O'zbekiston Prezidenti Inson huquqlari bo'yicha kengash sessiyasida ilk bor nutq so'zladi

Joriy yilning 22 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida O'zbekiston ilk bor Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida ishtirok etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O'zbekistonning Kengash a'zosi sifatida ilgari surishi rejalashtirilgan ustuvor yo'nalishlar haqida nutq so'zladi.

Davlatimiz rahbarining nutqi avvalambor inson huquqlari borasida mamlakatda amalga oshirlayotgan demokratik islohotlar  hamda kelgusida amalga oshiriladigan bir qator chora-tadbirlarga qaratildi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda gender tengligi, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, yoshlar huquqlari, bola huquqlari kabi qator yo'nalishlardagi islohotlar ijobiy samaralarini bermoqda.

O'zbekistonning 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida belgilangan barcha maqsad va vazifalari aholi turmush darajasini yaxshilash va inson huquqlarini har tomonlama ta'minlash bilan chambarchas bog'liqdir.

Ayniqsa, gender tenglikni ta'minlash masalasi butun dunyoda muhim ahamiyatga ega. Shu ma'noda, O'zbekistonning milliy barqaror rivojlanish maqsalaridan biri aynan “Gender tenglikni ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” deb nomlangani bejiz emas.

Yurtimizda ayollar huquqlariga alohida e'tibor qaratilayotganini ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar natijaalarini milliy qonunchilikda o'z aksini topayotgan o'zgarishlarda ko'rish mumkin. Oxirgi 4 yilda mamlakatimizda 2 ta muhim hujjat – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar bu fikrimizni tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi tashkil etildi va faoliyat olib bormoqda. Prezidentimiz nutqida ta'kidlanganidek,  «Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat'iy davom ettiramiz».

Yana bir muhim masala: mamlakatimizda "Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida"gi qonun kuchga kirdi. Mazkur Qonunning asosiy maqsadi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashdan iborat.

Hozirgi kunda mamlakatimizda nogironligi bo'lgan 700 mingdan ortiq shaxs, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha bola hayot kechirmoqda. Yuqorida keltirilgan qonun esa mamlakatimizda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish va hayot farovonligini ta'minlashga yo'naltirilgan. 

Prezidentimiz nutqida parlament tomonidan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilinishi kutilayotganligi haqida aytildi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etildi. Har ikki taklif ham nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan.

O'zbekiston axolisini aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Shu ma'noda, Prezidentimiz joriy yilni O'zbekistonda "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustaxkamlash yili", deb e'lon qilgani bejiz emas.

O'zbekiston tomonidan Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjaxon konferentsiyasini o'tkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasi taqdim etilishi – ushbu yangi tashabbuslar ham yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo Yurtboshimizning e'tibor markazida ekanini ko'rsatadi.

Prezidentimizning Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab Oliy komissar Boshqarmasi bilan birgalikda global forum o'tkazish taklifi ham g'oyatda muhimdir. Binobarin, yurtimizda ko'plab nufuzli xalqaro ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda tajriba almashish amaliyotini qo'llagan holda, yoshlarning sifatli ta'lim olishga  bo'lgan huquqi masalasiga davlat tomonidan jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Endi ta'lim sohasi bilan bir qatorda inson huquqlari bo'yicha ta'limga ham alohida ahamiyat beriladi.

E'tibor qaratilgan masalalardan yana biri – fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qat'iy choralar ko'rishdir. Birgina 2020 yilda fuqaroligi bo'lmagan 50 ming nafar vatandoshimiz O'zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. Joriy yilda yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo'ladi. Bu ham inson huquqlari oliy qadriyat ekanligi amalda tasdig'ni topayotganini bildiradi.

Dildora Axmedova,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech