NOGIRONLIGI BO'LGAN SHAXSLARNI QO'LLAB-QUVVATLASH – USTUVOR VAZIFA

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash faoliyati doirasidagi ustuvor yo'nalishlarga e'tibor qaratdi. Alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlash shunday muhim sohalardandir.

“Yaqinda Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risidagi yangi qonun kuchga kirdi. O'zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishi kutilmoqda. Biz imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etamiz”, dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bozor iqtisodiyoti sharoitida nogironligi bo'lgan shaxslarning bandligini ta'minlayotgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini rag'batlantirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.

Yurtboshimiz qayd etgan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunni haqli ravishda milliy qonunchilikning yutug'i deb hisoblash mumkin. Chunki ushbu Qonunda ilk bor nogironlik ijtimoiy himoya yoki tibbiyot muammosi emas, balki, birinchi navbatda, inson huquqlari muammosi sifatida ta'riflangan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir inson irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoxud boshqa e'tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy yoxud tabaqaviy yoki boshqa sharoitidan qat'i nazar, barcha huquq va erkinliklarga ega bo'lishi shart ekani belgilab qo'yilgan. Bu nogironlar uchun ham bevosita taalluqlidir.

Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishidan qat'i nazar, shaxsni nogironligi sababli kamsitmaslik tamoyili yotadi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklari, tenglik va kamsitmaslik tamoyillari mustahkamlangan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida shunday deyilgan: “O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar”.

O'zbekistonda Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va teng huquqliligini kafolatlovchi bir qator qonunlar qabul qilindi. 2020 yil 15 oktyabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi  qonun bu borada alohida ahamiyat kasb etadi.

O'zbekistonda 45 mingdan ortiq ro'yxatga olingan ko'zi ojiz yoki qisman ojiz fuqaro istiqomat qiladi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi arafasida ilk bor Bosh Qomusimiz hamda nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlari to'g'risidagi yangi qonun Brayl alifbosida kitob holida nashr etildi.

Ushbu kitoblar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko'magida nashr etildi. Yangi nashrlar imkoniyati cheklangan shaxslarga jamiyatimizning boshqa fuqarolari qatori mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida teng ravishda ishtirok etish imkonini berib, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga yordam beradi, deb ishonamiz.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Jenevadagi chiqishida O'zbekiston parlamenti BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilishini alohida ta'kidladi. Bu shundan dalolat beradiki, nogironligi bo'lgan shaxslarning qadr-qimmatini hurmat qilish, ularni nogironlik belgisiga ko'ra kamsitishga yo'l qo'ymaslik, huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, ta'lim olishga bo'lgan huquqlarining amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

MUXLISA HASANOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyatining katta muharriri

Powered by GSpeech