Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasi boshlandi

AQSH Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida Bosh Assambleyaning yubiley – saksoninchi sessiyasi ish boshladi. Dastlab anjuman doirasidagi dastlabki muhim tadbir – Inson huquqlari bo‘yicha kengashning Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan maxsus majlis bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, 1995 yil 15 sentyabr kuni o‘tkazilgan Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha To‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilingan. 2015 yil 25 sentyabrda esa Bosh Assambleya tegishli rezolyutsiya qabul qilib, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini belgilab berdi.

Mazkur xalqaro huquqiy hujjatlarda davlatlarning ayollar va qizlar inson huquqidan to‘liq va teng ravishda foydalanishini ta’minlash, rag‘batlantirish hamda himoya qilish borasidagi majburiyati mustahkamlangan.

80-sessiya Prezidenti germaniyalik Annalena Berbok dunyo xotin-qizlari huquqini himoya qilishga qaratilgan xalqaro tashabbuslar xususida atroflicha so‘z yuritdi.

Bosh kotib Antoniu Guterrish nutq so‘zlab, Pekin deklaratsiyasining global ahamiyatiga alohida urg‘u berdi:

– O‘ttiz yil muqaddam dunyo hamjamiyati ayollar huquqi ikkinchi darajali yoki savdolashuv ob’ekti emas, balki inson huquqining ajralmas qismi ekanini tasdiqlagan edi. Shu nuqtai nazardan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi – xotin-qizlar huquqini ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli va yuksak global siyosiy majburiyat.

Keyingi o‘ttiz yil mobaynida huquqiy himoya, siyosiy ishtirok, ta’lim, onalar salomatligini saqlash, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kabi yo‘nalishlarda muayyan yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, dunyoda hali biror davlat to‘laqonli gender tenglikka erisha olgani yo‘q. Vaholanki, Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-si aynan gender tenglik.

Zamonaviy tahdid va yangi vazifalar

BMT rahbari global mojarolar, iqlim ofatlari va tizimli madaniy to‘siqlar ayollar huquqini cheklayotgani, shuningdek sun’iy intellekt va raqamli texnologiya sohasida gender tengsizlik xavfi kuchayib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Guterrish ta’kidlaganidek, ayollarning ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalaridagi faol ishtiroki ustuvor vazifaga aylanishi zarur. Zero, xotin-qizlar qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishi – ularga berilgan imkoniyat emas, balki tabiiy huquq hisoblanadi.

Yangi siyosiy deklaratsiya va kelgusi rejalar

Xotin-qizlar maqomi bo‘yicha komissiya yil boshida Pekin deklaratsiyasini to‘liq amalga oshirish majburiyati belgilangan yangi siyosiy deklaratsiya qabul qildi. Shu munosabat bilan Bosh kotib barcha davlatlarni ayollar tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, ular taklif etgan yechimlarni hayotga tatbiq etish va ayni jarayonga amaliy sarmoya kiritishga chaqirdi. Bu, o‘z navbatida, Pekin platformasining 30 yo‘nalishini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatni kengaytirish hamda ayollar huquqini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Jahon tashkiloti rahbari xulosa sifatida XXI asrda tinchlik, farovonlik va taraqqiyotning muhim sharti – ayol va erkak uchun teng huquq, imkoniyat ta’minlash.

BMT yubiley sessiyasi doirasida o‘tgan mazkur tadbir Pekin deklaratsiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirish barcha davlatlar oldidagi umumbashariy mas’uliyat bo‘lib qolayotganini yana bir bor isbotladi.

Ilk sessiyada mazkur sohada e’tiborga molik yutuqlarga erishayotgan, yetarli tajriba to‘plagan davlatlar yetakchi ayollari ham ma’ruza qilmoqda.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.

Powered by GSpeech