Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida "Mahalla instituti aholi bilan davlat o‘rtasida muhim ijtimoiy ko‘prik" mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Xalqaro anjumanda BMTning Taraqqiyot dasturi bosh Administratori – BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Haoliang Xu, BMT ECOSOC Kengashining vitse-Prezidenti Lok Bahadur Thapa, Yoshlar ishlari bo‘yicha Bosh kotibning o‘rinbosari, BMT Yoshlar Byurosi rahbari Felipe Pauller, O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov, qator xorijiy tuzilmalar va mahalliy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, mahalla tizimidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida taqdimot qilindi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev xorijdagi nufuzli olimlar, ekspertlarga bu borada ma’lumotlar taqdim etdi.

E’tirof etilganidek, O‘zbekistonda 3 ming yillik tarixga ega, dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan tuzilma – mahalla instituti asrlar davomida xalqimiz hayotining mazmuni bilan birga, qadriyatlar, insoniy munosabatlar, orzu-maqsadlar asosi bo‘lib kelgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va sa’y-harakati bilan mahalla tizimi bugun jamiyatimizda kechayotgan islohotlarning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylandi. Mahalla – Yangi O‘zbekiston davrida mazmunan transformatsiyalashdi va BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror Rivojlanish maqsadlaridagi 17 ta maqsad hamda 169 ta vazifalarini bajarishda eng faol asosiy ijtimoiy institutga aylandi.

Bugungi kunda odamlarning har qanday masalasi, muammolari, ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish mahallaning o‘zida hal etilyapti.
Kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, oilalar farovonligini oshirish, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla katta kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Mahalla har bir oila, har bir inson muammosi, dardu tashvishiga chuqur kirib bora oladigan xalqchil tuzilma sifatida yanada faollashdi.
O‘zbekistonda 208 ta tuman (shahar)lardagi 8 ming 852 ta mahallada 7,5 millionga yaqin xonadon va 10 millionga yaqin oilalar mavjud bo‘lib, 38 million nafarga yaqin aholi istiqomat qilib kelmoqda.
O‘zbekiston dunyoda kamdan-kam davlat demografik o‘sish bo‘layotgan, ya’ni aholisi har yili qariyb 1 million nafarga oshayotgan mamlakatlardan. Aholining 60 foiz yoshlardir.
So‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda mahalla tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha qator strategik qadamlar tashlandi. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tashkil etildi, “Mahalla yettiligi” modeli joriy etildi. Mahallaning davlat organlari bilan institutsional uyg‘unligi ta’minlandi. Mahalla raislarining huquqiy maqomi mustahkamlandi. Byudjetli va moliyaviy mustaqillik tamoyili joriy etildi — har bir mahallaning o‘z byudjeti shakllantirildi. “Raqamli mahalla” yagona axborot platformasi orqali byurokratiya qisqartirildi. Eng muhimi, davlat boshqaruvining nomarkazlashishi amalga oshdi. Endilikda, O‘zbekistondagi barcha mahallalarda 57 mingdan ortiq “mahalla yettiligi” a’zosi faoliyat yurityapti.
Mahalla raisi – ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlaydi, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yadi, “yettilik” faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga rahbarlik qiladi. Hokim yordamchisi – aholi bandligini ta’minlaydi, “mahalla bankiri” bilan birga tadbirkorlikni rivojlantiradi. Yoshlar yetakchisi – yoshlarni faol hayotga jalb etadi, iqtidorini ro‘yobga chiqaradi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etib, muammolariga yechim topadi. Xotin-qizlar faoli sog‘lom oila, reproduktiv salomatlik va gender tenglik sohalarida faoliyat yuritadi. Profilaktika inspektori – jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlaydi, mahallalarda jinoyatchilikning oldini oladi. Soliqchi mahalla byudjetni mustahkamlash choralarini ko‘radi, aholining soliq qonunchiligiga oid huquqlarini himoya qiladi. Ijtimoiy xodim – mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, zaif qatlam vakillariga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadi va inklyuziv siyosatni olib boradi.
O‘zbekiston Prezidentining yana bir tashabbuslari bilan mahallalar iqtisodiy markazlar, biznes sub’ektlari sifatida rivojlanmoqda. Jumladan, so‘nggi 5 yilda 2 ming 600 ta mahallada o‘quv markazlari, 200 ga yaqin mahallada Yoshlar iqtisodiy zonalari, 700 ga yaqin mahallada Yoshlar tadbirkorlik markazlari barpo etilib, faoliyat yuritmoqda.
“Mahalla servis kompaniyalari” tashkil etildi. Bugungi kunda ular tozalik, ta’mirlash, xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda samarali ishlayapti. Umuman olganda, mazkur tizim orqali mahallalarda obodlik, atrof-muhit musaffoligi ta’minlanadi. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida barcha mahallalarda daraxtlar o‘tqaziladi, yashillik har bir hududga kirib boradi.
Yana bir muhim siyosiy qadamlardan biri — “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonun asosida joriy yilda mamlakatimiz bo‘ylab mahalla raislarining saylovlari demokratik tamoyillar asosida, xalqimizning faol ishtirokida, yopiq ovoz berish yo‘li bilan ochiqlik va oshkoralik muhitida tashkil etildi.
Saylovlarda qatnashgan 26 ming 334 nafar nomzod Prezident tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelgusi 5 yil davomida mahallani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor dasturlarini aholiga taqdimot qildi.
Yakunda demokratik tamoyil — yopiq ovoz berish yo‘li bilan 8 ming 852 nafar mahalla raisi 5 yil muddatga saylandi. Ular orasida ayollar – 13,5 foizni, saylangan raislarning o‘rtacha yoshi 51 yoshni tashkil etdi. Saylov orqali tashabbuskor, odamlarni ortidan ergashtira oladigan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega, fidoyi va jonkuyar raislar saylab olindi, xalqimiz ularga yuksak ishonch bildirdi.
O‘zbekistonda mahalla instituti faqat milliy model emas, balki global hamkorlikning ham muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Mahalla miqyosida shakllangan tajribalar ko‘pchilik xorijlik ekspertlarning e’tiborini tortib, O‘zbekistonga kelib, mahalla muhitida yashab ko‘rib, tahlil qilishga chorlayapti.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi — BMT, shu jumladan UNDP, UNFPA, UNICEF, KOICA kabi tashkilotlar, qator xorijiy mamlakatlar mahalliy o‘zini o‘zi boshqaruv organlari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda. Ushbu hamkorliklar orqali gender tengligi, yoshlar ishtiroki, inklyuziv siyosat, ijtimoiy xizmatlarni mahalliylashtirish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi o‘z oldiga bir qator strategik maqsadlarni belgilab olgan. Mahallalarda raqamli boshqaruvni to‘liq joriy etish, inson huquqlari va gender tengligini mahalla darajasida mustahkamlash, yoshlar va ayollar uchun imkoniyatlar yanada kengaytirish, ijtimoiy xizmatlarni standartlashtirish va mahalliylashtirish, xalqaro tashkilotlar bilan doimiy muloqot va samarali hamkorlikni rivojlantirish shular jumlasidandir.
Bugungi globallashuv davrida tinchlikni saqlash, aholi o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni kuchaytirish, bag‘rikenglik, millatlararo do‘stlik tamoyillarini qaror toptirishda mahalla o‘ziga xos institut sanaladi.
Anjuman davrida xalqaro tashkilotlar va ekspertlar jamoalari O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan amaliy va institutsional hamkorlikka da’vat etildi. Xalqaro konferensiyada ko‘plab xalqaro tashkilotlar rahbarlari tomonidan O‘zbekistondagi yangilanishlar, islohotlar alohida va yuksak e’tirof etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 02.07.2025
- Ko'rishlar: 163
- Chop etish