Joriy yilning 21 may kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman), Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili, Inson uquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida “O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila a'zolari" mavzusidagi O'zbekiston – Rossiya forumi bo'lib o'tdi.
Ma'lumki, bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish, uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish har bir mamlakat oldida turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi. Migratsiya masalalari, ayniqsa, oxirgi o'n yillikda jahon hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgan mintaqaviy va mahalliy nizolar, ishsizlik, qashshoqlik kabi muammolar zamirida yanada ahamiyatli bo'lib bormoqda. BMT ma'lumotlariga ko'ra, hozirgi vaqtda dunyoda 250 milliondan ortiq shaxs migratsiya jarayonlarining ishtirokchisi hisoblanadi.
Mamlakatimizda migrantlar huquqlarini kafolatlash yuzasidan qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish maqsadida 10 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, 2020 yil sentyabr` oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini takomillashtirish, chet elda ishlashni istagan shaxslarni o'qitish, chet elda bo'lish paytida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ish bilan ta'minlash, shuningdek qaytib kelgan mehnat muhojirlari, ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qarori qabul qilindi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida jamiyat, davlat va inson manfaatlariga daxldor migratsiya masalalarini hal etish, sohadagi munosabatlarning barqarorligini ta'minlash, migrantlar huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni nazarda tutuvchi “Mehnat migratsiyasi to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
O'zbekiston va Rossiya o'rtasida ishchi kuchi harakatlanishi jarayonini tartibga solish bo'yicha bir qator hukumatlararo bitimlar amal qiladi. Ayniqsa, yurtimiz fuqarolarini Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan tarzda ishga yollash va jalb qilish ishlari ustuvor ahamiyatga ega.
Bunda asosiy e'tibor xorijiy ish beruvchilarning mehnat sharoitlari va ish haqi, ijtimoiy paket va boshqa muhim mezonlar ko'rsatilgan oldindan beriladigan buyurtmalari asosida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan tarzda yollash va jalb qilishga har tomonlama ko'maklashishga yo'naltirilgan. Shu maqsadda 2017 yildan boshlab ikki davlatning mehnat vazirlari boshchiligidagi O'zbekiston – Rossiya ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.
Forumda so'zga chiqqan Rossiya tomoni vakillari O'zbekistonda mehnat migratsiyasi ishtirokchilarining huquqlarini kafolatlash bo'yicha O'zbekiston Prezidenti boshchiligida amalga oshirilgan islohotlarni ijobiy baholadilar. Pandemiya davrida davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik natijasida mamlakatimiz fuqarolarini tashkillashtirilgan holda Rossiyada ishga jalb qilish, xususan, mamlakat hududiga kirish va ishlash uchun ruxsat olish, mehnat migrantlarini tashkillashtirilgan holda jo'natish bo'yicha samarali ishlar amalga oshirilgani alohida qayd etildi.
O'zbekiston tomoni mutaxassislari esa davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida O'zbekistonda migratsiya masalalariga munosabat tubdan o'zgarganligiga e'tiborni qaratdi. Shuningdek, migrantlar huquqlarini himoya qilish borasida mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar hamda O'zbekiston va Rossiya Ombudsmanlarining o'zaro hamkorligi haqida fikr yuritdilar.
Xalqaro forum davomida mehnat migratsiyasi sohasini takomillashtirish va O'zbekiston-Rossiya hamkorligini yanada rivojlantirish, migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilish sohasidagi zamonaviy tendentsiyalar muhokama qilindi hamda mehnat migrantlari huquqlarini ta'minlash mexanizmini takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqildi. Har ikki tomon migratsiya sohasida yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.05.2021
- Ko'rishlar: 4098
- Chop etish