Oshkoralik va so'z erkinligi – davr va islohotlar talabi

Yangi O'zbekistonni bunyod etish, mamlakatimizda yangi Renessans poydevorini shakllantirish insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan keng va chuqur demokratik islohotlarga asoslanadi. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida alohida qayd etildi.

So'nggi yillarda sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish, qonun oldida tenglikni ta'minlash, jamiyatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyasi qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.

Milliy strategiyada O'zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar – qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so'z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari, global raqobatbardoshlik, innovatsion rivojlanish bo'yicha dunyodagi 50 ta yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishini ta'minlash bo'yicha muhim vazifa qo'yilgan.

Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida «Biz erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmasdan, O'zbekistonda so'z erkinligini har tomonlama qo'llab-quvvatlashni qat'iy maqsad qilganmiz”, deb qayd etdi.

Aynan inson huquqlari va manfaatlarini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlar tufayli O'zbekiston 2020 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo bo'ldi, AQSH Davlat departamenti esa, respublikamizni diniy erkinliklar sohasida «alohida kuzatuvdagi» mamlakatlar ro'yxatidan chiqardi.

Shu bilan birga, O'zbekiston Ochiq ma'lumotlar reytingida 125 ta pozitsiyaga ko'tarilgan holda, 44-o'rinni egalladi. Islohotlarimizning yana bir xalqaro e'tirofi – Iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz 26 ta pozitsiya yuqoriga ko'tarildi.

Taniqli siyosiy arbob, AQSH asoschilaridan biri, Amerika Mustaqillik deklaratsiyasining hammuallifi Tomas Jefferson «Bizning erkinligimiz matbuot erkinligiga bog'liq, agarda matbuot erkinligi cheklansa, bu yo'qotish demakdir», deb qayd etgan edi.

Prezidentimizning jurnalistlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashi samarasida, ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda yuz berayotgan keng ko'lamli islohotlarni xolis yoritish bilan bir qatorda hukumat idoralari va jamoatchilik e'tiborini joylardagi dolzarb muammolarga jalb qilmoqda va barcha darajadagi rahbarlarni ushbu muammolarni hal qilishga undashmoqda. Bugungi kunda ular tobora «to'rtinchi hokimiyat»ga aylanmoqda.

Ommaviy axborot vositalari qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda tobora faol ishtirok etishmoqda. Xususan, bu jarayonga OAV ni jalb qilgan holda, jamoatchilik eshituvlari va jamoatchilik monitoringi tizimi joriy etilmoqda. Demokratik islohotlar samarasida, matbuot va elektron ommaviy axborot vositalari mansabdor shaxslarni o'z ishini qonun doirasida amalga oshirishga undamoqda.

Matbuot, televidenie, radio insonlarning yuz berayotgan voqealarga nisbatan munosabatlari, o'z pozitsiyalari, fikrlari va g'oyalari erkin ifodalash uchun jamoatchilik minbarini shakllantirishmoqda. Hozirgi kunda har bir davlat organi huzurida jamoatchilikka to'la va xolis ma'lumotni yetkazish maqsadida matbuot-xizmati tashkil etilgan.

Internetning keng imkoniyatlarga ega ekanligini hisobga olib, media sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, onlayn-jurnalistikani rivojlantirishga tobora katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sharoitida ko'p sezildi. Onlayn-jurnalistika o'z pozitsiyalarini sifatli va son jihatdan salmoqli yaxshilamoqda. Axborot taqdim etishdagi tezkorlik – uning muhim afzalligi sanaladi.

O'zbekiston ommaviy axborot vositalarining o'ziga xos jihati ularning axborotlarni mamlakatimizda istiqomat qiladigan millatlar va xalqlar uchun yetti tilda yoritilishi va chop etilishidadir.

Xolis jurnalistlar va blogerlarning odil tanqidi «eskicha» ishlayotgan rahbarlarga ish uslublarini o'zgartirish va o'z mas'uliyatlarini oshirishga majbur qilgan holda, ularning xato va kamchiliklarini ko'rsatib bermoqda.

So'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar mamlakatimizning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish va ta'minlash siyosatiga qat'iy sodiqligidan dalolatdir. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umume'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi.

Erkin ERNAZAROV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
jurnalist.

Manba: O'zA

Powered by GSpeech