"Narodnoe slovo" gazetasining 2021 yil 2 mart sonida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas'ul xodimi Oybek Ahmadovning shu mavzudagi maqolasi chop etildi. Maqola mamlakatimiz BMTga a'zo bo'lganining 29 yilligiga bag'ishlangan.
Muallif O'zbekiston Respublikasi va BMT o'rtasida 1992 yil 2 martda asos solingan hamkorlikning asosiy bosqichlari va istiqbolli yo'nalishlari haqida so'z yuritgan. Shuningdek, BMT doirasida e'lon qilinayotgan O'zbekiston tashabbuslari va ularning amalga oshirilishi, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashida O'zbekiston Respublikasi a'zoligining asosiy vazifalari xususida to'xtalgan.
Yangi O'zbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qo'llab-quvvatlanmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, BMTning Diniy e'tiqod bo'yicha maxsus ma'ruzachisi hamda Inson huquqlari bo'yicha kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo'ldi.
Hozirgi vaqtda O'zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. Ushbu xalqaro hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalar taqdim etib kelinmoqda.
Mamlakatda mazkur xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga doir normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Maqolada Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining mohiyati va ahamiyati to'g'risida ham fikr yuritilgani bejiz emas. Binobarin, mazkur Milliy strategiya xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda, shuningdek inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish bo'yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o'rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo'llash amaliyoti va ilg'or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.03.2021
- Ko'rishlar: 4292
- Chop etish