O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida ishtirok etishi munosabati bilan tashkil etilgan Xalqaro press-klubning maxsus sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva, BMTning O'zbekistondagi Doimiy vakolatxonasi rahbari Helena Freyzer, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi rahbari Rishar Komenda va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu tadbirda Toshkent-Jeneva teleko'prigi orqali BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasi bo'lib o'tayotgan shahar – Shveytsariya poytaxtidan onlayn tarzda qatnashdi va so'zga chiqdi.
Akmal Saidov Yuqori darajadagi segment ishida O'zbekiston Rrespublikasi Prezidenti ushbu Kengashga a'zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etgani va so'zga chiqqaniga alohida e'tibor qaratdi. Ushbu nutqda mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari haqida atroflicha so'z bordi.
Avvalo, Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, "insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash O'zbekistondagi islohotlarda eng muhim o'rinda turadi". Shu ma'noda, BMTning 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda "Hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik" tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi chiqishida mamlakatimizda gender siyosati qat'iy davom ettirilishini ta'kidlagani bejiz emas. Bu yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish, shuningdek xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o'tkazish rejalashtirilgani ham shundan dalolat beradi.
Mamlakatimizda alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilishi haqida so'z borganda, Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida aytilganidek, O'zbekistonda nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos «ijtimoiy modeli»ga bosqichma-bosqich o'tilayotganini qayd etish lozim.
Yurtboshimizning bu boradagi yangi tashabbusi – imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifi ham shu kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari Jenevadagi nutqida O'zbekistonda joriy yilning "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e'lon qilinganini ma'lum qilar ekan,
birinchidan, BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;
ikkinchidan, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;
uchinchidan, BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi institutini ta'sis etish tashabbuslarini ilgari surdi.
"Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili" deb e'lon qilingan joriy yilda O'zbekistonda Bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonun qabul qilinishiga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratdi. Bu, o'z navbatida, mamlakatda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning yangi qonun asosida izchil davom ettirilishini anglatadi.
O'zbekiston inson huquqlari sohasi bo'yicha ta'limni rivojlantirish yo'lida yaqin istiqbolda qanday amaliy qadamlar qo'ymoqchi? Prezidentimiz bu borada,
birinchidan, Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda global forum o'tkazish; ikkinchidan, o'qitish tizimini
rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg'armasiga O'zbekiston o'z hissasini qo'shishi takliflarini bildirdi.
Mamlakatimizda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha ham fikr yuritildi. Davlat rahbari Yuqori darajadagi segmentda so'zlagan nutqida: "bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqrolikka ega bo'ladi", deb qayd etdi. Bunday muhim qadamlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo'lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig'iga munosib javobdir.
Eng asosiysi, biz inson huquqlarini kafolatlash, himoya qilish va rag'batlantirish borasida erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmaymiz. Prezidentimiz xalqaro forum ishtirokchilari e'tiborini mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi kodekslar ishlab chiqilayotganiga qaratdi.
Bundan tashqari O'zbekiston Prezidenti BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga, birinchidan, Sud`yalar kengashlari faoliyatining universal printsiplarini ishlab chiqish; ikkinchidan, Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakul`tativ protkolini O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilish; uchinchidan, mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida BMTning Qiynoqlar masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisini mamlakatimizga taklif etish takliflari bilan chiqdi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel` Bacheletning yurtimizga tashrifini kutib qolishimizni qayd etdi. "Bu borada mandatga ega bo'lgan barcha vakillarning O'zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qaror qabul qilamiz", dedi Yurtboshimiz.
O'zbekiston Prezidenti nutqida ko'tarilgan yangi g'oya va tashabbuslarning mohiyati hamda ahamiyati haqida batafsil so'z yuritildi.
– O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasi Yuqori darajadagi segmentida so'zlagan nutqi misolida mamlakatimiz ushbu Kengashning faol va tashabbuskor a'zosi ekanini yaqqol ko'rsatdi, – dedi A.Saidov pirovardida. – Yanada muhimi, O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Xalqaro press-klubning ushbu sessiyasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari oflayn va onlayn tarzda qatnashdi. Anjuman "O'zbekiston 24", "UzReport" "Dunyo bo'ylab", "Toshkent" telekanallari hamda Facebook ijtimoiy tarmog'i orqali jonli efirda namoyish etildi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 22.02.2021
- Ko'rishlar: 7033
- Chop etish