Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim voqea hisoblanadi. BMT kabi nufuzli minbardan nutq so‘zlash mamlakatimizga o‘z pozitsiyasi va global tashabbuslarini jahon hamjamiyatiga yetkazish imkonini beradi.
Bugungi kunda Xalqaro valyuta fondi ma’lumotiga ko‘ra, jahon iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 113,8 trillion dollaridan ortiqni tashkil etadi. Buning katta qismi rivojlangan mamlakatlar ulushiga to‘g‘ri keladi – AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya va Janubiy Koreya jahon YAIMning salmoqli qismini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, rivojlanayotgan mamlakatlar ulushi ham tobora ortib bormoqda, ular iqtisodiy o‘sish sur’atlari va demografik salohiyati bilan global iqtisodiyotda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq, jahonda iqtisodiy rivojlanishda katta tafovut saqlanib qolmoqda.
Rivojlangan mamlakatlarda bir kishi hissasiga to‘g‘ri keladigan YAIM o‘rtacha 40–60 ming dollardan ortiq bo‘lsa, rivojlanayotgan davlatlarda bu ko‘rsatkich ko‘pincha 5–10 ming dollar atrofida qolmoqda. Shu bois BMT va xalqaro institutlar tomonidan rivojlanayotgan davlatlarga iqtisodiy va texnik yordam ko‘rsatish, investitsiyalar jalb etish, ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash muhim yo‘nalish sifatida belgilangan.
O‘zbekistonning BMTdagi ishtiroki ana shu global manzarada juda muhim. Davlatimiz rahbari nutqida Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) alohida o‘rin tutishi tabiiy. Jumladan, munosib ish va iqtisodiy o‘sish – O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratish, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshirishga alohida e’tibor berilishi kutilmoqda.
Tengsizlikni qisqartirish: global iqtisodiyotda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi farqni qisqartirish yo‘nalishida sheriklik, iqlim o‘zgarishiga qarshi chora-tadbirlar, masalan, Orol muammosi kabi global ahamiyatga ega ekomuammolarni bartaraf etish ham asosiy maqsadlarimizdandir.
Shuningdek, rivojlanayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston xalqaro yordam va sheriklik dasturlaridan faol foydalanib, o‘z iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga intilmoqda. Prezidentning BMT minbaridan ilgari suradigan tashabbuslari mamlakatimizning nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy tizimda ham ishonchli hamkor ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Shu bois ushbu tashrifni O‘zbekiston uchun xalqaro nufuzni oshirish, jahon iqtisodiyotida munosib o‘rin egallash va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholash mumkin.
Sulxiya GAZIEVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti
Barqaror iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari.
O‘zA
- Qo'shildi: 22.09.2025
- Ko'rishlar: 57
- Chop etish