So'nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan xalqimiz farovonligi yo'lida keng ko'lamli islohotlar olib borilmoqda. Bu islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, har bir fuqaro va oila farovonligi, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlari ta'minlanishiga erishilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) 2020 yildagi pandemiya sharoitiga qaramasdan jamoatchilik faollari bilan birgalikda karantin majmualari, tibbiy muassasalar, Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarining ta'minlanish holatini o'rganish maqsadida muntazam monitoring tadbirlarini amalga oshirdi.
11 fevral kuni Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasining majlisida shu haqda so'z bordi. Unda Oliy Majlis Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) hisoboti va Bola huquqlari bo'yicha vakilning 2020 yildagi faoliyati to'g'risidagi axboroti eshitildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraktsiyalari a'zolari, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligining mas'ullari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, hisobot davrida Inson huquqlari bo'yicha vakil (Ombudsman) tomonidan 72 ta normativ-huquqiy hujjat va qonun loyihalari huquqiy ekspertizadan o'tkazilgan. O'zbekiston Respublikasining 20 ta qonuni loyihasi va normativ-huquqiy hujjatlari yuzasidan takliflar berilgan.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan joylardagi jazoni ijro etish muasasalari va tergov hibsxonalarida olib borilgan monitoring hamda murojaatlar tahlili natijasida jazoni ijro etish muassasalari hamda tergov hibsxonalarida bola tug'ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli berilishi tizimini ishlab chiqish hamda amaldagi me'yoriy hujjatlarga o'zgartirish kiritish bo'yicha tegishli vazirliklarga taklif kiritilgan.
2020 yilda Ombudsman nomiga O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 14 ming 975 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 3 ming 798 tasi - iqtisodiy huquq va erkinliklarini ta'minlash, 5 ming 586 tasi - ijtimoiy huquqlari hamda erkinliklarini ta'minlash, 1 ming 46 tasi esa mehnat huquqlarini ta'minlash bilan bog'liq.
Murojaatlarning 1 ming 563 tasi qamoqda saqlash joylaridagi shaxslar va ularning qarindoshlari tomonidan yo'llangan.
2020 yildagi pandemiya sharoitida fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi bilan bog'liq 475 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning 45,3 foiz xotin-qizlar tomonidan yuborilgan. Ushbu ariza va shikoyatlar yurtimiz ayollarining shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari bilan bog'liqdir.
Murojaatlarni ko'rib chiqish natijalariga ko'ra, 54 nafar ayolga voyaga yetmagan farzandlarining ta'minoti uchun jami 176 million 463 ming 797 so'm miqdorida aliment pullari undirib berilgan. Jinoyat ishi qo'zg'atishni rad etish to'g'risidagi 18 ta qaror bekor qilingan hamda 5 ta holatda xotin-qizlarga nisbatan oilada tazyiq va zo'ravonlik holatlari sodir etilganligi yuzasidan jinoiy ish qo'zg'atilgan.
Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko'rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat bo'lgan Ekspert guruhi tomonidan 2020 yil davomida qamoqda saqlash joylarida jami 76 ta monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Bu jarayonda bir qator kamchiliklar hamda o'z yechimini kutayotgan muammolar aniqlangan va bartaraf etish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga ma'lumotlar kiritilgan.
Shu bilan bir qatorda, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish maqsadida, 50 ga yaqin material Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari hamda Internet resurslarida yoritilgan.
Yig'ilishda ta'kidlanganidek, mamlakatimizda bolalar mehnati to'liq bartaraf etildi. Shuningdek, Bola huquqlari bo'yicha vakil faoliyati yo'lga qo'yildi.
Bola huquqlari bo'yicha vakil o'zining faoliyatiga oid bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini ta'minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta'sirchan tizimini yaratishga alohida e'tibor qaratmoqda. Shu maqsadda «Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora tadbirlar to'g'risida»gi qarorining loyihasi ishlab chiqildi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilindi.
O'tgan yil mobaynida Bola huquqlari bo'yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to'g'risida O'zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan jami 85 ta murojaat qabul qilingan. Murojaatlarning 28 tasi idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan.
Afsuski, Mehribonlik uylari bitiruvchilarini turarjoy bilan ta'minlash to'g'risidagi 12 ta murojaat mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan javobsiz qoldirilgan. Ya'ni, Toshkent shahrida - 5 ta, Toshkent va Samarqand viloyatlarida - 3 tadan hamda Bosh prokuraturada 1 ta shunday murojaatlarga e'tibor qaratilmagan.
Shuningdek, vakil tomonidan bola huquqlarini ta'minlash, voyaga yetmaganlarga oid qonun xujjatlari ijrosining nazoratini o'tkazish va tegishli organlar bilan hamkorlikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan davlat boshqaruv organlari va huquqni muhofaza etuvchi organlarga 47 ta so'rov jo'natilgan.
Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining ijrosini o'rganish maqsadida bolalar haqida g'amxo'rlik qilish va ularni himoya qilish uchun mas'ul bo'lgan muassasalar, xizmatlar, organlarga, shu jumladan ta'lim, tibbiyot muassasalari, qamoqda saqlash joylari va jazoni ijro etish muassasalarida 53 marotaba monitoring tadbirlari o'tkazilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.02.2021
- Ko'rishlar: 5026
- Chop etish