«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi: Adolatga olib boruvchi islohotlar

Insonni ulug‘lash, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilish eng oliy qadriyat.  «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib berdi: 

– Inson huquqlari haqida so‘z borar ekan, bu borada, eng avvalo, sud tizimi haqida to‘xtalish kerak. Chunki, sudlar bu huquqni amalda ta’minlovchi muhim institut hisoblanadi. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada sud organlari fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil organ sifatida belgilangan. Jumladan, 136-moddada sudyalar mustaqilligi, ularning faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunishi hamda faoliyatiga har qanday aralashish taqiqlanishi belgilab qo‘yildi. 

Ushbu norma sudyalarning adolatli va xolis qaror qabul qilishini ta’minlab, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda, qonun ustuvorligini ta’minlashda hamda sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini mustahkamlashda muhim konstitutsiyaviy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Aytib o‘tish kerakki, 2023 yilda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiya va Harakatlar dasturi tasdiqlandi. 

Mazkur dasturda «Xabeas korpus» institutini keng joriy etish, sudyalar ixtisoslashuvini kengaytirish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, yagona sud amaliyotini ta’minlash va sud hokimiyatining nufuzini yuksaltirish kabi ustuvor vazifalar, shuningdek, ularni amalga oshirish mexanizmlari va mas’ul organlar ko‘rsatib berildi.

Prezidentning 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan joriy yil 1 yanvardan buyon tuman, shahar sudlarida tergov sudyalari faoliyat yurita boshladi. Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish jarayonida protsessual qarorlarga sanksiya berish vakolati alohida sudya – tergov sudyalari tomonidan amalga oshirilishi tartibi joriy etildi. 

Bugungi kunda sudlar faoliyatini raqamlashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, hozir odamlar ilgarigidek sud eshigi oldida soatlab kutib o‘tirmaydi. Sudlarga masofadan murojaat qilish, videokonferensaloqa orqali majlislarda ishtirok etish, ishlarni avtomatik taqsimlash va sud qarorlarini internet orqali olish imkoniyati yaratildi. 

https://exsud.sud.uz hamda “my.sud.uz” portali orqali masofaviy eshituvlar va elektron ariza topshirish, to‘lovlarni amalga oshirish va sud qarorlarini onlayn tarzda olish xizmatlari sudga murojaat jarayonini yanada qulay va shaffof qildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan my.sud.uz portali orqali “sudga elektron murojaat yuborish”, “sudga murojaat namunalari”, “davlat boji kalkulyatori”, “elektron to‘lov tizimi”, “sud qarorlarini onlayn olish” kabi interaktiv xizmatlarning yo‘lga qo‘yilgani fuqarolar uchun sudga murojaat qilish jarayonini qulay va shaffof qilib, adolatli sudlovga erishish imkonini yengillashtirdi.

Mamlakatamizda investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida Oliy sud tarkibida investitsiya nizolari hamda raqobat qonunchiligiga oid ishlarni ko‘rib chiqish uchun maxsus sud hay’ati tashkil etildi. Bu tashabbus mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xalqaro biznes hamkorlar uchun qonuniy kafolatlarni mustahkamlash va iqtisodiy munosabatlarda adolatli raqobat tamoyillarini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.

“O‘zbekiston - 2030” strategiyasida inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishni kuchaytirish maqsadida sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qator ustuvor vazifalar belgilangan. Jumladan, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish orqali shaxsning erkinlik huquqini kengroq ta’minlash, sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish orqali fuqarolarning odil sudlovga tezkor va samarali yetib borish imkoniyatini kuchaytirish nazarda tutilgan. 

Shuningdek, ma’muriy sudlarga bevosita murojaat qilishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni to‘liq bartaraf etish fuqarolarning davlat organlari qarorlari ustidan erkin shikoyat qilish huquqini ta’minlaydi. Sud tizimini boshqarishda sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari tizimini shakllantirish esa sudyalar mustaqilligini mustahkamlab, inson huquqlari ustuvorligi va adolatli sudlov prinsiplarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tizimda olib borilgan mazkur islohotlar tufayli so‘nggi uch yilda sudlangan shaxslarning 70 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi. Uch mingga yaqin fuqaro esa oqlandi. Jazo muddatini o‘tayotgan va tuzalish yo‘liga qat’iy kirgan uch mingdan ziyod yurtdoshimiz afv etildi. Bu esa, mamlakatimiz sud-huquq tizimlarida ko‘rilayotgan har bir ishda insonparvarlik, bag‘rikenglik tamoyillari amalda ekanining amaliy ifodasidir. 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 84-maqsadida sudlar faoliyatini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, xususan, sudlar jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilangan. 

Shu o‘rinda aytish joizki, Prezidentimiz tomonidan yaqinda, ya’ni joriy yil 21 avgustda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda sohaga sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. 

Unga ko‘ra, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechilib, “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishi bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilib, sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi. Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi. 

“Raqamli sud” konsepsiyasi asosida 2025 yil yakuniga qadar Toshkent shahrida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlislari tajriba tariqasida o‘tkaziladi. 

Prezidentimizning mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham sud-huquq sohasidagi islohotlarga to‘xtalib, “Biz odil sudlovga erishish uchun sud ishlarini to‘liq raqamlashtirish, inson omilini kamaytirib, sun’iy intellektdan keng foydalanish borasida faol ish olib bormoqdamiz. Iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha sud binosiga borib o‘tirishga hojat qolmaydi – taraflar sudda onlayn ishtirok etadi, sudlarda ochiqlik, oshkoralik ta’minlanadi. Qisqacha aytganda, mamlakatimiz “raqamlashgan va adolatli sud davri” ostonasida turibdi” deya ta’kidlagani zamirida ham yuqorida qayd etilgan amaliy ishlar yotibdi. 

Bu demokratik jamiyat barpo etish yo‘lidan ketayotgan O‘zbekistonda sud-huquq sohasi ustuvor ekani va doimo shunday bo‘lib qolishidan dalolatdir. 

Norgul Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech