OROLBO'YI MINTAQASI EKOLOGIK INNOVATSIYALAR VA TEXNOLOGIYALAR HUDUDI

2021 yilning 18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qiluvchi rezolyutsiyani ma'qulladi. Ushbu tashabbus O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil sentyabr` oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan.

BMT yangiliklari sayti (https://news.un.org) ma'lumotlariga ko'ra, mazkur rezolyutsiyaga O'zbekistondan tashqari 50 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan. Ozarbayjon, Belarus`, Qozog'iston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston shular jumlasidandir.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2020 yil sentyabr` oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so'zga chiqib, Orol dengizining qurib borishi natijasida Orolbo'yi hududi “ekologik ofat epitsentri”ga aylanganini ta'kidlagan edi. Yurtboshimiz o'shanda ushbu muammoni birgalikda bartaraf etish bo'yicha “2 mln. gektar maydonda yangi landshaft, daraxtzorlar va tuproq qoplamini yaratish”ni taklif qilgandi.

Bir paytlar hajmi bo'yicha to'rtinchi yirik yopiq dengiz bo'lgan — Orol dengizi hozirda deyarli quruq va kichik suv havzasiga aylangan. Baliqlarning noyob turlari, shuningdek turon yo'lbarsi, sirtlon, oqqush va flamingo kabi mintaqada yashagan yovvoyi hayvonlar yo'qolib ketgan.

Orol dengizining suvdan qurigan qismida 5,5 mln gektardan ortiq maydonga ega tuzli cho'llar paydo bo'lgan. Bu yerdan ko'tariladigan chang bo'ronlari necha ming kilometr uzunlikdagi atmosferaga minglab tonna chang va zaharli tuzlarni tarqatmoqda hamda o'simliklarni nobud qilmoqda.

Eng yomoni, ekologik ofat millionlab odamlarning hayoti va sog'lig'iga salbiy ta'sir qilmoqda. Shifokorlar hiqildoq va qizilo'ngach saratoni, shuningdek nafas yo'llari, ko'z va insonning boshqa a'zolari kasalliklari ko'payib borayotganini qayd etmoqda.

Orol dengizi endi hech qachon ilgarigi holiga qaytmaydi, lekin mahalliy aholi himoya va yordamga muhtoj. Shu ma'noda, BMT Bosh Assambleyasi qabul qilgan rezolyutsiyada Bosh Assambleya Orolbo'yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashi qayd tilgani judu muhimdir.

BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi avvalo yuqori texnologik innovatsiyalar, energiya va suvni tejovchi ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi.

Shu bilan birga, ushbu xalqaro hujjat “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini majmuaviy qo'llash, cho'llashuv va ekologik migratsiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va rag'batlantiruvchi omillarni shakllantirish yo'lidagi sa'y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Odiljon Sulaymonov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston
Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i, yuridik fanlar doktori

Powered by GSpeech