Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi. Bugungi kunda ularning soni 1 milliardga yetgan. Yurtimizda esa nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 800 mingga yaqin.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning barqaror tizimi yaratildi. Bu haqda so‘z borganda, avvlambor, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining 2020 yilgi Davlat dasturiga muvofiq, yangi tahrirdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun imzolanganini ta’kidlash lozim.
Mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq, manfaatlarini himoya qilish, ularining to‘laqonli hayot kechirishlarini ta’minlash uchun mutlaqo yangi tizim yaratildi. Qonun davlatning nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan munosabati, mas’uliyati yangi darajaga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Shuningdek, keyingi yillarda milliy qonunchilikka ushbu masalani huquqiy tomondan to‘liq qamrab olgan muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ilm egallashi, kasb tanlashi, hunar o‘rganishi borasidagi huquqlarini amalga oshirish borasida Mehnat kodeksiga, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga yangi normalar kiritildi. Shaharsozlik kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun, ijtimoiy ob’ektlarga emin-erkin kirib chiqishi uchun sharoit yaratish masalalari ko‘zda tutildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, bu borada ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi hamda ushbu davrda mazkur hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Yanada muhimi: O‘zbekistonda 2021 yil 7 iyun kuni “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun imzolandi. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan.
BMTning 192 a’zo davlatidan, 2021 yil fevral holatiga ko‘ra, 182 tasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Konvensiyada nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, xususan, ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayotda, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanishda ishtirok etish, o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilgan.
O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o‘zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.
Xulosa o‘rnida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko‘magida Konstitutsiya va bir qator qonunlar, shuningdek xalqaro shartnomalarni Brayl alifbosida nashr etish an’anasi yo‘lga qo‘yilgani haqida qisqacha to‘xtalmoqchiman. Gap shundaki, O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq ro‘yxatga olingan ko‘zi ojiz yoki qisman ojiz fuqaro istiqomat qiladi.
Shu ma’noda, maxsus chop etilgan nashrlar imkoniyati cheklangan shaxslarga jamiyatimizning boshqa fuqarolari qatori mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida teng ravishda ishtirok etish imkonini berib, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga yordam beradi. Ushbu kitoblar nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmatini hurmat qilish, ularni nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarining amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizning 18-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.
Muqaddas Qosimova,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 02.12.2021
- Ko'rishlar: 3710
- Chop etish