O'zbekiston-IHT: Inson huquqlari sohasidagi hamkorlik istiqbollari

Yaqinda mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va muxtor elchisi U.Maqsudov bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi (IPHRC) ijrochi direktori Marg'ub Batt O'zbekistonni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylangani bilan muborakbod etdi. Shuningdek, Marg'ub Batt janoblari ushbu Kengashning joriy yil 22-24 fevral kunlari o'tkazilgan bahorgi sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni yuqori baholadi.

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri va eng yirik xalqaro islom tashkilotidir. IHT 1969 yil 25 sentyabrda Marokash poytaxti Robotda o'tkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yig'ilishida tashkil etilgan.

IHT qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Dastlab Islom konferentsiyasi tashkiloti (IKT) deb yuritilgan ushbu xalqaro tashkilot hozirgi nomini 2011 yilda olgan. IHTda ingliz, arab va frantsuz tillari rasmiy ish tili hisoblanadi.

IHTning asosiy maqsad va vazifalari:

a'zo davlatlar o'rtasida do'stlik va birdamlik rishtalarini uyg'unlashtirish; islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish;

davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish; inson huquqlarini himoya qilish; a'zo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga ko'maklashish; islom dini haqida ayrim nohaq va nojo'ya ma'lumotlarni bartaraf qilish;

turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni tashkil qilishdan iborat.

Bugungi kunda qariyb 2 milliard nafar aholiga ega 57 davlat IHTga a'zodir. Bu keng miqyosdagi hamkorlik muqaddas islom qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, musulmon xalqlari o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, tashkilotga a'zo mamlakatlar xalqlarining rivojlanishi va farovonligiga ko'maklashishdek ezgu maqsadlarga erishish yo'lida muhim o'rin tutib kelmoqda.

IHTda BMT, Rossiya, Bosniya va Gertsegovina, Markaziy Afrika Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega. O'zbekiston 1995 yil oktyabr` oyida mazkur tashkilotga kuzatuvchi, 1996 yil 2 oktyabrdan boshlab to'laqonli a'zo sifatida qabul qilingan.

O'zbekiston 2015 yil 14 dekabrda IHTning yangi Nizomiga qo'shilganini ta'kidlash lozim. IHT Nizomi 2016 yil aprelida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan.

O'zbekiston tomoni IHTni muqaddas dinimizni tinchlik va taraqqiyot omili sifatida e'tirof etadigan islom dunyosi mamlakatlarining nufuzli va samarador forumi sifatida e'tirof etadi. Shu bois mazkur Tashkilotning mustahkamlanishi va o'zaro munosabatlarimiz izchil ravnaq topishidan manfaatdormiz.

IHT sammitlari va IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining yillik sessiyalarida mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalari muntazam qatnashib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda O'zbekistonning IHT bilan hamkorligi faollashdi va o'zaro munosabatlarning yangi bosqichiga ko'tarildi.

Bunda 2016 yil 18-19 oktyabr` kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi alohida ahamiyat kasb etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu sessiyaning ochilish marosimidagi nutqida O'zbekiston IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qiladigan davrdagi (2016 yil oktyabr` oyidan – 2017 yil iyul oyigacha) ustuvor vazifalarga e'tibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo'l» mavzusi 43-sessiya kun tartibining asosiy g'oyasi etib belgilangani chuqur ramziy ma'noga ega. Bu g'oya «Beshikdan qabrgacha ilm izla» degan mashhur hadisga hamohang. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston tomoni ilgari surgan tashabbuslar bevosita ilm-fan va ma'rifat rivoji bilan uzviy bog'liqdir.

O'zbekiston Prezidenti, shuningdek 2017 yil 10 sentyabrda Astana shahrida (Qozog'iston) bo'lib o'tgan IHTning Fan va texnologiyalar bo'yicha birinchi sammitida so'zlagan nutqida ham ilm-fan, ma'naviyat va ma'rifatni rivojlantirishga doir amaliy takliflarni kun tartibiga qo'ydi. Ayni paytda mamlakatimiz rahbari IHT yuksak minbarlaridan turib e'lon qilgan ezgu tashabbuslar hayotga keng tatbiq etilmoqda.

Ma'lumki, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2018-2019 yillarda Islom Hamkorlik Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Osiyo qit'asidan saylangan a'zosi va ushbu Komissiyaning raisi lavozimida faoliyat olib borgan.

2019 yil 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimizda IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi yillik 6-seminari bo'lib o'tdi. Xalqaro anjuman ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbusini qo'llab-quvvatladilar.

IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'zining yirik xalqaro anjumaniga aynan yoshlar huquqlari masalasini tanlagani bejiz emas. Negaki, bugungi kunda yoshlar aksariyat mamlakatlarda, ayniqsa, IHTga a'zo davlatlarda aholining katta qismini tashkil etadi. Bizning ushbu aholi qatlamiga nisbatan befarq yondashuvimiz jamiyatlarimizdagi barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni tahdid ostiga qo'yishi muqarrar.

Toshkent anjumani ishtirokchilari yakunlovchi hujjat – Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasini qabul qildilar. Deklaratsiyada xalqaro darajada va IHTga a'zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to'la ta'minlash yo'lida kelgusida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.

Shu o'rinda janob M.Batt Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori nomiga minnatdorlik maktubini taqdim etgani diqqatni tortadi. Maktubda, jumladan, A.Saidov IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasiga raislik qilgan davrda mazkur tashkilot yangi marralarga erishgani va xalqaro maydonda munosib o'rin egallagani e'tirof etilgan.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda O'zbekiston bilan IHT o'rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Bunda, jumladan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida yo'lga qo'yilgan o'zaro yaqin munosabatlar alohida o'rin tutadi.

G'ulom Mirzo

Powered by GSpeech