“Ota-ona mehridan mahrum va nogironligi bor bolalarni qo'llab-quvvatlash, ularni jamiyatning faol a'zolari sifatida tarbiyalash barchamizdan jiddiy e'tibor va amaliy harakatlarni talab qiladi. Birorta bola “men yetim yoki nogironman” deb o'ksinmasligi, davlatimiz va jamiyatimizning mehridan chetda qolmasligi kerak. Ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o'qitish, barcha sharoitlarni yaratib berish nafaqat vazifa, balki muqaddas burchdir”.
Prezident Shavkat Mirziyoev bu fikrlarni nogironligi bo'lgan, ota-ona qaramog'idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari bo'yicha kuni kecha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida bildirdi.
Yig'ilishda nogironligi bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlash va davolash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari bunday bolalarni zarur tibbiy vosita va aravachalar bilan ta'minlash, jarrohlik operatsiyalari o'tkazish, implantant va protez o'rnatish uchun qo'shimcha mablag' ajratishga ko'rsatma berdi.
Shuningdek, ixtisoslashgan maktablarga yirik korxonalar va klasterlarni biriktirib, sharoitlarni yaxshilash mumkinligi qayd etildi. Voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari o'rniga Bolalar masalalari bo'yicha milliy komissiya tashkil etilishi, hududiy komissiyalarga esa viloyat hokimlari rahbarlik qilishi belgilandi.
Yana bir muhim yangilik: shu yil 1 sentyabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, to'lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi. Bundan tashqari, “temir daftar”ga kirgan oilalar farzandlari, shuningdek boquvchisini yo'qotgan va nogironligi bo'lgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming so'mdan beriladi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur yig'ilish yaqinda O'zbekistonda BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi amal qila boshlaganidan buyon nogironligi bo'lgan barcha insonlar, xususan, bolalar manfaatlarini har tomonlama ta'minlash maqsadida mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan dastlabki muhim, amaliy va samarali tadbir hisoblanadi.
Xuddi shu kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning mamlakatimizdagi jamoasi hamda YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda o'tkazilgan tantanali marosimda bu haqda atroflicha so'z yuritildi. Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a'zolari, markaziy idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, shuningdek fuqarolik jamiyati instituti va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi uchun BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyacining kuchga kirishiga bag'ishlangan anjuman ishtirokchilari ta'kidlaganlaridek, keyingi besh yil davomida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining oliy minbaridan turib ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari keng jamoatchiligimiz hamda jahon hamjamiyati tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelinmoqda.
Bunday ijobiy munosabat, bir tomondan, O'zbekistonning davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yo'lidan og'ishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning xalqaro maydonda o'rni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalildir.
O'zbekiston Prezidenti 2021 yil 22 fevral` kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan yana bir tashabbus yaqinda muvaffaqiyat bilan amalga oshirildi. Bu o'rinda gap 2021 yilda “Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani (N`yu-York, 2006 yil 13 dekabr`) ratifikatsiya qilish haqida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingani haqida bormoqda.
BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari tengligi, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta'lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o'zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo'lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir. Mazkur Konventsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan.
BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi XXI asrda qabul qilingan inson huquqlari to'g'risidagi birinchi shartnomadir. 2021 yil fevral` holatiga ko'ra, BMTning 192 a'zo-davlatidan 182 tasi ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgan.
Konventsiya 50 ta moddadan iborat bo'lib, dunyodagi nogironligi bo'lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Konventsiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati printsiplarini o'zida mujassamlashtirgan. Uning asosiy g'oyasi shundan iboratki, nogironligi bo'lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak.
O'zbekistonda kam ta'minlanganlar, nogironlar, yoshlar, ayollar va qariyalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi.
Mamlakatimizning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga qo'shilishiga oid masala davlat boshlig'ining quyidagi dasturiy hujjatlarida:
birinchidan, “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida (2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan);
ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag'ishlangan Tadbirlar dasturida (2018 yil 5 maydagi Farmon bilan tasdiqlangan);
uchinchidan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida (2020 yil 22 iyundagi Farmon bilan tasdiqlangan);
to'rtinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 2021 yil 22 fevralda bo'lib o'tgan 46-sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va BMT xalqaro shartnomaviy organlari – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo'mitasining, Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasining yakuniy tavsiya va mulohazalarida O'zbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilinishi bo'yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish va bu borada targ'ibot-tashviqot faoliyatini amalga oshirish bir necha marta tavsiya etilgan
Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilish jarayonida O'zbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qo'llanildi. Ya'ni, xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.
O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi va tengligini kafolatlaydigan bir qator qonunlar qabul qilindi. 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun nogironlarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonun hujjati hisoblanadi.
Konventsiyani ratifikatsiya qilishda 3 ta manba: milliy qonunchilik, xorijiy yuridik amaliyot va ushbu Konventsiyaning o'ziga tayanildi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Rossiya, Belarus`, Ukraina, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasi chuqur o'rganildi.
Xususan, AQSH, Buyuk, Britaniya, Germaniya, Shveytsariya kabi yetakchi xorijiy davlatlar Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilgan holda, tegishli milliy qonunlarini ham qabul qilgan. Bu qonunlarning barchasi mazmunan o'xshash bo'lib, Konventsiya talablari negizida ishlab chiqilgan.
Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishidan qat'i nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik printsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko'rsatayotgani juda muhim.
Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida:
O'zbekiston nogironlar jamiyati;
O'zbekiston nogironlar jamoat fondi;
O'zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi;
Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi;
O'zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o'smirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi;
“Inklyuzivhayot” nogironlar jamoat birlashmasi;
O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati;
O'zbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor.
Ushbu nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari Konventsiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.
Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etishga, Konventsiyaning asosiy qoidalarini amalga oshirishga, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.
Konventsiyani ratifikatsiya qilish natijasida – nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashishi, nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo'yicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayishini, aholini ijtimoiy himoya qilishdagi mamlakatimizning ijobiy xalqaro imiji yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, ehtiyojmand, ko'makka muhtoj odamlarni kuchli ijtimoiy himoyalash borasidagi ezgu sa'y-harakatlar milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. O'zbekistonda BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining kuchga kirishi bu boradagi amaliy ishlarning o'ziga xos davomidir.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surgan tashabbuslarni ro'yobga chiqarish yo'lida mamlakatimizda tizimli asosda muhim huquqiy, tashkiliy va amaliy qadamlar qo'yilmoqda. Zero, Yurtboshimiz yuksak minbardan turib, O'zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilayotganini ta'kidlagani bejiz emas.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 30.07.2021
- Ko'rishlar: 4684
- Chop etish