Davlatimiz rahbari Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Boku shahrida bo‘lib turibdi. Shu munosabat bilan Ozarbayjonning “Xalq gazeti” nashri O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikning mintaqaviy ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola chop etdi.
Nashrda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi hamkorlik tobora kengayib borayotgani alohida ta’kidlangan. Xususan, Markaziy Osiyoda ishlab chiqariladigan “yashil” energiyani Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjonga, u yerdan esa Yevropaga yetkazib berish loyihasi xalqaro energetika xavfsizligini ta’minlashning istiqbolli yo‘nalishi sifatida baholangan.
Maqolada mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, raqamlashtirish hamda kiberxavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston va Ozarbayjonning raqamli boshqaruv hamda axborot texnologiyalari sohasidagi tashabbuslari o‘zaro tajriba almashish va sohani rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratayotgani qayd etilgan.
Ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, madaniy-gumanitar rishtalar haqida so‘z borganda, nashr Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktabning barpo etilishini oliy darajadagi do‘stlik, birodarlik va hamjihatlikning eng yorqin amaliy ifodasi sifatida e’tirof etgan.
Muallifning ta’kidlashicha, Boku sammiti va uning doirasida O‘zbekiston rahbarining boshqa delegatsiya boshliqlari bilan uchrashuvlari ikki tomonlama va mintaqaviy munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
“Xalq gazeti” mazkur nufuzli xalqaro tadbirni O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sherikligini nafaqat ikki tomonlama formatda, balki ko‘p tomonlama platformalarda ham izchil mustahkamlashga xizmat qiluvchi g‘oyat muhim maydon deb hisoblaydi.
D.HAKIMOV,
O‘zA
