Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi tomonidan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqiy himoyasi: milliy va xalqaro tajriba, istiqboldagi rejalar” mavzusida konferentsiya tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida o'tkazilgan tadbirda deputatlar, sohaga daxldor bo'lgan vazirlik va idoralar, O'zbekiston Nogironlar jamiyati va bir qator nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov kirish so'zi bilan ochib berdi.
Mazkur anjuman parlament quyi palatasi tomonidan Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori saviyada o'tkazish to'g'risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli chora-tadbirlar rejasi asosida “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o'tkazildi.
Videokonferentsiya shaklida o'tkazilgan tadbirda bugungi kunda yurtimizda 760 mingdan ziyod nogironligi bo'lgan shaxslar istiqomat qilishi, mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab aholining ehtiyojmand qatlamiga, jumladan nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashga, ularning huquq va qonuniy mafaatlarini himoya qilishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Bu boradagi ishlar Harakatlar strategiyasi doirasida yangi bosqichga ko'tarilib, yurtimizda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” yuritilgan holda, mahallabay, fuqarobay ishlash tizimi yo'lga qo'yilgani qayd etildi.
Anjumanda O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan BMTning “Nogironlar huquqlari to'g'risida”gi Konventsiyaning asosiy qoidalari, shuningdek, nogironligi bo'lgan shaxslarning barcha huquqlari va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan milliy qonunchilik yutuqlari, hozirgi kunda mazkur yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar tahlil etilib, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Konferentsiya ishtirokchilarining aytishicha, “Nogironlar huquqlari to'g'risida”gi Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilg'or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun xalqaro va xorijiy grant mablag'larini jalb qilish imkoniyatlarini yaratadi.
Tadbirda so'z olganlar nogironligi bo'lgan shaxslar mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur huquqiy, tashkiliy shart-sharoitlar yaratilayotganini, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining shu masala bo'yicha muhim qaror va farmonlari qabul qilingani nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni hayotga intilishini oshirishda muhim omil bo'layotganini e'tirof etdilar.
So'z – konferentsiya ishtirokchilariga:
Mavluda XO'JAEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi:
– Xalqimiz azal-azaldan boshiga musibat kelganda qo'lni qo'lga berib, hamdard bo'lib kelgan. Yiqilganni suyash, ko'makka muhtojlarga yordam qo'lini cho'zish azaliy odatlarimizdan. Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish eng asosiy masala bo'lgani bois, yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilib, bu masala davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.
O'zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini tartibga solish, ularni ijtimoiy himoyasini amalga oshiruvchi mexanizmlarni belgilovchi qonun mustaqillik davrining boshlanishida 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan va yangi tahriri 2008 yilda tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi Qonun bo'ldi va bu hujjat 2021 yil 15 yanvarga qadar sohadagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qildi.
Ayniqsa, Prezidentimizning tashabbusi asosida ishlab chiqilgan va 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilinib joriy yil 15 yanvardan kuchga kirgan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun ilgari qabul qilingan qonunlardan printsipial tarzda farq qilgan holda, unda “Nogironlar huquqlari to'g'risida”gi Konventsiya qoidalariga muvofiq nogironlar huquqlarini amalga oshirish kafolatlari, ularning kamsitilishining oldini olish hamda jamiyatning to'laqonli a'zosi sifatida ularga teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan normalar o'rin oldi.
Aytish joizki, nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishidan qat'iy nazar insonni, shu jumladan, nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik printsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko'rsatayotgani diqqatga sazovor.
Nodirjon TILAVOLDIEV,
Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi o'rinbosari:
– Konferentsiyada eng ko'p muhokama qilingan mavzulardan biri BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilish borasidagi uzoq bosib o'tgan yo'limiz, ushbu hujjatning ahamiyati atrofida bo'ldi.
Ma'lumki, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. Hozirga qadar O'zbekiston BMTning 192 a'zo-davlatlari ichidan ushbu Konventsiyani ratifikatsiya qilmagan 10 ta davlatlar qatoridan o'rin olgan edi.
Joriy yilning 7 iyun` kuni Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya ratifikatsiya qilish haqidagi O'zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha keng ko'lamli demokratik islohotlar amalga oshirilayotganining yorqin ifodasidir. Boisi, konventsiya dunyodagi nogironligi bo'lgan shaxslar holatini atroflicha tahlil qilish asosida qabul qilinib, mazkur xalqaro-huquqiy hujjat insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati printsiplarini o'zida mujassamlashtirgani bilan ahamiyatlidir.
Qizg'in baxs-munozaralar va savol-javoblar tarzida o'tgan anjuman yakunida tashkilotchilar tomonidan mazkur sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga oid tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Konferentsiyada Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi tomonidan tayyorlangan maxsus videorolik ishtirokchilarga taqdim etildi.
Manba: parliament.gov.uz
- Qo'shildi: 05.08.2021
- Ko'rishlar: 4021
- Chop etish