O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan tarixiy nutqi mamlakatimiz va jahon jamoatchiligi tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Yurtimizning muassasalari hamda ilmiy-ma'rifiy doiralaria bu borada turli anjumanlar bo'lib o'tmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan yaqinda Prezidentimizning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashidagi nutqida yuridik fan va amaliyot uchun belgilangan vazifalarga bag'ishlangan davra suhbati o'tazildi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yangi tashabbuslar va huquqshunoslik sohasi istiqbollari
Akmal SAIDOV, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:
– O'zbekiston ilk bor BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining a'zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan o'z vazifalarini bajarishga kirishdi. An'anaga ko'ra, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida 22-24 fevral` kunlari Jeneva shahrida bo'lib o'tgan Yuqori darajadagi segment ishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Kengashga a'zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
O'zbekiston Prezidenti o'z chiqishida mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari haqida atroflicha to'xtaldi. Nutqda parlament, huqumat, sud hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan bir qatorda yuridik soha vakillari oldida turgan inson huquqlari sohasidagi muhim vazifalar, jumladan ta'lim, odil sudlov, qiynoqlar bilan bog'liq masalalar yana bir bor aniqlashtirildi.
Yurtimizda har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunga BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qamrovdor ishlar samaralari yaqqol misol bo'la oladi.
Milliy strategiya mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo'shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish yo'llari ochiq-oydin ko'rsatilgan.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, «O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi».
Davlatimiz rahbari o'z nutqida xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari haqida batafsil to'xtaldi. Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirishimiz hamda inson huquqlari borasida hali ulkan yo'lning boshida turganimiz alohida ta'kidlandi.
Joriy yilda BMT Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganligining 10 yilligi keng nishonlanadi. Bugungi kunda BMTga a'zo 20 dan ortiq davlatning inson huquqlari sohasida ta'lim bo'yicha milliy harakatlar dasturlari qabul qilingan bo'lib, davlatlar inson huquqlari sohasidagi ta'lim masalasiga e'tiborini kuchaytirmoqda.
O'zbekiston Respublikasining BMT Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi parlament tomonidan tasdiqlangan. Ushbu Harakatlar dasturi bo'yicha “Yo'l xaritasi”da belgilangan tadbirlar izchil bajarilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida ta'lim muassasalarida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari» va «Bola huquqlari» bo'yicha o'quv kurslarini, shuningdek “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq» mutaxassisligi bo'yicha qo'shma magistratura yo'nalishini (konsortsium) joriy qilish bo'yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida «Inson huquqlari» ixtisosligi bo'yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun ilmiy kengash ish boshladi. Markazda, shuningdek Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari faoliyati yo'lga qo'yildi.
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzurida O'zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Muvofiqlashtiruvchi kengash – doimiy ravishda faoliyat yuritadigan, muhokama qiluvchi, maslahat beruvchi va muvofiqlashtiruvchi organdir.
Davlat va huquq instituti huzuridagi Muvofiqlashtiruvchi kengash ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo'nalishlarini shakllantirish va amalga oshirishning dolzarb muammolari bo'yicha tavsiyalar berish hamda tadqiqot mavzularini ishlab chiqish bilan shug'ullanadi.
O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga bundan keyin ham sodiq qoladi. Shu bilan birga, Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, «biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo'lning boshida turganimizni yaxshi tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo'llab-quvvatlashiga umid qilamiz».
Inson huquqlari himoyasi va huquqiy ta'lim sifati o'zaro bog'liq:
Murod TURG'UNOV, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori:
– Yurtboshimizning nutqida yigirmaga yaqin global, mintaqaviy va milliy darajada bajarilishi lozim bo'lgan, to'g'ridan-to'g'ri inson huquqlariga oid, o'ta dolzarb masalalar belgilangan. Ushbu nutq, avvalambor, O'zbekistonning mamlakatimizda xalq farovonligini ta'minlash, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladi.
Ayni chog'da, mazkur nutq mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qilishi va faol ilgari surishidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbari parlament, huqumat, sud hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan bir qatorda yuridik soha vakillari oldida turgan inson huquqlari sohasidagi, jumladan ta'lim, odil sudlov, qiynoqlar bo'yicha muhim vazifalarga ham e'tiborni qaratdi. Mamlakatimizda huquqshunoslik fani va amaliyoti oldida turgan qator vazifalarni belgilab berdi.
Milliy va xorijiy tajriba shuni ko'rsatadiki, inson huquqlari himoyasi, avvalambor, jamiyatda huquqiy bilim, huquqiy madaniyat va huquqiy tafakkur shakllantirilganligi hamda mamlakatdagi huquqiy ta'lim sifatiga bog'liq. Shu ma'noda, bir qator muhim omillarga e'tibor qaratish lozim.
Birinchidan, bu yil BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganligi 10 yilligi keng nishonlanadi. Hozirda 20 dan ortiq davlatning inson huquqlari sohasida ta'lim bo'yicha milliy harakatlar dasturlari qabul qilingan bo'lib, davlatlar inson huquqlari sohasidagi ta'lim masalasiga e'tiborini kuchaytirmoqda.
Ikkinchidan, O'zbekistonda parlament tomonidan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi hamda BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi amalga oshirilmoqda.
Uchinchidan, 2020 yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
To'rtinchidan, keyingi yillarda yurtimizda huquqiy sohani, yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish borasida Prezidentimizning 20 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Shu asosda, xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti «yurisprudentsiya» mutaxassisligi bo'yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo'yicha bazaviy oliy ta'lim va ilmiy-metodik muassasasi etib belgilandi. Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakul`tetlar tashkil etildi.
Davlat, huquq va siyosiy-huquqiy ta'limot sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan O'zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tashkil etildi. Uning huzurida O'zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat boshladi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida «Inson huquqlari» ixtisosligi bo'yicha Ilmiy kengash hamda Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari faoliyati yo'lga qo'yildi. «Inson huquqlari» ixtisosligi bo'yicha ilmiy darajalar beradigan bunday Kengash MDH doirasidagi biron-bir mamlakatda hali mavjud emas.
Huquqni qo'llash amaliyoti oldidagi muhim vazifalar belgilab berildi
Muzaffar MAMASIDDIQOV, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig'i o'rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor:
– O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylanishi – bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish borasida erishilgan yutuqlarimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirofi hisoblanadi.
Prezidentimizning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashidagi nutqi tom ma'noda tarixiy voqea bo'ldi. Ushbu nutqdan kelib chiqib, birinchidan, yuridik fan yo'nalishida dolzarb bo'lgan mavzularni qayta shakllantirish, ikkinchidan, hozirgi kundagi muhim mavzular bo'yicha tadqiqotlarni kuchaytirish talab etiladi.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, mamlakatimizda sud hokimiyati borasida tadqiqot ishlari yetarli emas. Masalan, qariyb 30 yil davomida «12.00.07 – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini tashkil etish va advokatura» ixtisosligi bo'yicha atigi 2 nafar fan doktori va 1 nafar falsafa doktori dissertatsiya himoya qilgan.
Yangi ixtisoslik shifrlarini ishlab chiqish masalasi ham dolzarb. Prezidentimizning nutqida Nodavlat notijorat tashkilotlari va Ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi kodekslarni qabul qilish taklifi ilgari surilganini nazarda tutsak, bugun axborot huquqi ixtisosligini tashkil etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Bundan tashqari, oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutlarini tashkil etish tartibini soddalashtirish, dissertatsiya ishlarini amalga oshiruvchi talabgorlarni oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutlariga biriktirish tartibidagi ayrim sun'iy to'siqlarni olib tashlash lozim. Doktorant va mustaqil izlanuvchilar soni ko'payib borayotgan bir paytda ilmiy rahbarlar uchun joriy qilingan cheklovlardan voz kechish kabi muhim vazifalar ham yechimini kutib turibdi.
Shu o'rinda yuridik fan sohasida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tanlovsiz moliyalashtirishga tavsiya etiladigan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tayyorlash ishlarini jadallashtirishni, vazirlik huzurida loyihalarni ilmiy ekspertizadan o'tkazadigan yuridik fanlar bo'yicha alohida Ilmiy-texnik kengash tashkil etishni taklif qilamiz.
Bundan ko'zlangan maqsad davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida nazarda tutilgan vazifalarni samarali amalga oshirish, ularning huquqiy asoslarini shakllantirish va takomillashtirishdan iboratdir.
“Hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili – amalda
Jumanazar XOLMO'MINOV, Termiz davlat universiteti Yuridik fakul`teti dekani, yuridik fanlar doktori, professor:
– Yurtboshimiz nutqida O'zbekistonda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va BMT Kengashi doirasidagi faoliyatning ustuvor yo'nalishlari ko'rsatib o'tilgani g'oyat ahamiyatlidir.
Birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash O'zbekistondagi islohotlarda eng muhim o'rinda turishiga alohida e'tibor qaratildi. Bunda 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni ko'zda tutadigan “hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishi o'ta muhim hisoblandi.
Ikkinchidan, gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga oid ishlar xalqaro andozalarga mos ekani ta'kidlanib, bu boradagi ishlar qat'iy davom ettirilishiga alohida e'tibor qaratildi.
Uchinchidan, yurtimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risidagi yangi qonun kuchga kirganligi va O'zbekiston parlamenti bu sohada Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishi kutilayotgani qayd etildi.
To'rtinchidan, aholimizning yarmidan ko'pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e'tibor markazida bo'lib kelayotganiga urg'u berildi. Bu borada 2021 yil O'zbekistonda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingani diqqatga molikdir.
Beshinchidan, Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha katta ishlar amalga oshirilgani ta'kidlandi. Bu yil, ya'ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida O'zbekistonda “Bolalar Ombudsmani to'g'risida”gi qonunni qabul qilish lozimligi ko'rsatib o'tildi.
Oltinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab Oliy komissar Boshqarmasi bilan birga global forum o'tkazish taklif etilgani xalqaro ahamiyatga ega tashabbusdir.
Yettinchidan, Yurtboshimiz BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qat'iy choralar ko'rish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatlashini bildirdi. O'tgan yilning o'zida 50 ming nafar vatandoshimiz O'zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganligi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo'lishi mumkinligi e'tirof etildi.
Ichki ishlar organlari – inson huquqlarini himoya qilish garovi
Olimjon MATCHANOV, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Inson huquqlari nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori:
– BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi minbarida Prezidentimiz ilgari surgan yangi tashabuslarning barchasi mamlakatimiz hayotining har bir sohasida inson huquqlarini ta'minlash, inson manfaatlarini himoya qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini va bu ezgu faoliyatning bardavomligini yaqqol namoyon etdi.
Mazkur nutqdan kelib chiqqan holda, ichki ishlar va boshqa davlat organlari inson huquqlarini himoya qilish kafolati yo'lida o'z kasbiy faoliyatiga oid yanada muhim maqsad-vazifalarni belgilab oldi.
Bugungi kunda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo'yicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan.
Bu tizimda ichki ishlar organlari muhim o'rin egallashi bizga katta mas'uliyat yuklaydi.
Inson huquqlari – xalqaro, mintaqaviy va milliy qadriyatlar uyg'unligi timsoli
Haydarali YUNUSOV, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti YUNESKOning “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi mudiri, yuridik fanlar nomzodi:
– O'zbekiston Prezidentining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida inson huquqlari sohasida xalqaro va milliy mexanizmlar uyg'unligiga katta e'tibor qaratilgan.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining qisqa va lo'nda chiqishida inson huquqlari sohasiga oid bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlar qayd etilgani bejiz emas. Mazkur hujjatlar inson huquqlarining allaqachon milliy huquq chegarasidan chiqib, xalqaro huquq qadriyatiga aylanganini tasdiqlaydi.
Yurtboshimizning Osiyo qit'asining inson huquqlari bo'yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko'rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasidagi tashabbusi inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquq tizimida ulkan inqilobiy o'zgarish yasaydi, degan fikrdamiz. Chunki, ijtimoiy-madaniy sohada chuqur xilma-xillikni o'zida mujassam etgan Osiyo qit'asida inson huquqlari bo'yicha samarali faoliyat ko'rsatuvchi mintaqaviy mexanizm shu kunga qadar yaratilmagan.
Markaziy Osiyo, ayniqsa, O'zbekiston tarixan ming yilliklar davomida mana shunday rang-baranglik va madaniy xilma-xilliklar uchun betakror maskan bo'lib kelmoqda. Shu bois yurtimiz madaniy rang-barangligini tarannum etuvchi Samarqand forumi Osiyo mintaqaviy mexanizmi uchun negiz bo'lib xizmat qilishi aniq.
Yuridik fanlar oldida turgan inson huquqlari ta'limi bilan bog'liq masalaga to'xtalsak, inson huquqlarini madaniy xilma-xillik nuqtai nazaridan o'rganish maqsadga muvofiqdir. Jamiyatdagi inson huquqlariga oid qarashlar va yondashuvlar hamda ularga mos keluvchi yuridik mexanizmlar madaniyat, urf-odatlar va ko'p yillik an'analar bilan chambarchas bog'liq.
G'arbiy yarim shardan farqli o'laroq, Osiyo va Afrika mintaqalarida madaniy urf-odat va an'analarning ta'siri baland. Shu ma'noda, inson huquqlari ta'limi qiyosiy-madaniy yondashuvlar negizida o'qitilganda uning mohiyati yanada yaqqol namoyon bo'ladi.
Inson huquqlarini rivojlantirish – bosh maqsadimiz
Rahmatulla MIRZAEV, Samarqand davlat universiteti Yuridik fakul`teti dekani, dotsent:
– Yaqin tariximizda jahon hamjamiyati tomonidan, Inson huquqlari borasida O'zbekistonga keskin e'tiroz va ishonchsizlik mavjud edi. Lekin o'tgan to'rt yil davomida mamlakatimiz insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash va himoya qilish borasida tarixiy yo'lni bosib o'tdi.
O'zbekiston bosqichma-bosqich gender siyosatida muvozanatni saqlash, alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlash, yoshlar huquqlarini himoya qilish, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish, so'z erkinligini ta'minlash, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etishgacha bo'lgan mashaqqatli va og'ir yo'lni bosib o'tdi.
Prezidentimiz o'z nutqida ta'kidlaganidek, bugun O'zbekiston inson huquqlari borasida barcha uchun ochiq. Chunki inson huquqlari mamlakatda bosh maqsadga aylandi. Inson huquqlarining buzilishi bilan bog'liq har qanday hodisa butun jamiyatda aks-sado bera boshladi. Befarqlik, loqaydlik barham topdi.
Jamoatchilik nazorati instituti shakllandi. OAV o'rni va mavqei kun sayin ortib bormoqda. Natijada biror bir voqea-hodisa xalqimizning e'tiboridan chetda qolmayapti.
Ushbu tarixiy nutq eng avvalo biz, huquqshunoslar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Shuning uchun juda qisqa davrda inson huquqlari borasida qo'lga kiritgan yutuqlarimizni keng xalq ommasiga yetkazish maqsadida targ'ibotchilar guruhini shakllantiramiz.
Nutqda belgilangan vazifalarning ijrosi borasida amaliy taklif va tavsiyalar tayyorlamoqdamiz. Yoshlar huquqi masalasiga bag'ishlab xorijlik hamkorlarimiz bilan xalqaro anjuman o'tkazishga hozirlik ko'rayapmiz.
Barcha islohotlar taqdirini belgilovchi huquqshunos mutaxassislar tayyorlashning sifat va samaradorligiga alohida ahamiyat qaratish nihoyatda muhimdir. Shu bilan birga, aholining huquqiy bilimlarini oshirish borasida zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda maxsus dastur ishlab chiqmoqdamiz.
Insonlar teng bo'lib tug'iladilar
Bahriddin TALAPOV, Namangan davlat universiteti Yuridik fakul`teti dekani:
– Jahon miqiyosida gender tenglikni ta'minlash borasida keng ko'lamli huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo'lib, ularni amalga oshirish bo'yicha e'tiborli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, bugungi kunda ham dunyo bo'yicha gender tenglikni ta'minlash masalasi dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida O'zbekiston birinchilardan bo'lib ayollarga erkaklar bilan teng imkoniyatlar berish borasidagi xalqaro hujjatlarni imzolagan. Jumladan, mamlakatimiz parlamenti 1995 yili Ayollarga nisbatan barcha turdagi tazyiqlarni tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qildi. Ushbu xalqaro hujjatning mazmun-mohiyati ko'plab milliy qonunchilik hujjatlarida o'z aksini topdi.
Ayniqsa, so'nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarning hayotini yaxshilash, muammolarini hal qilish, iqtidori va imkoniyatlarini ko'rsatishlari uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e'tibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta o'zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugungi kunda turli ta'lim dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning gender xabardorligini oshirishga ko'maklashish, jinslardan birining ustunligi g'oyasiga asoslangan noto'g'ri tasavvurlardan xoli o'quv adabiyotlarini tayyorlash va chop etish, gender siyosati amalga oshirilishini ta'minlash masalalari bo'yicha aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan axborot-ma'rifiy tadbirlarni tashkil etish kabi faoliyat yo'nalishlarida ko'plab ishlar oldimizda turibdi.
Inson huquqlari bo'yicha ta'lim – inson huquqlarini ta'minlashning muhim tarkibiy qismi
Gavhar YULDASHEVA, Toshkent davlat yuridik universiteti professori:
– Davlatimiz rahbari o'z nutqida Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab Oliy komissar Boshqarmasi bilan birgalikda global forum o'tkazishni taklif qilgani haqida fikr yuritganda, mazkur Deklaratsiya inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqni rivojlantirish sohasida muhim voqea bo'lganini alohida ta'kidlash o'rinlidir. Ushbu xalqaro hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun O'zbekiston oldida bir qator vazifalar turibdi.
Bugungi kunda avvalo inson huquqlari sohasida ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga e'tibor qaratishimiz kerak. Inson huquqlari sohasidagi ta'limni tizimli va uzviy ravishda amalga oshirish taqozo etiladi.
Qolaversa, huquqni muhofaza qilish bilan bevosita shug'ullanadigan mansabdor shaxslar, ya'ni sud`yalar, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim juda muhim.
Ushbu muassasalarning barchasida inson huquqlari bo'yicha ta'limni amalga oshirish uchun o'qituvchilar, oliy ta'lim muassasalari o'qituvchilari va ta'lim sohasidagi boshqa mutaxassislar, ularni tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug'ullanuvchi shaxslar inson huquqlari bo'yicha ta'limni bilishi va unga sodiq bo'lishi kerak.
Inson huquqlari bo'yicha ta'lim dasturlari asosiy manfaatdor tomonlar, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari bilan kelishilgan holda va yoshlarning bevosita va bilvosita ishtirokida ishlab chiqilishi zarur.
Inson huquqlari bo'yicha ta'limning uzviy monitoringini joriy etish juda zarur. Mamlakatimiz viloyatlarida sotsiologik so'rov o'tkazish, anketa so'rovnomalari orqali ma'lumot to'plash, shu bilan birga, Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta'lim muassasalarida xalqaro gumanitar huquqni o'qitishga alohida e'tibor qaratish lozim.
Shu bilan birga, ta'lim resurslari – o'qituvchilar uchun qo'llanmalar, darsliklar, o'quv-uslubiy qo'llanmalar, videofil`mlar, shuningdek audiovizual, badiiy va boshqa qo'llab-quvvatlovchi materiallarga e'tiborni kuchaytirish darkor.
Davra suhbatini G'ulom Mirzo yozib oldi
- Qo'shildi: 11.03.2021
- Ko'rishlar: 4578
- Chop etish