bo'ylab 6 millionga yaqin g'ayrati baland, intiluvchan o'g'il-qizlarimiz ishtirokida “Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o'tkazilgan festivallar, barcha yoshlarimiz uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko'rigi bo'lib o'tganiga e'tiborni qaratdi. Ushbu festivallar bundan buyon nafaqat viloyat markazlarida, balki har bir tuman va shaharda o'tkazib borilishini va ularda ko'tarilgan masalalar yechimi bo'yicha har yili Hukumat alohida dasturlar qabul qilishini qayd etdi.
Ma'xlumki, 2020 yil dekabr` oyida mamlakatimizda birinchi marta o'tkazilgan Yoshlar forumi ham millionlab o'g'il-qizlarimiz hayotida yorqin iz qoldirgandi. Yurtimizning barcha shahar va tumanlarida tashkil etilgan bunday anjumanlarda yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning aksariyati “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturidan joy oldi hamda izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.
“Yangi O'zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida siz, aziz yoshlarimizning qudratli to'lqin bo'lib maydonga chiqayotganingiz yuksak tahsinga sazovordir”, dedi Prezident.
Bizga yangi avlod beruniylari, ibn sino va ulug'beklari kerak
Yoshlikka xos shijoat, jo'shqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun inson o'z oldiga aniq maqsad qo'yib yashashi kerak.
Mamlakatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Agar tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida avvalo ona Vatanga, xalqqa xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam ekanini ko'ramiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug'bek singari ulug' allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek ma'rifatparvar adib va olimlar mashhur ilmiy kashfiyotlarini, o'lmas badiiy asarlarini aynan sizlarning yoshingizda yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz”.
Tomirlarimizda ana shunday ulug' bobolarimizning qoni oqar ekan, ularning munosib vorislari bo'lish, ular kabi yuksak maqsadlar sari intilib yashash barchamizning ezgu burchimizdir. Binobarin, bugun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda, mamlakatimizda Uchinchi Renassans poydevorini yaratish yo'lida katta qadamlar qo'yayotgani bejiz emas.
Bu shiddatli sa'y-harakatlar natijasida yurtimizda mutlaqo yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratildi. Ushbu maktablarda ta'lim olayotgan ko'plab o'quvchilar nufuzli xalqaro
tanlovlarda yuqori natijalarni qo'lga kiritmoqda.
Endigi muhim vazifa, davlat rahbari uqtirganidek, “yangi avlod beruniylarini, ibn sino va ulug'beklarini, xorazmiy va farg'oniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iborat”.
“Biz parlamentda yoshlarni qo'llab-quvvatlaymiz!”
Sayyoramiz aholisining yarmidan ko'pini 30 yoshgacha bo'lgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo'yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan. Yaqinda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo'lgan Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong O'zbekistonda bu ko'rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi.
“Biz bu g'oyat muhim yo'nalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda, Parlamentlararo ittifoq ko'magida “Biz parlamentda yoshlarni qo'llab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz”, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoev. - Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz”.
Bu borada, birinchidan, xalq deputatlari Kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g'ayratli, fidoyi o'g'il-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi.
Ikkinchidan, mahalliy Kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi.
Uchinchidan, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari” shakllantiriladi.
Yosh mutaxassislarga – keng yo'l
So'nggi yillarda mamlakat hayotining barcha soha va tarmoqlarida yoshlarga e'tibor va g'amxo'rlik asosiy o'ringa ko'tarilmoqda. Navqiron avlod vakillariga yaratib berilayotgan zarur sharoit va imkoniyatlar tufayli o'tgan 4 yilda 30 yoshgacha bo'lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko'payib, ular 500 mingdan oshgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Davlat rahbari mamlakatimizda yosh kadrlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosat qat'iy davom ettirilishini qayd etdi. Shu maqsadda:
viloyat, tuman va shahar kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydi;
joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlar “El-yurt umidi” jamg'armasi mablag'lari hisobidan chet ellarda stajirovka o'taydi;
respublikamizda ishlayotgan, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo'shimcha haq to'lanadi;
har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o'z hududi va tizimiga ana shunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi;
yosh mutaxassislarga beriladigan ish haqi, uy-joy va rag'batlantirish bilan bog'liq masalalarni hal qiladi.
Yoshlarning bandligini ta'minlash yechimlari
Islohotlar ta'lim-tarbiyadan boshlanishining mazmun-mohiyati – aynan yoshlarga ajratilgan sarmoyadir. Oddiy misol: o'zimizning oiladan kelib chiqadigan bo'lsak, farzandimizning o'qishi uchun qancha sharoit yaratib, o'qitsak kelajakda shu farzandimizdan ko'nglimiz to'q bo'ladi.
Yangi O'zbekiston ta'lim tizimidagi yangilanishlar ko'ngilga surur bag'ishlaydi. Shu bilan birga, hozirgi murakkab zamonda yoshlarni jismoniy va ma'naviy barkamol insonlar etib tarbiyalash biz uchun g'oyat muhim vazifa ekanini unutishga aslo haqqimiz yo'q.
Ya'ni, bu yil mamlakatimizda maktablar, o'rta maxsus va oliy ta'lim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo'yadi. Shu bois Prezidentimiz yoshlarning bandligini ta'minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib qolishi ta'kidlagan holda, bu borada quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratilishini belgilab berdi.
Birinchidan, har o'quv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini ta'minlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo'lga qo'yiladi.
Ikkinchidan, joriy yilda oliy ma'lumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta ko'rib chiqiladi hamda ularning kamida 150 tasi bo'yicha bunday talab bekor qilinadi. Bunday yengillik tufayli 10 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashadi.
Uchinchidan, maktablarning 10-11-sinf o'quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasb va hunarlarga o'qitish tizimi yo'lga qo'yiladi.
To'rtinchidan, qishloqlarda yashayotgan 230 mingdan ortiq ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shug'ullanish uchun joriy yilda 61 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Shuningdek, g'alladan bo'shagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun berildi.
Beshinchidan, yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar va lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruktsiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etiladi.
Oltinchidan, axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beriladi. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpog'iston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi.
Yettinchidan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash Milliy bank raisi va bankning barcha filiallari rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilanadi.
“Ilmni qadrlang, ilmga intiling!”
Bugungi kunda dunyoda o'qigan, zamonaviy ilm va hunarlarni puxta egallagan, yosh avlodini ayni shu ruhda tarbiyalagan xalqlar, davlatlar jadal rivojlanmoqda. Shuning uchun O'zbekiston yoshlari ham ana shunday yuksak darajalarga ko'tarilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz, dedi O'zbekiston Prezidenti.
Bu borada, ayniqsa, quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratiladi:
iqtidorli, lekin oliygohda kontrakt asosida o'qish imkoniyati bo'lmagan yoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi tizim yaratiladi;
yangi o'quv yilidan boshlab barcha uchun ta'lim krediti imtiyozli shartlarda 7 yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, ya'ni joriy yilda 14 foiz stavkada ajratiladi;
bunga qo'shimcha ravishda, ta'lim kreditlarini qoplash uchun yo'naltirilgan mablag'lar daromad solig'idan ham ozod qilinadi;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga, oliygohdagi o'qishning birinchi yili uchun kontraktni byudjetdan to'lab berish tartibi joriy etiladi;
maktablarda o'quvchilarni komp`yuterdan shunchaki foydalanuvchi emas, balki undan daromad topadigan mutaxassislar qilib tayyorlash maqsadida joriy yil yakuniga qadar umumta'lim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanadi;
Respublikamiz bo'yicha qo'shimcha 5 mingta komp`yuter sinflari tashkil etiladi;
Maktablarda axborot texnologiyalari darslari zamonaviy “Kembrij” dasturlari asosida yo'lga qo'yiladi va o'qit?uvchilar ham, ushbu dasturlar asosida qayta tayyorlanadi. Xuddi shunday tizim barcha oliygohlarda ham joriy qilinadi;
yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.
Yangi O'zbekiston yoshlari – yuksak ma'naviyat sohiblari
Prezidentimiz alohida to'xtalgan mavzulardan yana biri ma'naviyat mavzusidir. Bu haqda so'z yuritar ekan, “Meni doimo o'ylantiradigan, tashvishga soladigan yana bir dolzarb masala bu – yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi, bir so'z bilan aytganda, tarbiyasi bilan bog'liq”, dedi davlatimiz rahbari.
Shu munosabat bilan ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan katta ishlar e'tirof etilgan holda, ularning samaradorligini yanada kuchaytirish uchun bir qator masalalarga jiddiy e'tibor beri zarurligi ko'rsatib o'tildi.
Birinchidan, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish doimiy e'tiborimiz markazida bo'ladi.
Ikkinchidan, yoshlar o'rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzg'unchi va radikal oqimlar ta'siriga tushish holatlari davom etayotgani, o'tgan 5 oyda 7 mingdan ziyod yoshlar jinoyat sodir etgani, hozirgi vaqtda qariyb 40 ming nafar yoshlar profilaktik hisobda turgani jamoatchilikni haqli ravishda bezovta qilmay qo'ymaydi.
Vatanimiz yoshlariga mutlaqo yarashmaydigan, barchamizga isnod keltiradigan bunday salbiy ko'rinishlarga jamiyatimizda mutlaqo o'rin bo'lmasligi zarur. Zero, yosh avlodning ongini salbiy ta'sirlardan himoya qilish, adashganlarni to'g'ri yo'lga qaytarish o'zini vatanparvar deb hisoblaydigan har bir O'zbekiston fuqarosi, ayniqsa yoshlarning asosiy burchi bo'lib qolishi darkor.
Uchinchidan, madaniyat, san'at, ilm-fan, ta'lim sohasida o'z iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar uchun zarur sharoitlarni yaratish hududlar hamda vazirlik va idoralar rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri bo'lishi shart.
To'rtinchidan, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish kerak. Bu haqda gap ketganida, Prezidentimiz bir– hududlardagi ko'plab sport inshootlari asosan tuman va shahar markazlarida joylashgani bois chekka qishloqlarda yashaydigan yoshlar bu imkoniyatlardan foydalana olmayotgani bilan bog'liq muammoga alohida e'tiborni qaratdi.
Beshinchidan, yurtimiz tarixiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarga juda boyligini inobatga olib, ichki turizmni rivojlantirish dasturlari doirasida yoshlarning ta'til paytida respublikamiz bo'ylab sayohatlarini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston yoshlarining intellektual, ma'naviy va jismoniy salohiyatini ro'yobga chiqarishga qaratilgan bu kabi qamrovdor va ulkan vazifalar, o'z navbatida, yana yangi dastur va rejalar qabul qilishni talab etadi. Eng asosiysi, davlatimiz rahbari e'tirof etganidek, “Bugungi kunda ko'pmillatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, O'zbekistonning yangi Uyg'onish davrini yaratish yo'lida belini mahkam bog'lab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yo'lda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qo'shilayotgan yoshlarimiz – asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir”.
G'ulom Mirzo,
Bobomurod Rayimov
- Qo'shildi: 05.07.2021
- Ko'rishlar: 4401
- Chop etish