Milliy markaz: Inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarni bajarishga doir eng maqbul tajribalar o‘rganilmoqda

O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi 80 dan ziyod asosiy xalqaro hujjatga qo‘shilgan va bu boradagi xalqaro majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. Ushbu jarayon qanday tashkil etilgan va ayni sohadagi faoliyat samaradorligi nimalarga bog‘liq?

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2021 yil 19-21 noyabr kunlari tashkil etilgan trening ayni mavzudagi masalalar tahliliga bag‘ishlangan. Treningda Milliy markaz, Bosh prokuratura, Oliy sud, Statistika davlat qo‘mitasi, yuridik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari ishtirok etmoqda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Inson huquqlari va shartnomaviy mexanizmlar faoliyatini ta’minlash bo‘yicha departamenti rahbari Mahaman Sisse-Guro tadbir ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Uning ta’kidlashicha, keyingi davrda O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va ayni sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarish borasida ijobiy natijalarga erishilgan. 

M.Sisse-Guro, shuningdek, Milliy markazni 25 yillik to‘yi bilan qutladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi ko‘magida onlayn va oflayn shaklda tashkil etilgan mazkur treningda xalqaro spikerlar ishtirok etmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Natalya Oliynik (Jeneva), BMT Taraqqiyot dasturining Inson huquqlari va ijtimoiy himoya bo‘yicha katta eksperti Salman Asif (Pokiston) shular jumlasidandir.

Trening mashg‘ulotlariga xalqaro ekspert Artur Yasevich moderatorlik qilmoqda. U BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.

Tadbirda dastlab Milliy markaz vakillarining taqdimotlari tinglandi. Ushbu taqdimotlarda O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda belgilangan majburiyatlarni bajarish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samaralarini hisobga olgan holda, milliy ma’ruzalar tayyorlanayotgani ta’kidlandi. Bunda Milliy markaz asosiy muvofiqlashtiruvchi tashkilot ekaniga e’tibor qaratildi.

 

Milliy ma’ruzalarni  tayyorlash jarayonlariga barcha manfaatdor tomonlar jalb etilmoqda. Bu o‘rinda, albatta, vazirliklar va davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining daxldorligi haqida so‘z bormoqda.

Chunki milliy ma’ruzalarni tayyorlashda qamrovni shunday keng olish birinchi navbatda xolislikni ta’minlaydi. Eng muhimi, bu bilan Yangi O‘zbekistonni demokratik rivojlantirish jarayonlarining barcha bosqich va sohalarida inson huquqlariga amal qilinishi borasida tadrijiy asosda amaliy natijalar qo‘lga kiritlayotgani yaqqol ko‘rinadi.

Uch kunlik treningdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz ratifikatsiya qilgan xalqaro hujjatlar doirasidagi majburiyatlarni amalga oshirish borasida tegishli tuzilmalarning salohiyatini oshirishdan iboratdir. Qolaversa, bu boradagi eng maqbul milliy amaliyot va xalqaro tajribani atroflicha o‘rganish ko‘zda tutilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

matbuot xizmat

Powered by GSpeech